Линклар

"O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"​gi qonunga 24 sentabrdan boshlab o‘zgartishlar kiritilgani o‘z mamlakatidan tashqarida yashayotgan yuz minglab o‘zbekistonliklarni, ayniqsa, o‘zi yashab turgan mamlakat fuqaroligiga ham o‘tib olganlarni qiziqtirishi va balki, tashvishga solishi tabiiy. Chunki qonunning yangi talabiga binoan chet davlat fuqaroligiga o‘tgan shaxs "O‘zbekiston fuqarosi", degan maqomini avtomatik tarzda yo‘qotadi.

Bas, shunday ekan, fuqarolikni yo‘qotish tahdidi ostida qolganlar qancha? Bu savolga dunyoning barcha mamlakatlari bo‘yicha javob topish mushkul, biroq Ozodlik Rossiya bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi.

Shu yilning yanvarida Rossiya parlamenti spikeri Sergey Narishkin 2015 yilda Rossiya migrantlarni qabul qilish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqqanini to‘g‘risida bayonot bergan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga binoan, 2003-2015 yillarda Rossiya Federatsiyasi grajdanligini olgan xorijliklar soni 8 milliondan ortgan.

Rossiyaning migratsiya va grajdanlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi qator idoralaridan Rossiya grajdanligiga o‘tgan o‘zbekistonliklarga oid aniq statistik ma’lumotlar olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Rossiyadagi ”Oliy iqtisodiyot maktabi” milliy tadqiqot universiteti e’lon qilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 1992-2013 yillarda O‘zbekistondan ketib, Rossiya vatandoshligiga o‘tganlar soni 1 million 242 ming kishidan oshadi. Bu raqamlarga fuqarolikni osonlashtirilgan va umumiy tartibda olgan o‘zbekistonliklar kirishi aytilgan.

1 mln. 242 ming kishining qanchasi o‘z ixtiyori bilan O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechgani (kechmoqchi ekani) ma’lum emas.

Rossiyadagi muhojirlar muammolari bilan yillar davomida shug‘ullanib kelayotgan Moskvadagi “Tong Jahoni” (tashkilot nomi aynan shunday - o‘zbekcha - tahr.) nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Valentina Chupikning Ozodlikka aytishicha, 2014 yilda 50 ming o‘zbekistonlik Rossiya grajdanligiga o‘tgan.

Chupikka ko‘ra, "Rossiya grajdanligiga o‘tganlarning asosiy qismini rus tilida so‘zlashuvchilar tashkil etadi".

2015 yilda Rossiya o‘zbekistonliklarga kvota asosida grajdanlik berishni deyarli to‘xtatgan.​

Rossiya Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Federal migratsiya departamentining grajdanlik masalalari bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova o‘zbekistonliklarga Rossiya grajdanligini berishning umumiy tartibini jurnalistlar oldida qilgan chiqishida tushuntirgan edi:

"Turmush o‘rtog‘i rossiyalik emas, 2002 yil 1 iyuldan keyin Rossiyada oliy o‘quv yurtini bitirmagan, Rossiyada tug‘ilmagan yoki ota-onasi rossiyalik bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarosi “osonlashtirilgan” tartibda Rossiya grajdanligiga o‘ta olmaydi. Pasport olish uchun u vaqtinchalik yashash hujjati bilan 5 yil Rossiyada yashashi shart", degan edi Valentina Kazakova.

O‘zbekistonlik Iroda bundan ikki yil oldin Rossiya pasportini olgani va shuning uchun ham O‘zbekistonga borishga qo‘rqib turgani to‘g‘risida Ozodlikka kuni kecha bunday shikoyat qilgan edi:

- Rossiya grajdanligini olgan tanishlarimni, necha marta O‘zbekistonga borgan bo‘lsa, shuncha marta aeroport bojxonasida soatlab ushlab o‘tirishar ekan, kirishdayam, chiqishdayam muammo ekan. Ular “Nega O‘zbekiston fuqaroligidan otkaz qilding?”, deb yana ichki ishlarga suhbatga chaqirilar ekan. Xullas, borishga ikkilanib turibman, dedi Iroda.

"O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan va 24 sentabrdan boshlab kuchga kirgan o‘zgartishlar amal qila boshlasa, Iroda va u kabi Rossiya grajdanligini qabul qilgan yuz minglab O‘zbekiston fuqarosi avtomatik tarzda O‘zbekistonning sobiq fuqarosiga aylanadi.

24 sentabrdan kuchga kirgan o‘zgarishlarga muvofiq xorij davlat vatandoshligini olgan har bir shaxs 30 kun ichida bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yoki xorijdagi konsullik idoralarini xabardor qilishi kerak.

XS
SM
MD
LG