Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:54

Abdulaziz Komilov: Toshkent Dushanbe bilan munosabatlarni qayta tiklashga tayyor


Tojikiston prezidenti bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 29 sentabr kuni Tojikiston prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasida mavjud muammolarni bartaraf etish va do‘stona aloqalarni tobora kengaytirish yo‘llarini muhokama etdi. Mutaxassislar bu uchrashuvni rasmiy Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlar iliqlanishining birinchi qadami o‘laroq baholamoqda.

O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarni tiklamoqchi

29 sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbega amaliy safar bilan kelgan Abdulaziz Komilov mamlakat prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu muloqot ikki davlat o‘rtasidagi yaqin munosabatlarning qayta tiklanishi sifatida baholanmoqda.

Tojikiston prezidenti matbuot kotibi Abdufattoh Sharifzoda Ozodi radiosiga bergan intervyusida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning og‘zaki murojaatini yuborganini bildirdi.

- O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining tashrifi davomida mamlakat rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoevning Tojikiston prezidentiga ikki davlat o‘rtasidagi keyingi aloqalar, mavjud ayrim muammolarni bartaraf etish, an’anaviy qo‘shnichilik, do‘stlik munosabatlarini rivojlantirish borasida shaxsiy murojaatini etkazdi. Brifing davomida janob vazir iqtisodiy, enargetika sohasiga sarmoya kiritish masalasini barqarorlashtirish, ikki davlat o‘rtasidagi temir yo‘l, parvozlar harakatini tiklash masalasiga to‘xtaldi. Shuningdek, adolat asosida suv-energetika muammolarining ikki mamlakat foydasiga hal etish taklifi ilgari surildi, dedi Abdufattoh Sharifzoda.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmati rahbari bu cafardan ko‘zlangan yana bir maqsad – Savdo va iqtisodiy davlatlararo Komissiya faoliyatini ishga tushirish masalasi ham muhokama qilinganini bildirdi.

Uchrashuv chog‘ida ikki qo‘shni davlat hamkorligining madaniy-gumanitar jihatini amalda jonlantirish bugungi kunning real ehtiyoji ekanligiga e’tibor qaratilgani aytildi.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, tomonlar mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qilar ekan o‘z e’tiborlarini mintaqa xavfsizligi Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning asosiy sharti ekanligiga qaratgan. Shuningdek, ikki taraflama muloqotda logistika va transport masalasi ham o‘rtaga tashlangan.

Bu xususda so‘zga chiqqan Tojikiston davlat rahbari Imomali Rahmon Tojikiston va O‘zbekistonning o‘zaro munosabatlar mamlakat tashqi siyosatidagi eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Ta’kidlash joyizki, Abdulaziz Komilov va Imomali Rahmon o‘rtasidagi uchrashuv prezident Islom Karimov vafotidan keyingi ikki mamlakat o‘rtasidagi yuqori darajadagi birinchisidir.

I.Rahmon Samarqanddagi dafn marosimida
I.Rahmon Samarqanddagi dafn marosimida

3 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Islom Karimov dafn marosimida ishtirok etgan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon nutq so‘zlab, tojik xalqi nomidan O‘zbekistonga ta’ziya bildirgan edi.

Munosabatlar iliqlanishi taxmin qilinmoqda

Ayni paytda, qator ekspertlar yaqin orada Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlanishini taxmin qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy minbarida joriy yilning 23 sentabrida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyodagi suv-energetika masalalariga bag‘ishlangan o‘z nutqida birinchi marotaba Tojikistonda Rog‘un GESi qo‘rilishi mavzusini ko‘tarmadi tojikistonlik siyosatshunoslar va jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratdi.

Tojikistondagi demokratik amaliyotlar bo‘iycha jamoatchilik qo‘mitasi rahbari, dushanbelik mustaqil politolog Parviz Mullojonov bu uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning tiklanishi va rivojlanishiga ko‘pchilikka umid bag‘ishlayotganini Ozodlikka bildirdi.

U savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi, eng avvalo, bir qator boshqa masalalar yechimiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

- Chegara, vatandoshlar bordi-keldisi va viza masalalari, havo aloqasi harakatlanishini barqarorlashtirish, chegaradosh hududlarda savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirish kabi masalalar keyingi bosqichga o‘tishga imkon yaratadi. Toshkent va Dushanbe o‘rtasida tuzilgan Savdo va iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha davlatlararo Komissiya oldin ham mavjud edi, ammo faol bo‘lmagan va samara bermagan. Bu tashabbus O‘zbekiston tomonidan chiqqani bois, men bu aloqalar rivojlanishiga ishonchim komil, deya xulosa qildi siyosatshunos Parviz Mullojonov.

Sobiq Ittifoq tarqalgach, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar murakkab kechayotgan edi. Ikki mamlakat o‘rtasida 1992 yil o‘zaro havo parvozlar bekor qilingan bo‘lsa, 2001 yil avval O‘zbekiston, so‘ng Tojikiston o‘zaro viza tartibini kiritdi.

O‘zbekiston Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishiga qarshi bo‘lib kelgan.

O‘zbekistonning ishonishicha, Tojikiston va Qirg‘izistonda GESlarning qurilishi oqibatida transchegaraviy daryolar suvlari bir mamlakatning nazorati ostiga o‘tib qoladi va mintaqa ekologiyasiga juda katta zarar yetkaziladi.

XS
SM
MD
LG