Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:58

Qodirjon Botirovga o‘zganliklar norozilik bildirdi


Qodirjon Botirov 2010 yilgi O‘sh voqeasining asosiy aybdori sifatida Qirg‘izistonda sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Qodirjon Botirov 2010 yilgi O‘sh voqeasining asosiy aybdori sifatida Qirg‘izistonda sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Qirg‘izistonda 2010 yilgi O‘sh voqealari uyushtiruvchisi sifatida ayblanib, sirtdan umrbod qamoqqa hukm qilingan Qodirjon Botirov YeXHTning Varshavada o‘tgan inson huquqlariga oid yig‘ilishida Bishkek hukumatini tanqid qilishi ortidan O‘shda uning co‘zlariga norozilik sifatida qator matbuot anjumanlari o‘tmoqda.

Polsha poytaxti Varshavada o‘tgan YeXHTning inson huquqlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ishtirok etgan Qodirjon Botirov 21 sentabr kuni so‘zlagan nutqida “Yevropa davlatlari Qirg‘izistonda demokratiya mavjud, deb o‘ylashlarini, aslida esa bu davlatda demokratiya mavjud emas”, deb hisoblashini aytgan edi. Botirovning nutqi Qirg‘iziston jamoatchiligida katta noroziliklarni keltirib chiqardi.Jumladan, O‘shda 27 sentabr kuni o‘zganlik bir guruh oqsoqollar matbuot anjumani o‘tkazdi.

-Bizni "matbuot anjumani o‘tkaz", deb hech kim majburlamagan. Biz o‘zimiz televideniyadan ko‘rdik. Hukumatda o‘tirganlarning shunga yo‘l qo‘yganiga norozi bo‘layapmiz. Oddiy aholi xohlaganicha televidiniya, gazeta orqali hukumatga norozilik bildirayaptiku. Demokratiyaning borligi shuda. Birov birovga qaram emas. Shuning uchun uning so‘zlariga norozi bo‘lyapmiz. Uni olib kelishsin, qamashsin. Hozir hukumatda ishlayotgan aybdorlar ham u bilan birga javobgarlikka tortilsin. Xalq ko‘r emas, hammasini ko‘rib turibdi, -dedi o‘zganlik Abdumajit Qaparov.

O‘shda shu mazmundagi matbuot anjumani 23 sentabr kuni O‘sh shahar kengashi deputatlari tomonidan ham o‘tkazilgan edi. Unda deputatlar Botirovning o‘zbeklar huquqini himoya qilishga haqqi yo‘q ekanini aytishgan edi.

O‘zganliklar o‘tkazgan matbuot anjumani ishtirokchisi Abzaliddin Sharobiddinov ikki xalq orasidagi munosabatlar endigina izga tushgan bir paytda Qodirjon Botirovning so‘zlari yangi nizoga sabab bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

-Men Botirov olib kelinib jazoga tortilsin, deb kelmadim. Men xalqimiz tinch bo‘lib, o‘zbek - qirg‘iz bo‘linmay tinch yashayotganini aytmoqchiman. Shuning uchun shu gaplarni qayta ko‘tarib, yarani yangilab bo‘lmaydi, shu narsalar to‘xtasin, televidiniyelarda ham shu narsalarni ko‘rsatib, odamlarni vahimaga solmasin, deb keldim. Agar Qodirjonni aybi bo‘lsa davlat bor, organ xodimlari bor. Tekshiradi, so‘raydi. Agar uning aybdorligi isbotlansa javob bersin. 2010 yilda davlatni boshqargan beshta rahbarlar bilan birga ish olib borgan, shu sababli biz biron narsa deyolmaymiz, -deydi Abzaliddin Sharobiddinov.

YeXHTning inson huquqlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida Qodirjon Botirovning nutq so‘zlagani Bishkekda asosan parlament deputatlari orasidagina muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Qirg‘iziston parlamenti Qodirjon Botirovning YeXHT yig‘inidagi ishtirokini muhokama qildi.

Yig‘inda ishtirok etgan Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dinara Kemelova YeXHTga norozlik notasi jo‘natilganini aytdi.

Deputatlar parlament qo‘mitasi yig‘ilishida Ichki ishlar vazirligidan YeXHT majlisida Qodirjon Botirovning oldida o‘tirgan qirg‘iz huquq faollarini jinoiy javobgarlikka tortishni, Botirovni Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilinishiga erishishni talab qilishdi.

Biroq Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi deputatlarning bu talabiga javoban, Interpol siyosiy qochqin hisoblanadigan Qodirjon Botirovga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilishdan bir necha marta bosh tortganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG