Линклар

Toshkentlik haydovchilar bir-birlariga o‘zaro beminnat xizmat ko‘rsatmoqda


Toshkent ko‘chalaridan biridagi avtomashinalar.

Toshkent ko‘chalaridan biridagi avtomashinalar.

Internet hamjamiyat orasida mashhur bo‘lgan “Voditeli Tashkenta” guruhi faollari poytaxt va mamlakat yo‘llarida texnik nosozlik tufayli harakatlana olmay qolgan haydovchilarga o‘zaro beminnat yordam xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Facebook tarmog‘ida tashkil etilgan mazkur guruhning a’zolari soni 86 ming kishidan ko‘proqdir.

Ijtimoiy tarmoqda haydovchilar orasida mashhur bo‘lgan “Voditeli Tashkenta” guruhi haydovchilarga o‘zaro yordam ko‘rsatish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Agar biron bir haydovchi akkumulyatori o‘tirib qolgani, baloni teshilgani yoki boshqa bir nosozlik tufayli harakatni davom ettira olmay qolsa, guruh qoshida tashkil etilgan yordam telefoniga murojaat qilishi mumkin.

-Dastlab biz bu xizmatni Telegram’da tashkil qilgan edik. Biz bir-birimizga yordam berishni asosiy maqsad qilib qo‘yganmiz. Shuning uchun bu xizmatni telefon orqali ham yo‘lga qo‘ydik. Ya’ni Telegram yo‘q bo‘lsa, haydovchi bevosita telefon orqali murojaat qilishi mumkin, -dedi “Voditeli Tashkenta” guruhi asoschilaridan biri Yuriy Tigay.

Unga ko‘ra, texnik yordam so‘rayotgan haydovchilarga yordam boshqa bir ko‘ngilli haydovchi tomonidan ko‘rsatiladi va buning uchun yordam so‘ragan haydovchidan hech qanday haq olinmaydi.

-Yordam ko‘rsatuvchilar bizning guruhimiz a’zolaridir. Ularning har birining o‘z ish joyi bor. Ular yordam so‘ragan haydovchiga yaqinroq joyda bo‘lsalar yoki shunchaki zerikib o‘tirgan bo‘lsalar tezda yordamga etib boradilar. Xizmat ishga tushgandan beri kuniga o‘nga yaqin odam telefon qilayapti, ularning hech biri yordamsiz qolgani yo‘q. Haydovchilar har doim bir-birlariga o‘zaro yordam ko‘rsatishga harakat qiladilar, -dedi Yuriy Tigay.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, yordamga muxtoj haydovchilar bu xizmatdan ertalabki soat sakkizdan kechki soat 11gacha foydalanishlari mumkin.

-Hozir asosan akkumulyatori o‘tirib qolganlar yordam so‘ramoqda. Ammo sezishimcha, qishda benzin taqchilligi boshlanganidan so‘ng benzin so‘rab ham telefon qila boshlashadi, -dedi Yuriy Tigay.

O‘zbekistonda so‘nggi yillada vaqti-vaqti bilan benzin taqchillashib qolishi odatiy holga aylanib bormoqda. Yuriy Tigaydan “Voditeli Tashkenta” guruhi bu muammoni bartaraf etilishiga ham e’tibor qaratadimi, deb so‘radik. U “Yo‘q, bu davlatning ishi. Biz bunga aralashmaymiz”, deb javob berdi.

Facebook tarmog‘ida bir necha yil avval tashkil etilgan va haydovchilar orasida ommalashgan “Voditeli Tashkenta” guruhining 86 mingdan ortiq a’zosi bor. Guruh a’zolari o‘zaro O‘zbekiston avtomobilsozligidagi mavjud masalalar, avtomobillarga oid yangiliklar bilan o‘rtoqlashib, bir qator muammolarni ham muhokama qilib keladilar.

Guruh a’zolari turli aktsiyalarni ham o‘tkazadi. Masalan, so‘nggi marta shu yilning sentyabrь oyi o‘rtalarida “Voditeli Tashkenta” gurhining faollari Namangandan Samarqandga velosipedda 521 kilometrlik yo‘l bosib, prezident Islom Karimovning qabrini ziyorat qilib qaytgan 76 yashar Husan Hojiboevga yangi velosiped va xolodilnik sovg‘a qilgan edi.

XS
SM
MD
LG