Линклар

SpaceX shirkati yetakchisi Ilon Mask Marsga minglab odam yuborib, u yerda shahar yaratish rejasini e’lon qildi. Maskning aytishicha, kelajakda buning uchun kishi boshiga atigi 100 ming dollar to‘lash kerak bo‘ladi.

27 sentabr kuni Mexikoda bo‘lib o‘tgan Xalqaro kosmonavtika kongressida chiqish qilgan amerikalik tadbirkorning aytishicha, qo‘shni sayyoraga ulkan raketa jo‘natiladi, unda restoran, kayuta, vaznsizlik sharoitida o‘ynash mumkin bo‘lgan o‘yinlar bo‘ladi, filmlar ko‘rsatiladi.

Keyingi 40-100 yil ichida “dastlabki izlanish missiyalaridan shahar qurishga o‘tishimiz kerak”, dedi Mask. “Bu zavqli yoki qiziqarli bo‘lishi kerak. Tiqilinch yoki zerikarli bo‘lmasligi kerak”, deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.

Mask o‘z g‘oyasini video yordamida ko‘rsatib berdi. Sayyoralararo transport tizimi qayta ishlatish mumkin bo‘lgan raketalar, Marsdan jo‘natuvchi joy, har biri 100 odam oladigan 1000 ga yaqin kosmik kemadan iborat bo‘ladi.

Mask ilk parvoz qimmat bo‘lishini, lekin narxlarni istalgan odam bora oladigan darajaga arzonlatishga harakat qilishlarini aytdi. Unga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan bitta chipta narxi 100 ming dollarga tushadi.

“Agar bitta chiptaning narxi 10 milliard dollar bo‘lsa, Marsda o‘zini-o‘zini ta’minlay oladigan jamiyat yarata olmaysiz”, dedi Mask.

2012 yilning avgustida Amerikaning "Curiosity" marsyurari Marsdan Yerga ilk rangli suratlarni yuborgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, suratlarda Mars sayyorasidagi Geyl krateri tasvirlangan.

"Curiosity" marsyurari 8 oydan ortiqroq davom etgan parvozdan keyin 2012 yilning avgustida kuni aynan Geyl krateriga qo‘ngan edi.

Mutaxassislar, suratlarning yetib kelgani marsyurarning kamerasi ishlayotgani isbotidir, demoqda. Aytilishicha, marsyurar kamerasi ham yirik plandagi, ham kengqamrovli tasvirlarni suratga ololadi.

XS
SM
MD
LG