Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:22

"O‘zbekiston Mehnat vazirligining bayonoti ko‘zbo‘yamachilik"


O‘zbekiston Mehnat vazirligi rasmiy bayonot tarqatib, paxta terimida bolalar mehnati hamda majburiy mehnatdan foydalanish mamlakat qonunlariga va Xalqaro Mehnat Tashkiloti konventsiyasiga zid kelishidan ogohlantirdi. Ammo shunga qaramay O‘zbekiston hududlarida byudjet sohasi vakillarini paxta terimiga majburiy jalb etish jarayoni davom etmoqda.

Mehnat vazirligi rasmiy saytida 26 sentyabrь kuni e’lon qilingan bayonotda: “O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Majburiy yoki bajarilishi shart bo‘lgan mehnat to‘g‘risida” (№29) va “Majburiy mehnatga barham berish to‘g‘risida” (№105), “Ishga qabul qilishning minimal yoshi to‘g‘risida” (№138) va “Bolalar mehnatining eng mudhish ko‘rinishlariga barham berish va taqiqlash to‘g‘risida” (№182”gi konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Aytib o‘tilgan konvensiyalarda belgilangan me’yorlarga asosan milliy qonunchilikda 18 yoshga yetmaganlarni majburiy mehnatga hamda sog‘liqqa zarar yetkazuvchi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Mehnat vazirligi rasmiy saytida joylashtirilgan plakatda o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari aks ettirilgan. Plakatda har bir shaxs “qo‘shimcha shartlarsiz terimdan bosh tortishga haqli. Huquqlaringiz buzilgan taqdirda ishonch telefonlariga murojaat qiling”, degan so‘zlar yozilgan. Plakat ostiga esa katta shriftlar bilan vazirlikning ishonch telefonlari ko‘rsatilgan. Bu plakat O‘zbekiston Mehnat vazirligi hamda Kasaba uyushmalari hamkorligida tayyorlangani qayd etilgan.

Biroq Ozodlik radiosi muxbirining ko‘rsatilgan ishonch telefonlari bilan bogg‘lanish harakati samara bermadi.O‘zbekiston kasaba uyushmalari ishonch telefonini ham hech kim ko‘targani yo‘q.

O‘zbekistonda paxta terimiga majburiy jalb qilinish ko‘lamini o‘rganayotgan toshkentlik huquq faoli Malohat Eshonqulova mehnat vazirligi tomonidan berilgan bu bayonotni “ko‘zbo‘yamachilik” sifatida talqin qiladi.

Unga ko‘ra, o‘tgan yilgi paxta mavsumida ham mana shunday bayonotlar berilgan, ammo shunga qaramay byudjet sohasi vakillari paxta terimiga majburiy jalb etilgan, ularning kafolatlangan huquqlarini himoya qila oluvchi davlat tashkiloti bo‘lmagan.

-2015 yilgi paxta mavsumida ham Mehnat vazirligi huddi shunday bannerlarni chiqargan, murojaatlarni qilgan edi.Lekin bu shunchaki xo‘jako‘rsinga qilingan harakat bo‘ldi. Mana shu soxtakorlik joriy yilda ham davom etayapti. Masalan, ishonch telefonlariga telefon qilsangiz hech kim javob bermaydi. Qayta-qayta telefon qilsangiz o‘lgani kunidan telefonni ko‘tarishi mumkin, lekin bundan hech qanday natija chiqmaydi. Chunki majburiy mehnatga jalb qilish respublikaning eng yuqori tashkilotidan berilgan buyruq. Quyi tabaqadagilar bu buyruqqa qanday qarshi chiqishi mumkin? Bu Jahon bagnki va boshqa xalqaro tashkilotlarni chalg‘itish uchungina qilinayotgan ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas, -dedi Malohat Eshonqulova.

Xyuman Rayts Uotch xalqaro tashkiloti 2016 yil uchun yoyinlangan hisobotida“O‘zbekiston hukumati tomonidan katta yoshdagilarni paxta yig‘im terimiga majburiy jalb qilish keng tarqalgan ko‘rinish bo‘lib qolmoqda”, deb bildirgan edi.

Boshqa xalqaro tashkilotlar ham ko‘p yillardan beri O‘zbekiston hukumatini paxta terimiga odamlarni majburan jalb qilayotganini tanqid qilib keladi.

Joriy yilda ham O‘zbekistonda vatandoshlarni majburiy tarzda paxta terimiga olib chiqish an’anasi davom ettirilmoqda. Ozodlikka yetib kelgan xabarlarga qaraganda, Toshkent bozorlaridagi savdogarlarga 1 million so‘mgacha bo‘lgan miqdora “paxta solig‘i” solinmoqda. Bunday soliqlar bir qator maktablar va oliygohlarda ham yig‘ilayotgani aytilmoqda.

Bosh qarorgohi Avstraliyada joylashgan Walk Free Foundation xalqaro tashkilotining 2016 yil iyunida e’lon qilingan “Global qullik indeksi” " (Global Slavery Index) deb nomlangan hisobotida O‘zbekiston 167 davlat orasida beshinchi o‘ringa qo‘yilgan edi. O‘zbekistonning "sharmandali beshlik"dan joy olishiga paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanish sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston hukumati majburiy mehnat rasmiy siyosat ekanini inkor qilib keladi. Toshkent rasmiylarining bildirishicha, fuqarollar ixtiyoriy ravishda xashar yo‘li bilan paxta yetishtirish va terishga chiqadi. Bu bilan ular go‘yoki o‘z fuqarolik mas’uliyatlarini bajarishga harakat qiladilar.

XS
SM
MD
LG