Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:11

Qirg‘iziston hukumati mamlakatdagi YeXHT markazi maqomini pastlatmoqchi


Qirg‘iziston hukumati Bishkekdagi Yevropadagi Xavfsizlik va Hamkorlik (YeXHT) Markazi maqomini 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab programma ofisiga o‘zgartirmoqchi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi bu haqda 27 sentabr kuni tashkilot rasmiylariga rasmiy maktub yubordi.

O‘tgan haftada Bishkek 2010 yilgi O‘sh voqealari uyushtiruvchisi sifatida ayblanib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Qodirjon Botirovga YeXHTning Varshavada o‘tgan inson huquqlariga oid yig‘ilishida so‘z berilganini keskin tandiq qildi.

Mutaxassislar Bishkekdagi YeXHT markazi statusining o‘zgarishi nimalarga olib kelishini muhokama qilmoqdalar.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining Ma’lumot bo‘limi birinchi kotibi Ayimkan Kulukeevaning aytishicha, Qirg‘iziston, bundan avval bir necha marta mamlakatdagi hozirgi vaziyat va tug‘ilgan ehtiyojlarga tayangan holda, YeXHTning samaradorligini oshirish kerakligi haqida bong urgan.

Kulukeevaga ko‘ra, bu haqda oxirgi marta Tashqi ishlar vazirligi yetakchisi Erlan Abdildaev tashkilotga a’zo mamlakatlarning 2016 yilning 1 sentabrida bo‘lib o‘rgan yig‘inida aytib o‘tgan.

“Qirg‘iziston mustaqillikning 25 yilida demokratik islohotlar yo‘lida erishgan yutuqlari hamda YeXHT bilan siyosiy o‘zgarishlar sohasida o‘rnatilgan ko‘p yillik hamkorlikka tayangan holda YeXHT o‘z missiyasini bajardi, desak bo‘ladi. Shu sabab uning loyihalarini qayta ko‘rib chiqish hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hamda xavfsizlikni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratish to‘g‘ri bo‘ladi”, dedi kotib.

Sobiq tashqi ishlar vaziri Akilbek Jekshenkulovning aytishicha, markaz statusi o‘zgaritiriladigan bo‘lsa, Bishkek va YeXHT yangi shatnomlarni imzolashi kerak bo‘ladi. Tashkilot statusi o‘zgarsa, uning faoliyati cheklanishi yoki qattiqroq nazorat qilinishi mumkin.

Ayrimlar Qirg‘iziston rasmiylarining YeXHTga qarshi chiqayotganini tanqid qilmoqda. Sobiq deputat Asiya Sasiqbaeva Bishkek harakatlarini “demokratiyaga zarba” deya baholadi.

Siyosiy tahlilchi Daniel Kadirbaev esa agar tashkilotning statusi o‘zgartirilsa, Bishkek muammolarni xalqaro miqyosda hal qilish imkoniyatini qo‘ldan boy beradi, deb hisoblaydi.

O‘tgan haftada BMT yig‘inida chiqish qilgan tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaev YeXHT harakatlarini tanqid qilar ekan, Botirovga so‘z berilganini “Qirg‘izistonga ko‘rsatilgan hurmatsizlik” deya baholadi.

Qirg‘iziston EXHTga 1992 yil a’zo bo‘lgan. Bishkekdagi markaz 1998 yil tuzilgan va o‘sha yili o‘z faoliyatini boshlagan. Tashkilot inson huquqlari, xavfsizlik, iqtisod va ta’lim sohalarida faoliyat yuritib keladi.

XS
SM
MD
LG