Линклар

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 23 sentabrda moliyaviy piramida qurganlarga nisbatan jazoni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.

Oradan bir kun o‘tib kuchga kirgan yangi qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni jalb etish bo‘yicha noqonuniy faoliyat yuritganlar bundan buyon eng kam ish haqining 100 baravari miqdorida jarimaga tortilishdan boshlab 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

O‘zbekiston jinoyat kodeksining 188 moddasi - "noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan juda ko‘p miqdordagi nazorat qilinmaydigan daromad olgan holda amalga oshirish" - eng kam oylik ish haqining 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorida jarimani yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikni mahrum qilish bilan jazolashni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining yangi 188 moddasi 1-bandiga ko‘ra, foiz evaziga jismoniy va yuridik shaxslarning puli yoki boshqa mol-mulkini olgan, ulardan foydalangan yoki moliyaviy faoliyatga rahbarlik qilganlar eng kam ish haqining 100 dan 300 barobarigacha miqdoridagi jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlariga hukm etilishi yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Agarda moliyaviy piramida takroran yoki xavfli jinoyatchi tomonidan matbuot, internet yoki telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalangan holda barpo etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining 300 dan 500 barobarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga hukm etilishi yoda 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Moliyaviy piramida o‘ta yirik miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston hukumatidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, yangi qonun zamirida mamlakatda moliyaviy piramidalarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadi yotibdi.

Qonun O‘zbekistonda eng yirik moliyaviy piramida qurgani ishonilgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboev hibsga olinganidan uch oydan ko‘proq vaqt o‘tib kuchga kirdi.

Xalq orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan 38 yoshli tadbirkor yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan odamlardan omonat olish bilan shug‘ullanib kelgan.

16 iyunь kuni O‘zbekistondagi telekanallar Ahmad Tursunboevning uyi tintuv kilinib, 7,9 million dollar va ichi oltin buyumlar bilan to‘la sumkalar musodara qilinganini ko‘rsatib, “Tursunboevga pul berganlar soni 40 mingdan oshiq" ekanini ta’kidlagan edi.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar etkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

O‘zbekiston televideniesi namoyish etgan maxsus ko‘rsatuvda Ahmad Tursunboev o‘z "qilmishi"ga iqror bo‘lgan va buning uchun xalqdan kechirim so‘ragan edi.

XS
SM
MD
LG