Линклар

Boks bo‘yicha jahon chempioni "toshkentlik yo‘lbars" Rufat Risqievning oyog‘i qorason tufayli amputatsiya qilindi. Toshkentdagi 16-kasalxonada qolayotgan keksa sportchi amaliyotdan so‘ng sekin-asta o‘ziga kelayotganini bildirdi.

Taniqli o‘zbekistonlik sportchi, o‘rta vazndagi 1974 yilgi boks bo‘yicha jahon chempioni, bir necha karra SSSR chempioni Rufat Risqiev ikki haftacha avval oyog‘ida boshlangan kuchli og‘riq ortidan kasalxonaga olib kelingan. Vaziyatni hayot uchun xavfli deb topgan vrachlar 18 sentabr kuni jarrohlik amaliyoti qilib¸ uning qorasonga chalingan o‘ng oyog‘ini kesib tashlagan.

Toshkentdagi 16-sonli "Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi"da taniqli bokschiga qilingan jarrohlik amaliyoti tafsilotlaridan xabardor vrachning Ozodlikka aytishicha¸ 2013 yilda uning oyog‘ida o‘rnatilgan protez trombozga olib kelgan:

- Oldinroq uning tomirlarida aorta-son va son-tizzada protezlashtirish amaliyotlari o‘tkazilgan edi. U keyinchalik trombozga olib kelibdi. Rufat akada mavjud ishemiyani hisobga olib, chap oyog‘ini kesib tashlash jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, dedi vaziyat bilan tanish shifokorlardan biri.

Ozodlik muxbiri amaliyotdan so‘ng shifoxonada qolayotgan Rufat Risqievning o‘zi bilan bog‘lanib, undan hol-ahvol so‘radi.

- Rahmat, Xudoga shukur, sal tetikroqman. Oyog‘imni kesib tashlashdi. Bilmadim, uyda yuruvdim. Ozgina harakat qilgandim, oyog‘im og‘ridi. Bolnisaga kelsam, bir haftadan keyin kesib tashlashdi. Ammo oyog‘im juda og‘riyotgan edi. Boshida og‘riganida ahamiyat bermay yuraveribman. Keyin bolnisaga olib ketishdi, dedi bokschi.

Rufat Risqiev jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgani, hozirda ahvoli barqaror ekanligini bildirdi:

- Hozir krovatda o‘tiribman, gaplashib. 5-6 kun bo‘ldi juda yaxshi. Bemalol gaplashayapman. Boshida og‘riqdan gaplasha olmasdim yoki zo‘rg‘a gaplashardim! 16-shahar shifoxonasidaman, Chilonzorda. Hammasi yaxshi, hozir reabilitatsiya payti – har kuni perevyazka. Qachon javob berishlarini bilmayman. Kamchilik yo‘q - hamma sharoitlari yaxshi, dedi Ozodlik tinglovchi va o‘z muxlislariga sog‘lik-omonlik tilagan Rufat Risqiev.

Suhbat davomida u yaqin do‘stlari va sport idoralari mutasaddilari kelib, holidan xabar olib ketayotganini qo‘shimcha qildi.

2 oktabr kuni Rufat Risqiev 67 yoshga to‘ladi. Bungacha o‘zbek boksi yulduzining kasalxonadan chiqish-chiqmasligi hozircha noma’lum.

"Toshkentlik yo‘lbars" sifatida nom qozongan afsonaviy o‘zbek bokschisi, SSSRda boks bo‘yicha birinchi jahon chempioni unvonini olgan Rufat Risqiev o‘z faoliyati davomida 189 marta jang o‘tkazgan va ulardan 174 tasida g‘alaba qozongan.

Rufat Risqiev kinodagi rollari bilan ham o‘zbekistonliklarga yaxshi tanilgan. “Ringga chaqiriladi...” filmida u o‘zbek mahallasidan chiqib, jahon chempioni bo‘lgan yosh o‘zbek bokschisi rolini ijro etgan.

1997 yilda WBA hakamlar hay’ati a’zoligiga kiritilgan Rufat Risqiev markaziy osiyolik birinchi professional boks hakami bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG