Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:17

Rishtonda davlat narxidagi yog‘ paxta terimiga chiqmaganlarga sotilmayapti


Paxta yog‘i
Paxta yog‘i

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida davlat belgilab qo‘ygan qat’iy narxli o‘simlik moyi paxta terimiga chiqmagan oilalarga sotilmayapti.

Terimda ishtirok etganlarga esa, ularni rag‘batlantirish maqsadida, sanoat mollari va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilmoqda.

Ozodlik tinglovchilaridan birining xabar qilishicha, yog‘ maxsus ro‘yxat asosida mahalla oqsoqollari tomonidan tarqatilmoqda.

“Hozirgi kunda Farg‘ona viloyati Rishton tumanida paxta terimiga chiqmaganlarga davlat magazinlarida mahsulotlar chegirilib berilayapti. Yog‘ ham o‘lchab oiladagi odam soniga qarab jon boshiga yarim litrdan berilayapti”, deb yozdi Ozodlik muxlislaridan biri ijtimoiy tarmoq orqali yo‘llagan xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda Rishton tumanidagi tijorat do‘konlarida 4 litrli paxta yog‘i 45 ming so‘mga pullanayotgan bo‘lsa, “Rishton matlubotsavdo” tashkilotiga qarashli davlat do‘konlarida uning narxi 32 ming so‘mni tashkil etayapti.

“Rishton matlubotsavdo” jamiyatidagi ismini oshkor qilmagan manba paxta yog‘i maxsus ro‘yxatlar asosida mahalla qo‘mitalariga topshirilishini tasdiqladi.

- Yog‘ 5-6 do‘konimizga yetib borgan savdoga. O‘tgan oyda davlat rezervidan berilgan edi. 22 tonna tarqatilayapti hozir. Mahallalarga ajratilgan yog‘ hammasi ro‘yxat asosida mahalla qo‘mitalari orqali tarqatiladi. Yog‘-moy mahsuloti paxtaga ajratilgan maxsus fond asosida ketadi, dedi tashkilot rasmiysi.

Ozodlik suhbatlashgan Rishton tumani Oq Oltin qishloq fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Ozodaxon yosh bola bilan uyda o‘tiradi.

U emizikli bolasi borligi va paxta terimida ishtirok eta olmagani sababli hukumat tomonidan ajratilayotgan imtiyozlardan mosuvo qolganini aytib, dedi:

- Yosh bolam bor. Yog‘ faqat paxtaga chiqqanlarga berilayapti. O‘tgan yili ham shunday edi, xato qilmasam. O‘zimiz bozorlardan sotib olamiz. Endi beriladi, deyishayapti. Ikkinchi terimdan berishni boshlasa kerak. Hozir bizga berilgani yo‘q. Paxta mavsumi boshlangungacha talon yog‘ini olib kelganmiz. Hozir birinchi terim pulini oldi – berib qolsa kerak endi, dedi Ozodaxon.

Ayni paytda, Farg‘ona viloyatida Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning kelishi oldidan deyarli barcha davlat va nodavlat tashkilotlari paxtaga safarbar qilindi.

Rishton tumani paxta shtablari orqali paxta mavsumiga jalb qilinayotgan terimchilar turli buyum va oziq-ovqat mahsulotlari bilan rag‘batlantirilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tuman paxta shtablaridan birida Ozodlikka buyumlar va mahsulotlar terimchilar soniga qarab tarqatilishini bildirishdi.

- Paxta terimiga chiqqanlarni rag‘batlantirishga atlas, adras, kalish, serviz va boshqa har xildagi narsalar tarqatilayapti.Undan tashqari, ro‘yxat asosida faqat terimchilarga makaron, tuxum, guruch, yog‘ bezotkaz berilayapti. Viloyat tomonidan maxsus gruppa nazorati ostida bo‘ladi bu. Bu hammasi odam soniga nisbatan tarqatiladi, dedi tuman shtab boshliqlaridan biri.

Shtab vakili yog‘-moy mahsulotlari paxta terimida ishtirok etayotgan tashkilotlarga davlat narxida sotilishini ham qo‘shimcha qildi.

Shavkat Mirziyoev 16 sentabrdan boshlab mamlakat bo‘ylab safarlarini davom ettirmoqda.

Farg‘ona viloyatida ham vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi, shu bilan birga Bosh vazir kelishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG