Линклар

24 sentabrdan boshlab “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida” 1992 yili qabul qilingan qonunga kiritilgan yangi o‘zgartish kuchga kirdi.

Unga ko‘ra¸ qonunning “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yo‘qotilishi”ga oid 21-moddasiga “agar shaxs chet davlatning fuqaroligini olgan bo‘lsa”, degan qo‘shimcha kiritildi.

Ozodlik muxbiri bu o‘zgartish ijrosi qanday bo‘lishini aniqlashtirish maqsadida 26 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Yevropa va Osiyodagi qator konsullik bo‘limlariga murojaat qildi.

Qonun kuchga kirdi¸ ammo yo‘riqnoma hali yo‘q

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek diplomatlari qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartish 24 sentabrdan boshlab kuchga kirganiga qaramay¸ hozircha qonunning o‘zini ham, uning ijrosiga oid qo‘llanmani ham Toshkentdan rasman olmaganlarini bildirdilar.

Bir haftalardan keyin telefon qilsangiz¸ balki aniq gap aytarmiz. Hozircha o‘zimiz ham hech narsa bilmaymiz

"Bir haftalardan keyin telefon qilsangiz¸ balki aniq gap aytarmiz. Hozircha o‘zimiz ham hech narsa bilmaymiz"¸ deb javob qilishdi bir emas¸ bir necha davlatdagi O‘zbekiston konsulligi xodimlari.

"O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi 24 yillik qonunning 21-moddasiga kiritilgan “agar shaxs chet davlatning fuqaroligini olgan bo‘lsa” O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotishi mumkin¸ degan qo‘shimchaning qanday ijro etilishiga oid savollarga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi "Fuqarolik" bo‘limi rasmiylari ham aniq javob bera olmadilar.

TIV: Yo O‘zbekiston¸ yoki xorij fuqaroligidan birini tanlaysiz endi!

"O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga izoh berishni so‘rab¸ Ozodlik muxbiri O‘zbekiston fuqarosi sifatida ​O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) Konsullik boshqarmasiga murojaat qildi. Bir qator urinishlardan so‘ng bu masalada "ytakchi mutaxassis" sifatida ulab berilgan rasmiy gapni O‘zbekiston Konstitutsiyasi va fuqarolik haqidagi qonuniga ko‘ra¸ chet davlat fuqaroligini olishning noqonuniy ekanini ta’kidlashdan boshladi.

Biz (O‘zbekiston) ikkinchi fuqarolikni tan olmaymiz.

"Biz (O‘zbekiston) ikkinchi fuqarolikni tan olmaymiz. Qonunga ko‘ra¸ siz ikki fuqarolikdan bittasini tanlashingiz¸ biridan voz kechishingiz kerak – yo uni¸ yo buni. Boshqa davlat fuqaroligini olganingiz haqida bizga informatsiya kelsa¸ sizni O‘zbekiston fuqaroligidan avtomatik ravishda mahrum qilamiz"¸ dedi O‘zbekiston TIV Konsullik boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mutaxassisi.

"Yo o‘z ixtiyoringiz bilan aytasiz¸ yoki biz o‘z kanallarimiz orqali aniqlaymiz"

Ayni suhbatdosh ta’kidicha¸ qonunning 21-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra¸ bundan buyog‘iga O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarining boshqa davlatlardan fuqarolik olgan-olmaganini aniqlash jarayonini boshlaydi.

"Biz endi sizdan (O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish haqida ariza) talab ham qilib o‘tirmaymiz. Boshqa davlat fuqaroligini olganingiz haqida bizga informatsiya kelsa¸ sizni O‘zbekiston fuqaroligidan avtomatik ravishda mahrum qilamiz. Bizga sizda boshqa fuqarolik borligi haqida informatsiya kelishi bilan¸ biz sizni komissiyaga beramiz va komissiya qarori bilan siz O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum etilasiz.

Hamma davlatlarga bizning elchixonalar tomonidan nota yuborildi. "Agar O‘zbekiston fuqarolari sizning davlat fuqaroligini qabul qilgan bo‘lsa¸ bu haqda bizga xabar qilinsin"¸ degan xat qilingan.

