Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:43

Andijonlik qochqin: BMTga ko‘rsatma berganim uchun MXX meni yomonotliq qilmoqchi


Xyuman Rayts Votch kabi nufuzli inson haqlari tashkilotlari Andijonda yuz bergan xunrezlikni "qirg‘in" deya baholagan.
Xyuman Rayts Votch kabi nufuzli inson haqlari tashkilotlari Andijonda yuz bergan xunrezlikni "qirg‘in" deya baholagan.

Hozirda Hollandiyada siyosiy qochqin sifatida yashayotgan, 2005 yil 13 may kuni Andijondagi Bobur maydonida yuz bergan voqealar yuzasidan BMTga ko‘rsatma bergan yagona guvoh, 42 yoshli Husanboy Ro‘ziev Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston maxsus xizmatlarini o‘zi va oilasiga qarshi “tuhmat va yolg‘onga to‘la ko‘rsatuv” tayyorlaganlikda aybladi. O‘tgan haftada O‘zbekistondagi davlat telekanallari "Vatanga talpinayotgan ko‘ngil", deb nomlangan ko‘rsatuvni namoyish etgan edi. "Toshkent" kanali mahsuloti ekani aytilayotgan ko‘rsatuvda Ro‘ziev “oilasiga zug‘um o‘tkazuvchi, rahm-shafqatni butkul unutgan, vahshiy inson” sifatida taqdim qilinadi.

O‘tgan hafta hukumat nazoratidagi "O‘zteleradio" kompaniyasining bir qancha kanallari namoyish etgan ko‘rsatuv shu yil mart oyida vataniga qaytishga yordam so‘rab, Husanboy Ro‘zievning O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasiga borgan ajrashgan turmush o‘rtog‘i Shahodat Ro‘zieva bergan suhbat asosida tayyorlangan.

Elchixonada yozib olingan suhbatda Ro‘zieva turmush o‘rtog‘ini o‘zi va farzandlariga zulm o‘tkazayotganlikda ayblaydi va O‘zbekistonga qaytib borishi uchun ko‘mak so‘raydi.

"O‘zbekiston xalqidan kechirim so‘rayman, qaytishimga yordam bersin, qaytib boray O‘zbekistonga, prezidentimiz kechirsin bizni. Vatan vatan ekan, vatangadolik yomon narsa ekan, o‘zim buni sakkiz yil ichida xis qildim, - deydi Shahodat Ro‘zieva shu yilning mart oyida O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasida yozib olingan va ko‘rsatuvda namoyish suhbatda.

Hozirda Hollandiya sharqidagi Ede shahrida yashayotgan Husanboy Ro‘ziev Ozodlik bilan suhbatda bu ko‘rsatuvni ko‘rganini aytdi va O‘zbekiston maxsus xizmatlarini o‘zi va oilasiga qarshi “tuhmat va yolg‘onga to‘la ko‘rsatuv” tayyorlaganlikda aybladi.

- Rafiqam nimaga elchixonaga borganining aniq sababini bilmayman. U bilan birga yashamay qo‘yganimga bir yarim yil atrofida bo‘lyapti. Mening anglashimcha u O‘zbekistonga ketish maqsadida u erga borgan. Elchixonadagilarga esa menga qarshi ko‘rsatuv tayyorlash uchun juda qulay vaziyat bo‘lgan bu. Rafiqamni vaziyatidan, oilamizda yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanishgan. Andijon voqealarining guvohi sifatida men BMTga arz qilganim uchun menga qarshi bu fitnani tayorlashgan, MXX meni yomonotliq qilmoqchi. Ko‘rsatuvda O‘zbekistondagi qarindoshlarim ham menga qarshi gapirgan. Menga qarshi intervyu bergan yaqinlarimga nisbatan hech qanaqa e’tirozim yo‘q. Chunki O‘zbekistonda qolgan yaqinlarimni to‘g‘ri tushunaman. Ular bunga majbur, - dedi Husanboy Ro‘ziev.

