Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:53

Qozog‘istonda Jurnalistlar uyushmasi raisi olti yilga kesildi


Qozog‘iston jurnalistlar uyushmasi raisi Seytqazi Mataev Ostonadagi sudda, 2016 yil 3 oktabri.
Qozog‘iston jurnalistlar uyushmasi raisi Seytqazi Mataev Ostonadagi sudda, 2016 yil 3 oktabri.

3 oktabr kuni Ostona shahrida Qozog‘iston jurnalistlar uyushmasi raisi, Milliy matbuot klubi prezidenti Seytqazi Mataev va uning o‘g‘li Aset Mataev ishi yuzasidan hukm o‘qildi.

Ostonadagi Esil tuman sudi Seytqazi Mataevni mol-mulkini musodara qilish yo‘li bilan 6 yilga, uning o‘g‘li - “QazTAG” axborot agentligi bosh direktori Aset Mataevni esa 5 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Bundan tashqari, Seytqazi Mataev davlat va tijorat tashkilotlarida mas’ul lavozimni egallash huquqidan uch yilga mahrum qilindi.

Mahkama Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasi raisini tovlamachilik va soliqdan bo‘yin tovlaganlikda aybdor, deb topdi. Uning o‘g‘li esa tovlamachilikda aybdor topilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ota-bola jazoni umumiy tartibdagi qamoqxonada o‘taydilar.

Mahkama Mataevlarni sud zalida hibsga olish haqida qaror chiqardi. Ular mahkama zalini qo‘riqchilar qurshovida, qo‘llariga kishan solingan holda tark etdilar.

O‘tgan hafta mahkamada so‘nggi so‘zini so‘zlagan Seytqazi Mataev mol-mulkiga ko‘z olaytirgan kimsalar “buyurtmasiga ko‘ra” ta’qib qilinayotganini aytgandi. Shuningdek, u o‘zi va o‘g‘li ustidan mahkamani “siyosiy buyurtma” deb ham atagan.

Seytqazi va Aset Mataevlar shu yil fevral oyida qo‘lga olinganlar, keyinchalik ular uy qamog‘ida ushlab turilganlar.

Ota-bola ustidan sud 23 avgust kuni Ostonada boshlangan. Ularga davlat axborot buyurtmasini bajarishda bir necha yuz million tanga mablag‘ o‘marganlik aybi qo‘yilgan. Mahkama paytida Mataevlar zimmalariga yuklanayotgan ayblovlarni tan olmaganlar.

O‘tgan hafta so‘zlagan so‘nggi so‘zida Seytqazi Mataev o‘zi va o‘g‘li ustidan o‘tkazilayotgan sudni “Qozog‘iston jurnalistikasi ustidan o‘tkazilayotgan sud” deb atagandi.

- Bu Qozog‘istondagi so‘z erkinligi ustidan, ifoda erkinligi ustidan o‘tkazilayotgan mahkamadir, - degandi Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasi raisi.

Dushanba kuni hukm o‘qilishidan oldin Seytqazi Mataev jurnalistlar bilan suhbatda o‘zining qamalishiga amin ekani, barcha instansiyalarga shikoyat bilan murojaat qilmoqchi ekani, qozoq sudlari adolat qilmagan taqdirda xalqaro sudlarga murojaat qilish niyatida ekanini aytgan.

Avvalroq Qozog‘istonda Mataevlar ustidan o‘tkazilayotgan sud yuzasidan Yevropa parlamenti, Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasi, Xalqaro matbuot instituti va boshqa tashkilotlar tashvish izhor qilgandilar va qozoq rasmiylarini bu jurnalistlarga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni olib tashlashga chaqirgandilar.

XS
SM
MD
LG