Линклар

Ukraina osmonida halokatga uchragan Malayziyaning MH17 yo‘lovchi uchog‘i Rossiyadan keltirilgan raketa bilan urib tushirilgan. Bu raketa Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ukrain separatistlari egallab olgan hududdan otilgan.

Bu 2014 yil 17 iyul kuni 298 odam hayotiga zomin bo‘lgan MH 17 halokati yuzasidan o‘tkazilgan xalqaro tergovning navbatdagi xulosasidir.

Hollandiya boshchiligidagi xalqaro tergov guruhi o‘z surishtiruvi natijasini bugun, 28 sentabr e’lon qildi.

Xalqaro tergov guruhiga ko‘ra, uchoq "hech bir shubhalarsiz" Pervomaysk va Snejnoe posyolkalari joylashgan hududdan otilgan raketa bilan urib tushirilgan.

Snejnoe hududi o‘zini Donetsk xalq respublikasi deb ataydigan rossiyaparast ayirmachilari nazoratida qolmoqda.

Xalqaro tergov guruhi o‘z xulosalarini fotosuratlar, o‘zaro muzokaralar yozilgan audio va videoyozuvlar bilan asoslamoqda.

"Ushbu tergovning ko‘rsatishicha, 2014 yil 17 iyul kuni MH17 parvozini amalga oshirgan uchoq Buk treyleridan otilgan 9-M-83-38 seriyali raketa bilan urib tushirilgan. Ushbu Buk (o‘zi yurar raketa kompleksi) Rossiyadan olib kelingan va zarbani amalgan oshirganidan so‘ng qaytib Rossiya Federatsiyasi hududiga qaytib ketgan", - dedi Niderlandiya tergov boshqarmasi boshlig‘i Uilbert Paulissen (Wilbert Pualissen).

Qurbonlarning oilalari aytishicha, fojea tafsilotlarini o‘rgangan xalqaro komissiya tasarrufida halokatga aloqadorlikda gumonlangan yuz kishining ro‘yxati bor. Komissiya a’zolari ular bilan tekshiruv natijalarini rasman e’lon qilishdan oldin gaplashganlar.

Xalqaro tekshiruv guruhiga BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi dastagida faoliyat olib borgan Hollandiya, Avstraliya, Malayziya, Belgiya va Ukraina vakillari kirgan.

Guruhning xulosasi jinoiy ish ochish uchun asos bo‘lishi mumkin.

"Biz xalqaro guruhga o‘zimizning ma’lumotlarimizni, jumladan, asosiy gumondorlarni taqdim etdik. Bu bilan nima qilish to‘g‘risida ular o‘zlari qaror berishadi", deb aytgan MH17 uchog‘i halokati haqida bir nechta hisobot e’lon qilgan Bellingcat guruhi.

Rossiya Mudofaa vazirligi uchoqni urib tushirilishiga aloqasi borligini rad etib, bu borada o‘zining taxminlarini ilgari surib keladi.

Kremlning matbuot kotibi Dmitriy Peskov matbuot anjumani boshlanishidan oldin Rossiya jurnalistlariga uchoq Donetsk xalq respublikasi vakillari tomonidan urib tushirilishi mumkin emasligini bildirgan. Peskov xalqaro tergov Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan materiallarga ham tayanishi lozimligini aytdi.

"Malayziya Havo yo‘llari"ning MN17 reys bilan Amsterdamdan Kuala-Lumpurga yo‘nalgan "Boing-777" uchog‘i 2014 yil iyul oyida Ukrainaning sharqida urib tushirilgan.

XS
SM
MD
LG