Inson huquqlari tashkilotlari, Andijonda bo‘lgan muxbirlar va voqea guvohlarining aytishicha, 2005 yil 13 may kuni O‘zbekiston hukumati kuchlari Andijon shahridagi Bobur maydonini o‘rab olib, qurolsiz odamlarni o‘qqa tutishi oqibatida yuzlab insonlar halok bo‘lgan.

O‘zbekistonda "akromiy" deya tamg‘alangan guruhga tegishli bo‘lgan un tegirmonida ishlagan Husanboy Ro‘ziev 11 yil avvalgi ana shu voqealarning bevosita guvohidir.

Husanboy Ro‘ziev
Husanboy Ro‘ziev

Ro‘ziev ikki yil avval BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga kiritgan shikoyatida O‘zbekiston maxsus xizmatlari xodimlari uni o‘z rahbariga qarshi ko‘rsatma berish uchun qiynoqlarga solgani va ko‘p marta kasalxonalarda davolanib chiqqani, 2005 yil 13 may kuni esa Bobur maydonida hukumat amalga oshirgan ommaviy qirg‘inning guvohi bo‘lganini aytib bergandi.

- 13 may kuni maydonda bo‘lgan holatni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganligim uchun shu narsalar asosida men ikki yil avval BMTga shikoyat yozgan edim. Shundan so‘ng BMT bu yuzadan O‘zbekistonga so‘rov qog‘ozi yuborgan, u erdagi hukumat xabardor. O‘shanda menga noma’lum manzildan "jim yurgin bola", degan mazmunda tahdidli SMS lar yuborilgandi. Men o‘ylaymanki, shuning evaziga ular shunday film ishlab chiqishdi, - deydi Husanboy Ro‘ziev.

Ozodlik muxbiri hozir ham Hollandiyada yashayotgan Shahodat Ro‘zieva bilan ham bog‘landi.

Ro‘zieva O‘zbekiston elchixonasiga borishga uni hech kim majburlamaganini aytdi.

- Men elchixonaga fevralda ariza bergan edim. Martda javob keldi. Mart oyida men u yerga bordim. Lekin meni hech kim bunga majburlagani yo‘q. Hech kim menga unaqa degin, bunaqa degin, deb majburlagani ham yo‘q. Chiroyli gaplashishdi. Unda Karimov tirik edi. Opajon, ishimiz shu, intervьyu beraolasizmi, dedi, beraman dedim. O‘zbekistonga qaytsangiz ham beraolasizmi, dedi beraolaman, dedim. Chunki mening hech narsada aybim yo‘q. Men bu yerga jabrlanib keldim. Men farzandlarimni deb, bu yerga kelgan edim, - deydi Shahodat Ro‘zieva.

Fransiyadagi yashayotgan “O‘t yuraklar” inson huquqlari tashkiloti rahbari, sobiq siyosiy mahbus Mo‘’tabar Tojiboevaga ko‘ra, Husanboy Ro‘ziev Andijon qirg‘ini bo‘yicha BMTga shikoyat qilgan yagona guvohdir.

- Hozir Husanboy Ro‘zievga qilinayotgan harakat, oilaviy janjal, er-xotin orasida paydo bo‘lgan sovuqchilikdan foydalanib O‘zbekiston hukumati Andijondagi qirg‘in bo‘yicha BMTga guvohlik bergan yagona odamni yomonotliq qilishga, diskreditatsiya qilishga urinmoqda. Boshqa andijonliklar BMTga tayyorlangan shikoyatini qaytarib olishgandi, - deydi Mo‘’tabar Tojiboeva.

Halqaro tashkilotlar Andijonda 2005 yil 13 may voqealari qurbonlari sonini 500 nafar atrofida desa, o‘zbek hukumati bu son 187 ekani va aksar insonlar terrorchilar o‘qidan nobud bo‘lganini aytgan.

Xyuman Rayts Votch inson huquqlari tashkiloti Andijonda yuz bergan xunrezlikni "qirg‘in" deya baholagan.

Toshkent hukumati esa, Andijondagi zo‘ravonliklarni Akrom Yo‘ldoshev tuzgan "Akromiylar" diniy-ekstremistik oqim a’zolari sodir etdi, deb keladi.

XS
SM
MD
LG