Линклар

logo-print

Qirg‘izistonning Chuy viloyat sudi O‘sh voqealarida tartibsizliklarni uyushtirganlik va militsiya xodimini o‘ldirganlikda ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Azimjon Asqarov ishini 4 oktabrdan boshlab qayta ko‘rib chiqishni boshladi. BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi joriy yilning mayida Azimjon Asqarov ishini o‘rganib chiqib, huquq faoli noqonuniy qamoqda saqlanmoqda, degan xulosaga kelgan va Qirg‘iziston hukumatini Asqarovni ozod qilishga chaqirgan edi. Shundan so‘ng Asqarov ishi qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natilgan.

Sud Asqarovni qamoqdan ozod qilish talabini rad etdi

Azimjon Asqarovga nisbatan sud jarayoni Jazoni o‘tash bosh boshqarmasining Bishkekdagi departamenti binosida bo‘lib o‘tmoqda.

Sud o‘z ishini boshlaganidan so‘ng Azimjon Asqarovning advokatlari Nurbek Toktakunov va Valerian Vaxitov BMT Inson huquqlari qo‘mitasi qaroridan kelib chiqib, huquq faolini qamoqdan ozod qilish va uning ishini qayta tergovga jo‘natishni talab qildilar. Jabrlanuvchi taraf esa advokatlarning bu talabiga norozilik bildirdi.

Sud bir soatlik maslahatlashuvdan so‘ng Azimjon Asqarovni qamoqdan ozod qilish va uning ishini qayta tergovga jo‘natish talabini qanoatlantirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Asqarov: Guvohlarni va meni yolg‘on detektorida tekshirtiring

Shukndan so‘ng sud jarayoni davom etib, sudlanuvchi Azimjon Asqarovga so‘z berildi.

-Hurmatli sud, prokurorlar, diplomatlar! Men qamoqqa olinganimdan so‘ng sobiq bosh prokuror Azimjan Beknazarov olamonni Azimjon Asqarov boshqarib turgani to‘g‘risidagi videoni ko‘rgani haqida aytgan edi. Mana oradan 7 yil o‘tdi, hukumat esa haligacha bu videoni oshkor etgani yo‘q. Men barcha guvohlar yolg‘on detektorida tekshirilishini iltimos qilaman. Voqea joyida men yo‘q edim. Alloh nomi bilan qasam ichamanki, u yerda men bo‘lmaganman, -dedi Azimjon Asqarov.

Huquq faoli, shuningdek, o‘zini ham yolg‘on detektorida tekshirishlarini talab qildi. Biroq sud tomonidan bu talab inobatga olinmadi.

Bunga javoban esa prokurorlar jinoyat ishi materiallarida Azimjon Asqarov ishtirokidagi video mavjud ekanini aytdilar. Prokurorlar, agar voqea joyidan olingan yangi video mavjud bo‘lsa, uni ham o‘rganishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ayni paytda Asqarovga nisbatan sud jarayoni davom etmoqda. Sudning borishi haqida kun davomida tanishtirib boramiz.

BMT Asqarov ozod etilishi shartligi to‘g‘risida qaror chiqargan

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ekspertlari joriy yil 20 aprelda Azimjon Asqarov ishini ko‘rib chiqib, Qirg‘iziston hukumatini huquq faolini qamoqdan ozod etishga chaqirgan.

Qo‘mita qarorida Asqarovning soxta ayblovlar bilan qamalganiga ishonilishi qayd etilgan. BMT ekspertlariga ko‘ra, Azimjon Asqarovga 2010 va 2011 yilda o‘tgan sudlarda o‘zini himoya qilish uchun imkoniyatlar berilmagan, sudlarda faqat ayblov tomonining guvohlari, asosan, militsiya xodimlari guvohlik bergan. Asqarovning himoya tomoni guvohlariga esa bunday imkoniyat berilmagan, Asqarov advokatlarining xavfsizligi ta’minlanmagan.

Mazkur qaror ortidan iyul oyida Qirg‘iziston Oliy Sudi Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqqan edi. Oliy Sud o‘z qarorida Asqarovga nisbatan Jalolobod viloyat sudi va Oliy Sud chiqargan umbrbod qamoq jazosi to‘g‘risidagi hukmni bekor qildi, Biroq birinchi sud instansiyasi bo‘lgan Bozorqo‘rg‘on tuman sudining umrbod qamoq to‘g‘risidagi hukmi o‘z kuchida qoldi. Oliy Sud Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natdi. Azimjon Asqarov ishi qayta ko‘rib chiqilguniga qadar qamoqda saqlanadi.

Azimjon Asqarovga o‘tgan yili AQSh Davlat departamentining “Inson huquqlari faoli” mukofoti topishirilgan edi. Shundan so‘ng Bishkek hukumati norozilik sifatida Vashington bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasini bekor qilgan.

XS
SM
MD
LG