Линклар

Mirziyoev boradigan yo‘llarga shoshilinch asfalt bosilmoqda


Islom Karimov Samarqandga dafn qilinishidan bir kun oldin Chorraha masjidi atrofi ham shoshilinch asfalьt qilingan edi.

Islom Karimov Samarqandga dafn qilinishidan bir kun oldin Chorraha masjidi atrofi ham shoshilinch asfalьt qilingan edi.

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev borish ehtimoli bo‘lgan barcha tumanlardagi avtomobil yo‘llari ikki-uch kun orasida shoshilinch tarzda asfaltlanyapti. Mutaxassis fikricha, shoshma-shosharlik bilan bosiladigan asfalt sifatsiz bo‘lib, juda tez orada ishdan chiqadi va katta mehnat hamda mablag‘ning zoe ketishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning qadami tegishi ehtimoli bo‘lgan hududlarda shoshilinch tarzda obodonchilik ishlari olib borilyapti.

Samarqand viloyatining Urgut tumanida ham Shavkat Mirziyoevni kutib olish uchun bir haftadan buyon kechayu-kunduz ish tinmayapti.

Ismi sir qolishini so‘ragan urgutlik manbaning aytishicha, so‘nggi uch kun davomida tuman hududiga kiruvchi magistral va ichki avtomobil yo‘llariga shoshilinch tarzda asfalt bosildi:

“Muvaqqat prezident kelishi oldidan hamma tomonni yarqiratib yuborishdi. Olti yildan buyon remont ko‘rmagan yo‘llar ikki kun ichida asfaltlanib tashlandi. Lekin bu ishlar juda shoshilinch tarzda qilinyapti. Moshinada asfaltni olib keladida, tekislab ustidan uch-to‘rt marta bosadida, foydalanishga topshirib yuborishadi. Lekin, texnologik jihatdan noto‘g‘ri bosilgan bu asfalt yo‘llar uzog‘i bilan bir yidan so‘ng buzila boshlaydi. Usti yaltiroq, ichi qaltiroq”, dedi urgutlik manba.

Xorazmlik Ozodlik manbasining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoevning viloyatga kelishi munosabati bilan juda qisqa vaqt orasida Xiva – Qo‘shko‘pir avtomobil yo‘liga ham shoshilinch tarzda asfalьt bosilgan:

“Mirziyoev kelmasidan oldin viloyat hokimi Xiva – Qo‘shko‘pir avtomobil yo‘lini ikki kunda asfalt qildirdi”, deydi xorazmlik manba.

O‘zbekistonlik mutaxassisning aytishicha, o‘z hududlarini muvaqqat prezident ko‘ziga chiroyli ko‘rsatish uchun qilinayotgan bu ishlar byudjet mablag‘ining besamar sarflanishiga sabab bo‘lyapti.

O‘zbekistondagi yo‘l qurilishi tashkilotlaridan birida ishlaydigan muhandisning mikrofonsiz suhbatda Ozodlikka aytishicha, ayni paytda shoshlilinch tarzda asfaltlanayotgan yo‘llarning sifati texnologik talabga sira ham javob bermaydi:

“Non yopishning o‘z texnologiyasi bo‘lgani kabi, asfalt yotqizishning ham o‘z tartibi bor. Avtomobil yo‘liga yangi asfalt yotqizish uchun eski asfalt avval maxsus agregatda chizellanadi. Keyin unga saqich quyilib, gudernator bilan gudernatsiya qilinadi. Saqich issiqda erib, eski asfalt yoki tuproq bilan qorishadi. So‘ng greyder bilan bir xil qilib tekislanadi. Bu holatda uch-to‘rt kun turganidan so‘ng, uning ustidan asfalt bosiladi. Agar asfaltning tagiga yaxshi ishlov berilmasa, u qoru-yomg‘irlardan so‘ng ko‘cha boshlaydi”, dedi muhandis.

Mutaxasissisning aytishicha, kapital ta’mirlangan yo‘l eng kamida 10 yil xizmat qilishi kerak:

“Bizda kapital ta’mirlangan yo‘llarning umri 15 yil qilib belgilangan. Kamida 10 yil ishlab berishi kerak. Endi, prezident kelarmish deb, yo‘llarni ikki-uch kun ichida asfalьtlash, bu kaltabinlik va ahmoqlikning o‘zi. Bir-ikki yildan so‘ng, bu yo‘lda yamalar paydo bo‘ladi, asfalьt ko‘cha boshlaydi. Bu davlat byudjetidagi pullarning talon-taroj qilinishidir”, dedi O‘zbekistondagi yo‘l qurilishi tashkilotlaridan birida ishlaydigan muhandis.

Mirziyoevning Namanganga tashrifi oldidan shahardagi “Chorsu” mehmonxonasining atrofidagi yo‘llar belkuraklar yordamida shoshilinch asfalьt qilingan edi.

O‘zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoevning viloyat va tumanlarga safari oldidan byudjet tashkiloti ishchilari ham obodonlashtirish ishlariga majburiy safarbar qilinmoqda.

Jumladan, Shavkat Mirziyoevning Toshkent viloyati Angren shahriga tashrifi arafasida shahardagi tashkilot xodimlari, maktab va kollej o‘quvchilaridan iborat minglab odam majburiy hashar ishlariga jalb etilgan edi.

XS
SM
MD
LG