Линклар

Tataristonda dindorlar g‘azabiga uchragan xonandaning konserti bekor qilindi


Xonanda Rezeda Ganiullinaning "Jonim" klipidan lavha.

Xonanda Rezeda Ganiullinaning "Jonim" klipidan lavha.

Tatariston poytaxti Qozon shahrida xonanda Rezeda Ganiullinaning mahalliy filarmoniya binosida 13 oktabr kuni o‘tishi kerak bo‘lgan konserti bekor qilindi. Konsert bekor qilinish sabablari ochiqlanmayapti. Avvalroq Rezedaning “Jonim” nomli klipi mahalliy din peshvolari e’tiroziga sabab bo‘lgandi.

Xonanda Rezeda Ganiullinaning “Jonim” klipi Bulg‘or shahridagi Oq masjid fonida olingan. Unda qo‘shiqchi arab raqqosalari kiyimida namoyon bo‘ladi va raqsga tushib, xonish qiladi.

Rezeda Ganiullinaning "Jonim" klipi.

Klip yoyinlanganidan keyin Kaban orti masjidi imomi Saidjag‘far Lutfullin ijtimoiy tarmoqlar orqali xonandani tanqid qilib chiqdi. U Rezedani “striptizchi” deb atab, buni “tatar xalqi uchun sharmandali hol” ekanini urg‘ulagan. Bu borada bahs-munozara kuchayishi qabatida Lutfullin Feysbuk tarmog‘idagi o‘z sahifasini o‘chirib tashlagan.

Imom Saidjag‘far Lutfullin.

Imom Saidjag‘far Lutfullin.

Xonandaning tanqidchilari uning arabcha raqs tushganidan ko‘ra ko‘proq bu ish masjid fonida amalga oshirilganiga e’tiroz bildirmoqdalar.

Rezeda Ganiullinaning o‘zi o‘tgan shanba Ozodlikka bergan intervyusida Oq masjid fonida olingan klipidagi holatdan taassuf izhor qilgan.

- Qay bir ma’noda men qaerdadir noto‘g‘ri ish qilganimni va bu bilan, tataristonliklar fikricha, ularning diniy qarashlarini tahqirlaganimni ko‘rib turibman. Bilasizmi, bu borada ijobiy fikrlar juda ko‘p va salbiy fikrlar ancha oz. Salbiy fikrni asosan dindorlarimiz bildirayapti. Ular Feysbukda “yarim-yalang‘och striptizchi masjid oldida raqs tushayapti” kabi yozuvlarni yozib chiqishibdi. Vaholanki, menda hech qanaqa yomon niyat yo‘q edi, klipni o‘z tushunchamdan kelib chiqqan holda olgandim. Mening masjid hududida klip olishimga hech kim to‘sqinlik qilgani yo‘q. Men bu janjalni shu qadar shishirib yuboramiz, deb o‘ylamagandim, - deydi Rezeda Ganiullina.

“Jonim” klipi tufayli ko‘tarilgan janjal ortidan xonanda rasman uzr so‘ragan va barcha joydan o‘z videoroligini olib tashlagan. Shunga qaramay, unga nisbatan zug‘umlar kamaymagan.

So‘nggi kunlarda turli bosimlar sababli sog‘lig‘i yomonlashganini, kasalxonaga yotib davolanmoqchiligini qayd etgan Rezeda oktabr oyidagi konsertini kim bekor qilganini aytishdan bosh tortmoqda.

Ayni paytda Tatariston Musulmonlar diniy idorasi Rezeda Ganiullinaning konserti bekor qilinishiga aloqasi yo‘qligini bildirmoqda.

Avvalroq Rossiyaning Tataristondagi tergov qo‘mitasi “Jonim” klipi bo‘yicha tekshiruv boshlagani xabar qilingandi. Dastlabki tergov taxminlariga, qo‘shiqchi Rezeda Ganiullina qonunchilikning vijdon va din erkinligiga aloqador moddasini buzgan bo‘lishi va bu ish sudga oshishi mumkin. Asnoda Tatariston Musulmonlar diniy idorasi xonandaga nisbatan bunday qattiq chora ko‘rish shart emasligi, tanbeh bilan cheklanish mumkinligini urg‘ulamoqda.

O‘z kliplari va suratlarida “milliy zehniyatga muvofiq libos”da chiqmagan xonandalar avvalroq O‘zbekistonda ham tanqidga uchragan. Estrada qo‘shiqchilari Lola Yo‘ldosheva, Rayhon, Aziza Niyozmetova va Tamila shular jumlasidandir.

XS
SM
MD
LG