Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:30

Qirg‘izistonda prezident o‘tkazmoqchi bo‘lgan referendumga qarshi imzo to‘planmoqda


Qirg‘izistonda o‘tgan saylovlardan biridan olingan surat.
Qirg‘izistonda o‘tgan saylovlardan biridan olingan surat.

“Referendumga yo‘l yo‘q” jamoatchilik harakati Qirg‘izistonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan referendumga qarshi ovoz yig‘ish jarayonini boshladi. Ayni paytda Qirg‘iziston parlamenti 29 sentabr kuni ko‘pchilik ovoz bilan referendum to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish va bu borada referendum o‘tkazish prezident Almazbek Atambaevning tashabbusi edi.

“Referendumga yo‘l yo‘q” jamoatchilik harakati referendum o‘tkazmaslik va parlamentni tarqatish talabi bilan imzo yig‘ish jarayonini boshladi.

“Amaldagi qonunchilikka, parlament reglamentiga zid keladigan qarorlarni qabul qilayotgan va jamoatchilik fikriga e’tibor qaratmayotgan, bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga uchib borib davolanayotgan bemor prezident tomonidan boshqarilayotgan parlament prezident ma’muriyatiga to‘la qaram bo‘lib qolgani ayon bo‘ldi. Bunday parlamentning o‘ylanmasdan noto‘g‘ri qarorlar qabul qilish xavfi mavjud”, deyiladi “Referendumga yo‘l yo‘q” harakati faollari tarqatgan bayonotda.

“Vatandoshlar nazorati” jamoat tashkiloti esa parlamentning Konstitutsiyaviy qonunchilik, davlat tuzilishi, sud va huquqiy masalalar qo‘mitasi raisi Asel Koduranovani sudga berdi.

Bunga parlament “Referendum to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishda Konstitutsiya, parlament reglamenti va boshqa qonunlarni buzganligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Qirg‘izistonda nafaqat jamoatchilik faollari, balki parlament deputatlaridan ayrimlari ham Konstitutsiyaga noqonuniy ravishda o‘zgartirishlar kiritilmoqda, bu masalada referendum o‘tkazish Konstitutsiyaga zid, deb hisoblamoqda.

-Konstitutsiyaning qaysi moddasiga binoan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilib, referendum o‘tkazilmoqchi degan savolimga javob ololmadim. Amaldagi qonunchilikda referendumni faqat prezident e’lon qiladi, qonunchilik tashabbusi esa 300 ming vatandosh tomonidan ko‘tariladi. Deputatlar qonunlarni buzgan holda o‘zlari tashabbus ko‘tarib chiqdi. Bu birorta ham qonunda ko‘rsatilgan emas. Demak bu ishlarning hammasi noqonuniydir, -dedi deputat Aida Salyanova.

U ayrim hamkasblari bunday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yganlari uchun kelajakda javob berishlaridan ogohlantirdi.

Qirg‘iziston Konstitutsiyasida Bosh qonunga 2020 yilgacha o‘zgartirishlar kiritish taqiqlangani qayd etilgan. Biroq shunga qaramay prezident Almazbek Atambaev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish jarayonini boshlab yuborgan edi. Shu kungacha bu o‘zgartishlarning mualliflari kim ekani deputatlarga ham, jamoatchilikka ham qorong‘u bo‘lib qolmoqda.

Qirg‘iziston parlamenti Konstitutsiyaviy islohotga yo‘l ochib beradigan “Referendum to‘g‘risida”gi qonunni 29 sentabr kuni 90 ovoz bilan qabul qildi. Bu qonunga qarshi 11 deputat ovoz berdi.

Atambaevning Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish harakati Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyatga ham ta’sir qildi. Konstitutsiyaviy islohotga qarshi bo‘lgan siyosatchilarga nisbatan axborot kompaniyasi boshlandi. Prezidentning 31-avgust kuni bu borada so‘zlagan nutqidan so‘ng esa mamlakatda siyosiy janjal boshlanib, parlament deputati O‘murbek Tekebaev Atambaevni korruptsiyada ayblab chiqdi.

Muxolifat Almazbek Atambaev hokimiyatga ta’sir o‘tkazish salohiyatini saqlab qolish uchun Konstitutsiyaviy islohot o‘tkazmoqchi, deb hisoblaydi. Biroq Atambaevning o‘zi bir necha marotaba prezidentlik vakolati yakunlanadigan 2017 yildan so‘ng prezident ham, bosh vazir ham, parlament deputati ham bo‘lmoqchi emasligini aytgan.

XS
SM
MD
LG