Линклар

Qashqadaryoning Muborak tumani dalalarida paxta terayotgan shifokorlardan iborat hasharchilar guruhi “madaniy hordiq” bahonasi bilan pul yig‘ilayotganidan shikoyat qildi. Hasharchilar har ikki kunda berilayotgan konsertlardan hech kim qoniqmayotganini aytib, daladagi sharoitlar yomonligidan ham nolishdi. Mutasaddilar esa imkon darajasida sharoitlar yaratilganini ta’kidlashdi.

“Konsert uchun har ikki kunda pul yig‘iladi”

Muborak tumanining Guliston qishlog‘i dalalarida paxta terayotgan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialining 400 nafar ishchisi "30-sovxoz" hududiga joylashtirilgan.

Hasharchilar nomidan Ozodlikka yo‘llangan maktubda bir necha muammo tilga olingan. Ulardan birinchisi, “tekin konsert”lar uchun hasharchilardan pul yig‘ilayotgani haqida:

“Bizdan shtab boshliqlari madaniy hordiq (kontsert) uchun pul yig‘ib olishmoqda. Har ikki kunda pul yig‘ishadi. 5000 so‘mdan”, deyiladi hasharchilar maktubida.

Shifokor-hasharchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, berilayotgan konsert dasturlaridan hech kim qoniqmayapti:

“Paxtadan keyin kechqurun bo‘ladi konsertlar. Juda ham zerikarli. Hech kim raqsga ham tushmaydi. Mahalliy qo‘shiqchilar. O‘zi hasharchilarning madaniy hordiq olishlari uchun dalalarda tekin konsert berilmaydimi? Bizdan esa har ikki kunda konsert uchun pul olishadi”, dedi ismi ochiqlanmaslikni so‘ragan hasharchi.

Muborak tuman hokimligi vakillaridan biri hasharchi-terimchilarga beriladigan konsertlar asosan bepul bo‘lishini ta’kidladi:

“Hasharchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun hokimlikning madaniyat bo‘limi hodimlari bir qancha dasturlar ishlab chiqishgan. Ular navbati bilan hasharchilar oldiga borib, konsert dasturlari namoyish qilishadi. Faqat poytaxtdan biror mashhur artist kelib qolsa bir-ikki so‘m pul yig‘ilishi mumkin. Lekin odatda bunaqa konsertlar mutlaqo tekin bo‘ladi”, dedi hokimlik vakili.

Ozodlik Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali direktor o‘rinbosari Barat Qodirov bilan bog‘langanida, u konsertlar uchun pul yig‘ilayotganini tasdiqladi, biroq bu pullar hashar tarzida yig‘ilayotganini ta’kidladi:

- Har haftada osh qilib berayapmiz. O‘zimizning doktorlar ichida qo‘shiq aytadiganlari bor. Kechagi hafta ham 50 kilo osh qilib, bayram qilib berdik. Har hafta bor. Bu hafta ham rejalashtirilgan.

Ozodlik: Kimning hisobidan bular?

- Endi hamma o‘zi ko‘nglidan chiqarib berishadi. Hech qanaqa “sen pul ber” deyilmaydi. Ko‘ngildan chiqarib, o‘sha hashar uchun qilib beramiz,- dedi Barat Qodirov.

Ayni paytda Ozodlik bilan suhbatlashgan hasharchilarning aytishicha, ovqat uchun alohida pul olinadi va buning konsert dasturlariga aloqasi yo‘q:

“Har kuni ovqat uchun tergan paxtamizdan 6300 so‘mdan ushlab qolinadi. Lekin pishirgan ovqatlari bu pulga loyiq emas”, dedi yuqorida gaplashganimiz shifokor-hasharchi.

“Yotoq joyimizdan har kuni ilon chiqadi”

Qarshilik hasharchilar maktubida yotoq joylaridagi sharoitlar yomonligi ham tilga olinadi:

“Har kuni yotoq joyimizdan 3-4 ta ilon chiqadi. Juda ko‘p sichqon bor. Ko‘pchilik ilonni ko‘rib, hushidan ketib qolishdi. Yuragi ushlab qoldi. Keyin doktorga ko‘rsatganmiz”, deyiladi hasharchilar maktubida.

Barat Qodirov hasharchilarning ushbu shikoyatini inkor qilmadi:

- Sichqon-pichqon bo‘lishi mumkin. Ilon ham bo‘lishi mumkin. Ilonsiz dala bo‘ladimi? Ilon bo‘ladida endi. Buni hech inkor etib bo‘lmaydi. Lekin sharoitlari, yotoqlari, necha borib ko‘rganman, hammasi joyida lekin, dedi Barat Qodirov.

Aziz hasharchi-talabalar, siz paxta terayotgan joylardagi vaziyat qanday? Bu haqda Ozodlikka Telegram va WhatsAppga +420 727 971 539 raqami orqali yo‘llang.

XS
SM
MD
LG