Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:23

AQSh prezidentligiga nomzodlar telebahsida Hillari Klintonning qo‘li baland keldi


AQSh prezidentligiga nomzodlar Hillari Klinton va Donald Tramp uchta bir yarim soatlik teledebatlardan birinchisini dushanba kuni Nyu-Yorkdagi Xofstra universitetida o‘tkazdi.

Telemunozaradagi savollarning asosiy qismi iqtisodiy muammolarga bag‘ishlandi. Demokratik partiya nomzodi Hillari Klinton bu borada asosiy e’tiborni, badavlat amerikaliklarga soliqni ko‘paytirish xisobiga, birinchi navbatda o‘rta tabaqa, xususan talaba va yosh onalar turmushini yaxshilashga qaratajagini bildirdi.

Respublikachilar nomzodi Donald Tramp esa korporativ soliqlarni qisqartirish hisobiga yangi ish joylari yaratish, soliq kodeksini o‘zgartirib Amerika kompaniyalarini xorijdagi mablag‘lari va bosh ofislarini AQSh hududiga qaytarishga undash rejasida ekanini bildirdi. Tramp fikricha¸ Amerikaga zarar keltirgan tashqi savdo bitimlarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Debatda Tramp Bill Klinton tomonidan tuzilib¸ Barak Obama tomonidan imzolangan Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvini tanqid qildi.

Telemunozara davomida Amerikadagi irqiy munosabatlar muammosiga ham ancha vaqt ajratildi.Klintonga ko‘ra, sud-tergov amaliyotida irqiy va milliy ozchilikka nisbatan diskriminatsiya xolatlari mavjud va bunga nuqta qo‘yish kerak. Klinton qurol sotish ustidan nazoratni kuchaytirish uchun ham kurashishini ta’kidladi. Tramp esa huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar sonini ko‘paytirish hisobiga qonun va tartibni mustahkamlash va politsiya nazoratini kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratishini bildirdi.

Tashqi siyosat bobida Klinton Amerikadagi partiya va jamoat tuzilmalari saytlariga uyushtirilgan Rossiya xaker xujumlarini qoralab, buni saylov jarayoniga aralashuv deb baholadi. Tramp esa buni rad etib, Rossiyaning Demokratik partiya saytiga uyushtirilgan xaker xujumlariga aloqasi borligini isbotlovchi dalillar yo‘qligini iddao qildi.

Ayni paytda Tramp Rossiyaning raketa va yadro arsenalini zamonaviylashtirishi xususida xavotir bildirib, AQShning bunga etarli darajada javob qilmayotganini tanqid qildi.

Teledebatni tahlil qilayotgan aksar AQSh sharhlovchilari unda Hillari Klintonning qo‘li baland kelganini aytmoqda.

CNN telekanali o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovda qatnashganlarning 62 foizi munozarada Klinton g‘alaba qozonganiga ishonishini bildirgan.

Ayni paytda¸ debatda o‘zining g‘olib chiqqanini ta’kidlayotgan Tramp¸ o‘z Twitter sahifasida g‘oliblikni o‘ziga bergan so‘rov natijalarini tarqatmoqda.

XS
SM
MD
LG