Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:01

Orenburgda o‘zbek muhojirlari silga chalinganlar bilan birga saqlanmoqda


Orenburg viloyati, Alabaytal qishlog‘idagi chet elliklarni saqlash markazi (SUVSIG)da sog‘lom o‘zbekistonliklar silga chalinganlar bilan bir joyda bir necha oydan buyon og‘ir sharoitda ushlab turilibdi. O‘zbekistonlik tutqunlar deportatsiya markazida bir yildan ortiq saqlanayotganini Ozodlikka telefon orqali ma’lum qildi.

Ularning aytishicha, markazda saqlanayotgan 100 ga yaqin xorijiyning aksariyatini o‘zbekistonliklardir. Ushbu markazda migratsiya qonunchiligini buzgan muhojirlar qamoq muhlatini o‘tab chiqqanlar bilan birga ushlab turilibdi.

Buxorolik 46 yoshli Aliqulning (ism o‘zgartirilgan -tahr.) deportatsiya markaziga keltirilganiga yaqinda bir yil to‘ladi.

U o‘z taqdiri Rossiya va O‘zbekiston orasida muallaq qolayotganidan shikoyat qildi:

- Meni bu yerga 2015 yilning 29 sentyabrida keltirishgan. Joriy yilning 29 sentabrida sud bo‘ladi, o‘shanda aytishadi, keyin nima bo‘lishini. Rossiyaga kelganimga 16 yil bo‘ldi. Pasportim yo‘q. O‘zbekistonga 4 marotaba so‘rov berdim, 4 marotaba ham rad javob keldi. Yashagan adresimni berganman. 2015 yil 29 sentabrda qamoqdan ozod bo‘ldim va shu yerga olib kelishdi. 158-modda - o‘g‘irlik bilan bir yil o‘tirib chiqdim. Qurilishda ishlardim. Uchta tuberkulyoz kameralar bor bu yerda. Menda yana bronxial astma bor. Qattiq kasallarga bu yerda dorilari yo‘q. O‘z pulimizga dori sotib olmoqchi bo‘lsak ham ijozat berishmaydi. Kelganimga mana bir yil bo‘layapti, do‘xtirga bir marotiba olib borib tekshirishdi. Bu yerda o‘zbekistonliklar 70 nafarga yaqin. Namanganlik bola bilan progulkada tanishdim, jinnixonada bir necha marotiba o‘tirib chiqqan ekan. Bu yigit shu spretspriyomnikda 1 yilu 8 oy o‘tiribdi. Moskva va markazlarda qonun qoida bor bo‘lsa ham, bu yerlarda qonunga biror rioya qilishmaydi. 3 kun ochlik e’lon qildik, birortasi - na prokuror, na biror boshliq oldimizga keldi. Uy bilan aloqa yo‘q. Bu yerda yana qancha ushlab o‘tirishadi, hech kim bilmaydi. Juda ezilib ketdim, dedi Aliqul.

Suhbatdosh qamoqqa tushishidan oldin onasi bilan yashagani, hozirda onasining bor-yo‘qligini bilmasligini aytdi.

Namanganlik Akbar (ism o‘zgartirilgan – tahr.), o‘zi va ayrim o‘zbek muhojirlari Alabaytal deportatsiya markazida sil yuqtirganini iddao qiladi:

- Biz tuberkulyoz xonada o‘tiribmiz,ba’zilar kasal, ba’zilar kasal emas. Yaqinda bir Ukraina fuqarosini keltirishdi, bir kecha-kunduzdan so‘ng qon bilan yo‘talishni boshladi, qon qusdi, kasalxona olib borib, yana biz turgan xonaga keltirishdi. Bu kasal bola qariyb 3 hafta biz bilan bir xonada yashadi. Bizni davolashmaydi, chunki biz Rossiya vatandoshi emasmiz. Men yarim yil o‘tiribman, toza havo olishga kam vaqt berishadi, ovqatlarining mazzasi yo‘q. Bu yerdagilar to‘polon qilsa, ruhiy kasalxonga yuborishayapti, Jinnixonada 2 oy ushlaydi, dedi namanganlik Akbar.

Akbar jinnixonadan keltirilgan mahbuslar anchagacha o‘zini bilmay yuradi, deydi.

Namanganlik yigitning fikricha, nafaqat Rossiya migratsiya idorasida pulning yo‘qligi, balki O‘zbekistondan hujjatlarni o‘ta kech yuborilayotgani ham muhojirlarning departatsiya markazida uzoq qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

- Bu yerdagi amaldorlar “Orenburgda FMS bor o‘shalar hamma ishni hal qilishadi, hujjatlaringlar bilan o‘shalar shug‘ullanishadi. Bundan tashqari elchixonanglarga “zapros” so‘rishtiruv bersak, ular oylab javob bermaydi” deb aytishadi. Haqiqatan olganda o‘zimizning elchixona ham yaxshi ishlashmaydi. Qo‘ng‘iroq qilsak ular ham javob berishmaydi. “Senlarni qaerga qo‘yib yuboramiz, o‘tiraverasan” deb aytishayapti, dedi Akbar.

Ozodlik Orenburg viloyati chet elliklarni saqlash markazi idorasiga murojaat qildi. Biroq mutasaddi mulozim vaziyatni sharhlashdan bosh tortdi.

Moskvadagi "Grajdanskoe sodeystvie"qo‘mitasi rahbari Svetlana Gannushkinaning Ozodlikka aytishicha, Orenburg viloyatidagi deportatsiya markazidagi holat Rossiyada migratsiya sohasidagi vaziyatning naqadar og‘ir ekanligidan dalolat beradi.

- Hokimiyat amaldorlari ushbu masalaga befarqlik bilan yondoshmoqda. Muhojirlarning deportatsiya muassasalarida uzoq muhlat qolib ketishlari masalasini hokimiyat rasmiylari oldida bir necha marotaba ko‘targanmiz. Afsuski, migratsiya vakolatlari Rossiya ichki ishlar vazirligi tizimiga o‘tganidan so‘ng vaziyat yanada yomonlashmoqda. Mamlakatda qolayotgan ko‘psonli noqonuniy muhojirlar muammolari hal etilishi kerak, dedi Svetlana Gannushkina.

Rossiya deportatsiya muassalarida xorijliklar orasida norozilik chiqishlari, hatto o‘z joniga qasd qilish hollari ham kuzatilmoqda.

Joriy yil yozida Tula deportatsiya markazida o‘zbekistonlik nogiron o‘zini osib qo‘ygani borasida Ozodlik xabar bergan edi.

2016 yilning mart oyida esa Tojikiston vatandoshi 25 yoshli Xolov Zohirjon Moskvadag ichet elliklarni saqlash markazi (SUVSIG) dan kasalxonga keltirish paytida, “tez yordam” mashinasida joni uzilgan edi.

XS
SM
MD
LG