Линклар

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati 2 oktabrga o‘tar kechasi Istanbuldan Bishkekka kelganida “Manas” aeroportida qo‘lga olingan tojik muxolifati faoli Sobir Valievning xotinini hibsdan ozod qildi. Bu haqda ma’lum qilgan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmatining bildirishicha, Janet Xamzaeva Sobir Valievga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan so‘roq qilinish uchun olib kelingan, keyin qo‘yib yuborilgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmatining bildirishicha, 1988 yilda Tojikistonda tug‘ilib, keyinchalik Qirg‘iziston vatandoshligini qabul qilgan Sobir Valievga “davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish”, “lavozimidan o‘z manfaati uchun foydalanish” kabi moddalar bilan jinoyat ishi ochilgan. Ma’lumotnomada Valievga Qirg‘iziston fuqaroligi ham noqonuniy berilgani aytiladi.

Xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, o‘tgan yilning 15 sentabrida Sobir Valiev Qirg‘izistonni tark etgani munosabati bilan jinoyat ishi vaqtinchalik to‘xtatilgan. Sobir Valievning xotini Janet Xamzaeva Bishkekka kelgani munosabati bilan jinoyat ishi qayta ochilib, u so‘roqqa chaqirilgan. Bundan tashqari Janet Xamzaevaning onasi Liliana Kimning uyida tintuv o‘tkazilgan.

Ma’lumotda Sobir Valiev bir necha yil avval Tojikistonni tark etib Qirg‘izistonga kelgani, bu yerda u Qirg‘iziston vatandoshligini qabul qilgani, Janet Xamzaeva bilan besh yil oldin turmush qurgani ham aytiladi.

Bishkekdagi “Kilim shami” nodavlat tashkiloti rahbari Aziza Abdurasulova Janet Xamzaeva Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan 22 soat hibsda ushlab turilganini aytdi. Aziza Abdurasulova 22 soat davomida Xamzaevaning oldiga advokatlar, huquq faollari kiritilmagani, uning onasi uyi ham advokatlarsiz tintuv qilingani noqonuniy bo‘lganini ta’kidladi.

28 yoshdagi Sobir Valiev Tojikistonda taqiqlangan “Gruppa 24” muxolifat guruhining a’zosi bo‘lgan. U Yevropa davlatlarida, Rossiya va Turkiyada guruh tomonidan Tojikiston hukumatini demokratik islohotlarga chaqirish maqsadida o‘tkazilgan qator tadbirlarda ishtirok etgan.

Hozirda Varshavada istiqomat qiluvchi Sobir Valiev o‘tgan hafta Polьsha poytaxtida bo‘lib o‘tgan YeXHT anjumanida Tojikistondagi inson haqlariga oid vaziyatni tanqid qilgandi.

Rasmiy Dushanbening iltimosi bilan Valiev 2015 yilda Moldova poytaxti Kishinevda qo‘lga olingan va bir oy hibsda saqlangan edi. Keyin u sud hukmi bilan ozod qilingan.

“Gruppa-24” harakati 2014 yilda Tojikiston Oliy sudi tomonidan ekstremistik tashkilot sifatida e’lon qilingan va guruh faoliyati taqiqlangan edi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmatining ma’lum qilishicha, Valievga nisbatan jinoyat ishi ham rasmiy Dushanbening murojaatidan so‘ng ochilgan.

Human Rights Watch xalqaro tashkiloti Janet Xamzaevaning qo‘lga olinishidan tashvish bildirib, Bishkek hukumatiga murojaatnoma yo‘llagan edi.

Janet Xamzaevaning o‘zi bilan hozircha jurnalistlar bog‘lana olmayapti.

XS
SM
MD
LG