Линклар

logo-print

Xitoy elchixonasi o‘zbekistonliklarga viza berishni to‘xtatib qo‘ydi


O‘zbekistonliklarga Xitoy vizasi berishning to‘xtatilishi Bishkekdagi Xitoy elchixonasiga qilingan hujum ortidan ro‘y berdi.

O‘zbekistonliklarga Xitoy vizasi berishning to‘xtatilishi Bishkekdagi Xitoy elchixonasiga qilingan hujum ortidan ro‘y berdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Bishkekdagi Xitoy elchixonasi oldida 30 avgust kuni sodir etilgan terror xuruji ortidan Xitoy Xalq respublikasining Toshkentdagi konsulligi o‘zbekistonliklarga individual viza berishni to‘xtatgan. Vizaning boshqa bir turi - "onlayn guruh viza"siga hujjat qabul qilayotgan konsullik vakillari¸ ayni paytda¸ pasportida Turkiya vizasi bo‘lganlargning aksariyatiga viza berishdan bosh tortmoqda.

"Konsullikda hech kim yo‘q"

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Xitoy elchixonasi rasmiy vakili O‘zbekiston vatandoshlariga viza berishning avgust oyi oxirida to‘xtatilganini tasdiqladi.

“Ha¸ hozir faqat 30 avgustgacha topshirilgan hujjatlar ko‘rib chiqilayapti¸ lekin bu ham hali viza beriladi ularga¸ degani emas. Viza uchun hujjat qabul qilish bir oydan beri to‘xtatilgan. Siz konsullik bo‘limi emas¸ elchixonaga tushdingiz. Hozir konsullikda hech kim yo‘q. Savollaringizga konsullik ochilganda telefon qilib¸ javob topishingiz mumkin”¸ dedi Xitoy Xalq respublikasining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi vakili.

Xitoy elchixonasi qoshidagi Konsullik bo‘limi telefonlariga kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga¸ ovoz yozish mashinasi javob qaytardi¸ xolos.

Poytaxt Toshkentda Xitoyga viza olib berishga ixtisoslashgan qator sayëhlik shirkatlari faoliyat yurg‘izadi.

Ana shunday shirkatlardan biri vakili¸ Xitoy¸ xususan¸ Urumchiga borish uchun individual viza berish avgust oxiridan to‘xtatilgani¸ ayni paytda¸ guruh vizalariga sayyohlik shirkatlari vositasida hujjat qabul qilinayotganini bildirdi.

“Bir oy bo‘ldi¸ viza bermay qo‘yishdi. Har bir davlatning o‘z siyosati bor. Nega to‘xtatgani haqida bizga izoh berishmadi. Lekin guruh bo‘lib boruvchilarga uch-besh kun ichida onlayn viza qilib berayapti. Buning uchun bir kunda borib¸ bir kunda qaytadigan kamida ikki odam vizaga murojaat qilishi kerak. Viza ularning pasportiga emas¸ alohida qog‘ozga qo‘yiladi. Agar bittasi bormay qolsa¸ ikkinchisi ham borolmaydi. Besh-o‘n kishi bo‘lsa ham farqi yo‘q”¸ dedi Toshkentdagi sayyohlik agentliklaridan biri xodimi.

Turkiyachi savdogarga Xitoy yo‘li yopildi?

Ozodlik suhbatlashgan boshqa turistik agentlik vakili¸ Xitoy elchixonasi o‘zbekistonliklarga individual viza berishni to‘xtatish barobarida¸ pasportida Turkiyaga borib-kelganini ko‘rsatuvchi viza stikeri borlarga viza bermayotganini ham qo‘shimcha qildi.

“Bilasiz¸ hozir bizda ham Turkiyadan kelganlarni aeroportdayoq maxsus ro‘yxatga olishayapti. Xavfsizlik uchun. Xitoy ham Turkiyaga borganlarga viza bermayapti. Pasportida Turkiya vizasi borlarga otkaz berayapti. Rossiyada uzoq yurganlarga ham bular shubha bilan qarayapti. Bulardan onlayn gruppovoy viza uchun hujjat¸ pul oladi¸ lekin pasportni olishga borganimizda¸ otkaz berayapti. Negaligini aytishmayapti¸ shu xavfsizlik uchun bo‘lsa kerak”¸ dedi Toshkentda mijozlarga Xitoy vizasi olib berish bilan shug‘ullanuvchi shirkatlardan biri vakili.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ Xitoy konsulligi 15 oktabrdan boshlab o‘zbekistonliklardan individual viza uchun hujjat qabul qilishni boshlashi mumkin. Ammo Xitoy konsulligi bilan bog‘lanish urinishlari samara bermagani bois¸ bu ehtimolning qanchalik haqiqatga yaqinligini aniqlash imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik bilan suhbatda har ikkala sayyohlik shirkati vakili¸ Xitoy elchixonasining o‘zbekistonliklarga individual viza berishni to‘xtatgani va guruh vizalari uchun talablarni kuchaytirgani¸ asosan¸ Urumchidan arzon mahsulot olib kelish bilan shug‘ullanuvchi kichik tadbirkorlar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dira boshlaganini tilga oldi.

Viza berish Bishkekdagi portlash ortidan to‘xtatildi

Ozodlik manbalari ochiqdan-ochiq tilga olmagan bo‘lsa-da¸ O‘zbekistondagi Xitoy konsulligining alohida shaxslarga viza berishni to‘xtatishi Bishkekdagi Xitoy elchixonasi oldida sodir etilgan portlash bilan ayni paytga to‘g‘ri kelmoqda.

30 avgust kuni ertalab “Mitsibusi Delika” rusumidagi avtomashinaga mingan xudkush Xitoy elchixonasining g‘arbiy qismidagi zirhli darvozaga mashinasini urib, portlashni amalga oshirgan va oqibatda bir odam nobud bo‘lgan¸ uchtasi jarohatlangan edi.

Bu voqea ertasiga Bishkekdagi Xitoy elchixonasi Qirg‘iziston vatandoshlariga viza berish jarayonini noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ydi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi 1 sentabr kuni Xitoy vizasi uchun elchixonaga hujjat topshirgan vatandoshlar o‘z pasportlarini vizasiz vazirlik binosidan olib ketishi mumkinligi haqida e’lon qildi.

7 sentabr kuni Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Raxat Sulaymanov¸ portlashni amalga oshirganlar Suriyadagi janglarda ishtirok etayotgan “Jabhad-ul-Nusra” va“Jamoat Tavhid va jihod” guruhining etnik uyg‘ur a’zolari ekani haqida baënot berdi.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, terror harakatini uyushtirganlikda gumonlangan 9 odamdan 5 nafari qo‘lga olingan, 4 odam esa qidiruvga berilgan. Ayblanuvchilardan ayrimlari¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Istanbuldagi sayyohlik agentligi xodimlari bo‘lib chiqqan.

XS
SM
MD
LG