Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:00

Hofiz Sherali Jo‘raevga hukumatdan telefon qilib, oq yo‘l tilashdi


Shoir Muhammad Ismoil¸ O‘zbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamov va O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘raev
Shoir Muhammad Ismoil¸ O‘zbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamov va O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘raev

Sherali Jo‘raev, Yulduz Usmonova, Ortiq Otajonov, Bobomurod Hamdamov, Obid Asomov, kabi artistlarga nisbatan keyingi yillarda joriy etilgan taqiq bekor qilinayotgani, ularga katta sahnalar va radio-teleefirlar ochilayotgani Ozodlikka ma’lum bo‘ldi. Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning g‘azabiga duchor bo‘lgan qo‘shiqchilar ham borligi aytilmoqda.

1993 yildan beri shou biznesdagi istalmagan shaxs sifatida katta konsert zallari va tele-radiokanallarda chiqishiga norasmiy taqiq qo‘yilgan O‘zbekiston SSR xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti laureati Sherali Jo‘raev 27 sentabrdan boshlab katta sahna va teleradiokanallarda bemalol chiqishga izn oldi.

O‘zbekistonda taniqli xonandalar konsertini uyushtirish bilan shug‘ullanuvchi Ravshanbek Omonovning bu haqda Ozodlikka aytishicha¸ 27 sentabr kuni Sherali Jo‘raevga O‘zbekiston prezidenti bajaruvchisi yordamchisi qo‘ng‘iroq qilib katta sahnaga yo‘l ochilganini bildirgan:

- Sherali Jo‘raevni uyida bayram bo‘lib ketdi. Shuncha yildan beri faqat to‘ylarda xizmat qilib yurgan katta hofizga sahna ochildi. Seshanba kuni hofizning o‘g‘li Shohjahon Jo‘raevning ham litseniyasi tiklandi. "O‘zbeknavo"dan kelib tabriklab, yangi litsenziya berib ketishdi. Sherali akada litsenziya bo‘lgani bilan norasmiy taqiq ostida edi. Shu taqiq endi olib tashlandi. Shavkat Miromonovich qabulxonasidan telefon bo‘ldi¸ o‘zim guvohman dedi Omonov.

Sherali Jo‘raev shoir Muhammad Ismoyilning uyida
Sherali Jo‘raev shoir Muhammad Ismoyilning uyida

Suhbatdoshning aytishicha¸ 27 sentabr kuni O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaga ham katta sahnaga qaytish mujdasi berilgan:

- Usmonovaning uyiga "O‘zbeknavo" litsenziya bo‘limidan Farhod degan yigit guldasta ko‘tarib kelib tabrikladi. Usmonova ko‘zida yosh bilan Shavkat Miromonovichni duo qildi¸ deydi Omonov.

Bir kun oldin O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist¸ mashhur kulgi ustasi 54 yashar Obid Asomovga nisbatan o‘n yildan ko‘proq davom etgan norasmiy taqiq olib tashlangan edi.

26 sentabr kuni O‘zbekiston shou dunyosiga yaqin shoir Muhammad Ismoil o‘zining Facebookdagi sahifasida bu uch nafar taniqli san’atkor zimmasidan taqiq olib tashlanganini yozgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda Muhammad Ismoil bu san’atkorlarning katta sahnaga qaytishini O‘zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan amalga oshganligini ta’kidladi:

- Mirziyoevni o‘zidan boshqa hech kim jur’at etmaydi buni tashkillashtirishga. Mirziyoev shoir yozuvchi va san’atkorlarni ancha hurmat qiladi. Sherali Jo‘raevga esa alohida hurmati bor. Yaqinda u kishi shoira Halima Hudoyberdievani uyiga borib holidan habar ham oldi¸ dedi Muhammad Ismoyil.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ norasmiy taqiq ostida bo‘lgan “O‘zbekiston xalq artisti" unvoni sohiblari Ortiq Otajonov va Bobomurod Hamdamovga ham katta sahnaga qaytishga izn berilgan.