Hamma davlatlarga bizning elchixonalar tomonidan nota yuborildi. "Agar O‘zbekiston fuqarolari sizning davlat fuqaroligini qabul qilgan bo‘lsa¸ bu haqda bizga xabar qilinsin"¸ degan xat qilingan. Ko‘p davlatlar bunaqa informatsiyani bermaydi¸ chunki ularda shaxsga oid ma’lumot himoyalangan. Lekin ko‘p davlatlarda shu odam bizning davlat fuqaroligini qabul qildi¸ degan ma’lumot beriladi. Bu odamlarni biz olamizda¸ bundan buyog‘iga utrataga (yo‘qotish, fuqarolikni yo‘qotish - tahr.) qo‘yib yuboramiz"¸ dedi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mutaxassisi.

Fuqarolikdan mahrum qilingan o‘zbekistonliklarning mol-mulkiga nima bo‘ladi?

"O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunning "O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxsning chet davlat fuqaroligiga mansubligi tan olinmaydi", degan 10-moddasi hozirga qadar oddiy o‘zbekistonliklar tomonidan chet davlat fuqaroligini olish "noqonuniy emas" degan mazmunda talqin etib kelindi. Oqibatda¸ yuz minglab o‘zbekistonlik O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechmagan holda¸ ikkinchi davlat fuqaroligini oldi. Masalan¸ rasmiy manbalarga ko‘ra¸ birgina 2014 yili Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklar soni 50 mingdan ko‘proqni tashkil etadi.

Aksariyati o‘z tarixiy vataniga ertami-kechmi qaytish niyatida ikkinchi davlat fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklar yillar davomida O‘zbekistonga sarmoya kiritib¸ ko‘chmas mulk sotib oldi¸ uy-joy qurdi.

Agar ikkinchi davlat fuqaroligining mavjudligi O‘zbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda yo‘qotishni anglatsa¸ ikki fuqaroligi bor yuz minglab shaxsning O‘zbekistondagi mol-mulki¸ uy-joyi nima bo‘ladi?

O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishingiz bilan¸ nomingizdagi uy-joy¸ kvartirangizdan avtomatik tarzda mahrum bo‘lasiz.

"O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishingiz bilan¸ nomingizdagi uy-joy¸ kvartirangizdan avtomatik tarzda mahrum bo‘lasiz. Bunaqa niyat bo‘lsa (O‘zbekistonga qaytish - tahr.)¸ boshqa davlat fuqaroligini olmaslik kerak edi! Bu narsani oldinroq o‘ylab ko‘rish kerak edi, to‘g‘risi"¸ dedi O‘zbekiston TIV Konsullik boshqarmasi mutaxassisi.

"Saylovlar o‘tguncha¸ kutib turing!"

24 sentabrdan boshlab yangi tahrirda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi¸ uning ijro va oqibatlari haqida aniq va batafsil ma’lumot olish uchun Ozodlik kunning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning xorijdagi konsulliklari bilan bog‘lanish urinishlarini davom ettirdi.

Bu mavzudagi so‘nggi suhbatdoshlardan biri - O‘zbekistonning Osiyo davlatlaridagi konsulliklaridan biri xodimi ham mazkur jarayon ijrosiga oid aniq yo‘riqnoma yo‘qligini ayta turib¸ suhbatni quyidagicha yakunladi.

Bizga Toshkentdan kim shu masalada qo‘ng‘iroq qilsa¸ "prezident saylovlaridan keyin bog‘lanib ko‘ring"¸ deb javob berishni aytishdi.

"Bizga Toshkentdan kim shu masalada qo‘ng‘iroq qilsa¸ "prezident saylovlaridan keyin bog‘lanib ko‘ring"¸ deb javob berishni aytishdi. Boshqa davlat fuqaroligini olganlarning O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinish-qilinmasligi faqat 4 dekabrdan keyin aniq bo‘ladi. Siz ham saylovlar o‘tganidan keyin telefon qiling¸ aniq gap chiqib qolar ungacha"¸dedi O‘zbekistonning xorijdagi konsulligi rasmiysi.

Ozodlik bu bu jarayonni kelgusida yaqindan kuzatishda davom etadi.

Jarayonga oydinlik kirituvchi ma’lumotlarni Siz ham Ozodlikka yo‘llashingiz mumkin. Buning uchun "sharh" katagida o‘z bilganlaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG