Линклар

logo-print

4 oktabr kuni AQSh Davlat departamenti 2018 yilgi Diversity Visa (Green Card) uchun ariza qabul qilish jarayonini boshladi. Green Card lotereyasi e’lon qilinishi bilan O‘zbekistonda yana o‘rtakashlar harakatga tushgani kuzatilmoqda. Ushbu jarayon mutlaqo bepul bo‘lishiga qaramasdan turli saytlar orqali o‘z “yordamlari”ni taklif qiluvchilar guruhlarini bu yil ham uchratish mumkin.

Green Card orzusida bo‘lgan toshkentlik ayolning aytishicha, anketa to‘ldirish uchun Samarqanddan o‘rtakash topgan va uning yordamida lotereyadan yutish umidida:

“Bir tanishim ikki yil oldin o‘sha samarqandlik kishi yordamida Grin Karta yutib oldi. Men uni telefon orqali topib, uchrashib, gaplashdim. Anketamizni o‘zi to‘ldirib jo‘natar ekan. Pul olmadi. “Anketa to‘ldirish tekin” dedi. “Lekin yutuq chiqsa, keyingi jarayon uchun 4500 dollar berasizlar” dedi. Umid qilib o‘tiribmiz”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan toshkentlik ayol.

Green Card yutish uchun “yordam qo‘lini cho‘zuvchi” o‘rtakashlar Samarqandda ancha ekani aytiladi.

Ozodlik muxbiri Internet orqali shunday o‘rtakashlardan birini topib, u bilan telefon orqali bog‘lanib, mijoz sifatida undan maslahat so‘radi:

“Anketa to‘ldirish jarayoni bepul. Bir so‘m ham pul olinmaydi. Bu bizning reklamamiz sifatida. Sizga bepul xizmat qilib, o‘zimizni reklama qilayapmiz. Yutuq chiqqach, bizning klentimiz bo‘lib qolishingiz uchun. Agar sizga yutuq chiqsa, hujjatlarni to‘plash va elchixonadan suhbatdan o‘tishda ko‘rsatiladigan ko‘mak uchun pul olamiz. Ushbu jarayon bo‘yicha maslahat beramiz. O‘zimiz hujjatlarni yig‘amiz. Buning uchun oila a’zolari sonidan kelib chiqib narx belgilaymiz. Taxminan 3500-4000 dollar bo‘ladi”, dedi Green Card bo‘yicha maslahat beruvchi yigit.

Samarqandlik bloger-jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaevning Ozodlikka aytishicha, shu kunlarda Green Card bilan bog‘liq firibgarliklar bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazmoqda.

Uning o‘rganishicha, Samarqandda lotereyani to‘ldirish uchun harakatlar aslida yozda boshlangan va 4 oktabrdan anketalarni kompьyuter orqali jo‘natish jarayoni ketayapti:

- Grin karta bo‘yicha anketa to‘ldiruvchi firmalar yoz davomida Samarqandda ishladi. O‘zimizni mahallaga, uyimizga 2-3 firmalardan "Grin karta o‘ynaysizlarmi?", deb kelishgan. Albatta ular norasmiy firmalar. Ular turli-xil ishlar bilan shug‘ullanishlari mumkin. Lekin Grin karta to‘ldirish bu ular uchun qo‘shimcha daromad manbai. Agar Grin karta chiqsa agar, Grin kartaning kodi o‘sha firmaning qo‘lida bo‘ladi. Firma o‘sha odamlarni chaqirib, "Mana Grin karta yutdingiz, agar bormoqchi bo‘ladigan bo‘lsangiz, bizga mana shuncha berasiz", deb katta miqdordagi pulni aytadi. 10 millionmi- 15 millionmi (so‘m demoqchi.- tahr). Chunki bu odamlar odatda ingliz tilini bilmaydi, kompьyuter bilan ishlashni ko‘plar bilmaydi. Shuning uchun majbur bo‘lib, pulni to‘lab, keyin jarayonni davom ettiradi, - dedi Rahmatullaev.

Toshpo‘lat Rahmatullaev taxminicha, hujjatlarni tarjima qilish bilan shug‘ullanadigan shirkatlar Green Card firibgarligiga aralashgan.

AQSh Davlat departamenti¸ xususan¸ AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi fuqarolarni Green Card bilan bog‘liq turli firibgarlik sxemalaridan uzoq turish¸ xususan¸ o‘rtakash shirkatlarning pullik xizmatidan foydalanmaslikni tavsiya qiladi.

Ozodlik ikki yil avval o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv natijasida¸ xususan¸ Samarqanddagi o‘rtakash shirkatlarning fuqarolar shaxsiy ma’lumotlarini ular ruxsatisiz o‘g‘irlab¸ Green Card lotereyasiga jo‘natishi¸ yutuq chiqqanlarga bu yutuqni tasdiqlovchi maxsus kodlarni 10 ming dollargacha bo‘lgan “suyunchi” evaziga pullashi aniqlangan edi.

Lekin O‘zbekistonda shu paytgacha Green Card firibgarliklari bo‘yicha biror odamga jazo berilgani haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Green Card nima o‘zi?

1990 yilda Kongress tomonidan qabul qilinib¸ 1995 yildan kuchga kirgan Immigratsiya Aktiga muvofiq¸ muhojirlar asos solgan AQShga har yili 55 ming xorij fuqarosining qonuniy kelib¸ yashab va ishlashiga ruxsat etilgan.

Bunday ruxsat esa¸ AQSh Davlat departamenti har yilning oktyabrь oyida e’lon qiladigan bir oylik jaraën davomida Green Cardga murojaat qilgan millionlab odam orasidan qur’a tashlash yo‘li bilan yutganlarga kelasi yil may oyida taqdim etiladi.

Keyingi bir necha yil mobaynida yiliga 5000 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi¸ Green Card sohibi sifatida AQShga ko‘chib ketmoqda. Lotereyani yutganlar barobarida ular bevosita oila-a’zolarining ham AQShda yashash haqqini qozonishi inobatga olinsa¸ Green Card bilan ko‘chib ketaëtgan o‘zbekistonliklar sonining yiliga bir necha o‘n mingga etishini taxmin qilish mumkin.

AQSh Green Cardiga qanday murojaat qilish kerak?

Ushbu savolga OzodJavobning maxsus sonida batafsil to‘xtalganmiz. ​

XS
SM
MD
LG