Ozodlikning “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidagi manbasining aytishicha¸ Obid Asomov¸ Sherali Jo‘raev¸ Yulduz Usmonova¸ Ortiq Otajonov¸ Bobomurod Hamdamov kabi artistlarni davlat tadbirlariga jalb qilish bo‘yicha tavsiya olingan:

- Vazirlar Mahkamasidan qo‘ng‘iroq qilib bu hurmatli ustoz san’atkorlarni davlat tadbirlarida ishtirokini ta’minlash tavsiya qilindi. Bir narsani aytish kerak¸ bu ustoz san’atkorlarga “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi konsert-gastrol faoliyati uchun belgilangan litsenziyani bergan. Joylardagi sansalorlik bois, litsenziyasi bo‘lishiga qaramasdan, bu san’atkorlar davlat tadbirlaridan uzoq tutilib kelgan. Bu kamchilikka barham beryapmiz endi¸ dedi manba.

Manbaning yana aytishicha¸ O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist To‘lqin Jabborovga ham Vazirlar Mahkamasi qo‘ng‘irog‘idan keyin alohida e’tibor ko‘rsatilgan.

Prodyusser Ravshan Omonovning ta’kidiga ko‘ra¸ To‘lqin Jabborov O‘zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoevning oilaviy tadbirlarida ishtirok etib kelgan:

-To‘lqin Jabborov endi O‘zbekiston sahnasida eng ko‘zga ko‘ringan hofiz maqomini olsa kerak. Umuman Karimov vafoti ko‘pchilik qo‘shiqchilarga qo‘l keldi¸ deydi suhbatdosh.

Ayni paytda Shavkat Mirziyoevning g‘azabiga duchor bo‘lgan qo‘shiqchilar ham bor deydi¸ Toshkent Davlat konservatoriyasining ismini aytishni istamagan o‘qituvchisi:

- Shu yil may oyida Vazirlar Mahkamasida majlisda qatnashdim. Majlisda shaxsan Shavkat Miromonovich ishtirok etdi. Majlis oxirida asosiy mavzu O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim haqida bo‘ldi. Abdulaziz Karim Turkiya fuqaroligini olgani bo‘yicha Mirziyoev qattiq gapirdi. Uni hattoki "vatan xoini" darajasiga chiqardi. Abdulaziz Karim 2000 yilda olgan Nihol mukofoti va 2003 yilda olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlari shaxsan Mirziyoev tomonidan olib tashlandi. 2010 ylda Shavkat Mirziyoev "Ho‘ja" guruhi solisti Izzat Ibragimovning O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan unvonini olib qo‘ygan edi¸ deydi suhbatdosh.

Keyingi o‘n yil davomida O‘zbekistonda o‘nga yaqin ashulachi litsenziyadan mosuvo qilinib¸ shou biznesdagi istalmagan shaxslar ro‘yxatiga qo‘shilgan.

Farrux Zokirov¸ Sherali Jo‘raev¸ Yulduz Usmonova ¸ Obid Asomov¸ Sevara Nazarxon¸ Shahzoda Matchonova¸ Shohruh rep¸ Feruza Jumaniyozova¸ Otabek Madrahimov¸ Ozoda Nursaidova¸Farrux Soipov kabi san’atkorlarga qo‘yilgan norasmiy taqiq sabablari jamoatchilikka ochiqlanmagan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ aksar hollarda ashulachilarning davlat tadbirlari va mulozimlar to‘ylariga bormagani muammoga sabab bo‘lgan.

2005 yildan beri o‘ziga xos taqiq doirasida qolaëtgan 53 yashar Yulduz Usmonovaga lintsenziya berilgan bo‘lsa-da, katta sahnada konsertlar berishiga va teleradio efirlarda qo‘shiqlari yoyinlanishiga izn berilmay kelingan.

O‘tgan yili Yulduz Usmonova “Amerika ovozi” radiosi jurnalisti Navbahor Imomova bilan suhbatda o‘ziga qo‘yilgan taqiqning sababini tushuntirgan edi:

“O‘zbekistonda hammadan ko‘p zapretni men olganman… Uni menga kimdir siyosat qilayotgani yo‘q… Bitta odamga yoqmay qolganman, mundayroqda, o‘rtaroqda o‘sha ham, hozir yo‘qdir ham u odam, lekin problema qilib qo‘ygan… Endi shu katta adolatsizlikmi? Taqdir nasib bu…” degan edi qo‘shiqchi.

XS
SM
MD
LG