Линклар

Qirg‘izistonning Rossiya etakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilgani ortidan mamlakat byudjeti qattiq zarbaga uchradi. Qirg‘izistonning mazkur ittifoqqa kirishiga qarshi bo‘lib kelgan faollar bir necha yildan beri aytib kelayotgan bu gapni Bishkek rasmiylari ham tasdiqlashga majbur bo‘lmoqda. Joriy yilda Qirg‘iziston byudjetiga tushayotgan daromad miqdori 35 foizga ozayib ketdi.

Qirg‘iziston Moliya vaziri o‘rinbosari Almaz Bakataev mamlakat byudjetiga tushayotgan soliq miqdorining 33 foizga ozayib ketganini Rossiyaga nisbatan G‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalar bilan bog‘ladi:

-Eng birinchi sabab-Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bizga qator muammolarni keltirib chiqardi. 2015 yilda 2014 yilga nisbatan soliqlar yig‘imi 33 foizga ozayib ketgan edi. Ittifoqqa qo‘shilayotganda byudjetimizga juda ko‘p soliq kelib tushadi, deb umid qilgan edik. Afsuski, sanksiyalar bunga to‘sqinlik qilmoqda, -dedi qirg‘iz rasmiysi.

Iqtisodchilarning aytishicha, vaziyat shu tarzda davom etsa, 2017 yilda ham Qirg‘iziston byudjeti daromadning kattagina qismidan mahrum bo‘ladi.

Qirg‘iz parlamentida o‘tkazilgan tinglovda Qirg‘iziston Rossiya etakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilguniga qadar byudjetga tushayotgan soliq miqdori hozirgiga nisbatan bir necha barobarga ko‘p bo‘lgani aniqlandi. Shundan kelib chiqib, deputatlar hukumatni noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat uchun keskin tanqid qildilar.

-Birinchidan, biz ittifoqqa kirishga juda shoshildik. Ikkinchidan esa, o‘sha paytda bosh vazir, iqtisodiyot vaziri bizga noto‘g‘ri iqtisodiy tahlilni taqdim qilgani mana endi bilinayapti. Ittifoqqa qo‘shilayotganimizda Rossiya va Qozog‘iston qishloq xo‘jalik mahsulotlarining asosiy iste’molchisiga aylanishi va’da qilingan edi. Hozir esa aksincha bo‘layapti, Qirg‘izistonning mahsulotlarini Rossiya va Qozog‘istonga o‘tkizmay, u yoqlardan bizga jo‘natishayapti, -dedi parlament deputati Saydulla Nishanov.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lgan davlatlar o‘rtasida bojxonalar olib tashlangan. Boj va soliq to‘lovlari Moskvaga yig‘ilib, u yerdan ittifoqqa a’zo davlatlarga ulush nisbatida bo‘lib beriladi. Qirg‘izistonning ittifoqdan oladigan ulushi boj va soliq to‘lovlarining 2 foizga yetmagan miqdorini tashkil qiladi.

Ammo mana shu miqdordagi daromadning ham 35 foizga qisqarib ketgani iqtisodiy jihatdan zaif bo‘lgan Qirg‘izistonga berilgan katta zarba bo‘lmoqda, deyishmoqda iqtisodchilar.

-Bu pensiya va oyliklar, boshqa ijtimoiy to‘lovlar ko‘tarilmaydi, ijtimoiy qurilishlar amalga oshirilmaydi, deganidir. Ijtimoiy soha, ya’ni oddiy odamlar eng ko‘p zarar ko‘radi. Agar hukumat populistik siyosat olib borib, to‘lovlarni ko‘paytirsa, inflyatsiya kuchayib, inqirozga yuz tutiladi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga shoshlinch ravishda o‘ylanmay turib a’zo bo‘lganimiz mana shunday oqibatlarga olib kelmoqda,-dedi iqtisodchi Meymanbek Abdildaev.

Qirg‘iziston Moskva rahnamoligida tashkil etilgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga 2015 yilning 12 avgustidan boshlab a’zo bo‘lgan edi. Shu kundan boshlab qozoq-qirg‘iz chegarasida bojxona to‘siqlari olinib, savdo mollarini olib o‘tish erkin yuritilishi aytilgan.

2014 yil may oyida Rossiya, Belarus va Qozog‘iston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqini ta’sis etish haqidagi hujjatni imzolagan edi. Keyinchalik Armaniston ittifoqqa qo‘shildi. Qirg‘iziston bilan ittifoqqa a’zo davlatlar soni beshtaga etdi.

XS
SM
MD
LG