Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:16

Toshkentda uy-joyini yashirincha ijaraga berganlar jazolanmoqda


Poytaxtda uy-joyini yashirincha ijaraga berganlar jazolanmoqda. Ajrashishlar o‘z joniga qasd qilishlarga olib kelmoqda. O‘zbekiston maktablarida o‘qituvchilarning 70 foizdan ko‘prog‘i ayollardir. Joriy haftada mahalliy o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Toshkentda uy-joyini yashirincha ijaraga berganlar jazolanmoqda

Toshkentdagi uy-joyini qo‘shimcha daromad ilinjida, hech qanday hujjatsiz, yashirincha ijaraga berayotganlar jazolanmoqda (“Oila davrasida”, 29 sentabr).

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi vakili Yunusjon Nasimjonovga ko‘ra, joriy yilning 8 oyida shahar bo‘yicha ijara bilan bog‘liq 1800 dan ortiq huquqbuzarlik aniqlangan va aybdorlarga chora ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, fuqarolar o‘rtasida uy-joy ijarasi shartnomasi yozma tarzda tuzilishi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim. Aks holda, mulk egalari eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi.

18 yoshga to‘lmagan va pensiya yoshidagi xodimlar ishga kirishda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda endilikda 18 yoshga to‘lmagan va umumiy pensiya yoshiga yetgan fuqarolar, nogironlar, shuningdek, bir qator kasb egalari ishga kirishda va mehnat davrida majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi (“O‘zbekiston ovozi”, 29 sentabr).

Joriy yil 23 sentabrda matbuotda e’lon qilingan va 3 oy ichida kuchga kiradigan “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunda ana shu talab ilgari surilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aliya Yunusovaga ko‘ra, zikr etilgan toifadagi xodimlar tibbiy ko‘rikdan bo‘yin tovlashi mumkin emas. Aks holda, ish beruvchi xodimni ishga qo‘ymaslikka haqli bo‘ladi.

Ajrashishlar o‘z joniga qasd qilishlarga olib kelmoqda

Toshkentda respublikaning boshqa viloyatlariga qaraganda ajrashishlar eng ko‘p qayd etilmoqda (“Toshkent oqshomi”, 28 sentabr).

To‘laqonli bo‘lmagan va nosog‘lom oilalarda esa bolalarning jinoyatga qo‘l urishi kuzatilmoqda. Ajrashishlar, shuningdek, oilaviy nizolar zamiridagi jinoyatlar hamda o‘z joniga qasd qilishlarning ko‘payishiga olib kelmoqda.

Qayd etilishicha, oilada ijtimoiy, ma’naviy muhitning talab darajasida emasligi, yigit va qizlarning turmushga tayyor emasligi, oilaning iqtisodiy asosi mustahkam emasligi, kuyovlarning ishsizligi, yigitlarning ishlash uchun chet ellarga chiqib ketishi ajrashishlarga sabab bo‘lmoqda.

2016 yil may oyida Toshkent shahar hokimi ajrimlarning oldini olish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Yozilishicha, mazkur qaror ijrosi bo‘yicha yetarli ishlar olib borilmayapti.

O‘zbekiston maktablarida – “matriarxat”

Ayni paytda O‘zbekiston maktablarida 385 ming 364 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda.

“Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, ularning 273 065 nafari (70,9 foiz) ayol, 112299 nafari esa (29,1 foiz) erkaklardir. Shulardan 16 mingga yaqini oliy toifali mutaxassislardir.

Mamlakat bo‘yicha 7 nafar o‘qituvchi O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan. 1997 yildan boshlab 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida nishonlanadi.

XS
SM
MD
LG