Линклар

Toshkent tadbirkorlari bozorlarda terminal orqali sotib olinayotgan tovarga qo‘yilayotgan ustamani 20 foizdan oshirishga majbur bo‘layotgani va mijozlarni yo‘qotayotganidan arz qilmoqda. Poytaxtda savdo qilayotgan bozorchilar buni naqd pulning taqchilligi va terminal orqali savdo qilayotgan nuqtalarning kamligi bilan izohlamoqda.

“Molimiz narxini oshirishga majburmiz”

Toshkent shahar“Bek-Baraka” bozorida savdo qilayotgan tadbirkor o‘z hisobida yotgan pullarning 15-20 foizini “obnalichkaga” sarflayotganidan shikoyat qildi.

Toshkentlik savdogar aynan shuning hisobiga u sotilayotgan tovarlarning narxini oshirishga majbur bo‘layotganini aytadi.

- “Obnalichka” hatto 25-30 foizga ham chiqdi. Naqd pul tushumi yo‘q. Odamlarga yaxshi bo‘lishi uchun terminal qo‘ydirdi, sotishni boshladim. Naqd pul esa yeyish-ichishdan ortmayapti! Arendaga naqd berishimiz kerak – har bir do‘kon 600 dollardan.Nalogoviy keldi. Ularga “Men 1 oyda terminaldan 50 million so‘m savdo qildim. Qaerdan naqd pul olaman?”, desam “Pulni qarzga bo‘lsa ham olib kelasan, do‘koningni keyin ochaman”, dedi. Aslida men terminal savdosida yutqazaman – bank oladi foizini, har oy terminalga, mayda soliqlar uchun olinadi. Ustamani oshirishga majbur bo‘lsam, mijozlarimni qanday qilib saqlab qolishim kerak?! Raqobat juda kuchli, dedi suhbatdosh.

Biznesmen bir yil oldin kartochka orqali savdoga yoki pulni naqd qilishga 10 foizli ustama mavjud ekanini eslatdi.

U, shuningdek, banklar topshirilgan naqd pullarni ham plastikka tushirishdan bosh tortayotgani, yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan “korporativ” kartalarga esa naqd pul chiqarilmayotganini ma’lum qildi.

“Bozorlarda terminal kamayib ketgan!”

Toshkent bozorlaridagi naqd pul taqchilligi va pul “obnalichkasi” foizi oshib borayotganini Ozodlikka gapirgan Rustamjon bozorlarda terminallar keskin kamayib ketibdi, deydi.

Uning fikricha, aynan tadbirkorlarda teriminallarning yo‘qligi ustama foiz hamda narx-navoning oshishiga olib kelmoqda.

- O‘tgan kuni Abu-Sahiyga bozorga muzlatkich olgani tushdim. Bor-yo‘g‘i ikkita-uchta do‘konda terminal o‘rnatilgan – qolganlarida yo‘q! Borida – foizi katta: muzlatkich ololmasdan qaytdim. Odamlarning hamma puli plastikka tushirilganidan keyin qiyin bo‘lib ketayapti. Oladigan narsangiz terminalga bo‘lmagani uchun, yechtirishga majbur odamlar. Summangizga qarab do‘konlarda o‘z narxidan 15-20 foiz qo‘yib sotishayapti, dedi Rustamjon.

Ayni paytda, yirik savdo markazlarida ham naqdsiz savdo-sotiq kamida 10 foizli ustama bilan amalga oshirilmoqda.

“Korzinka.uz” ulgurji va chakana savdo markazida Ozodlik so‘roviga har qanday tovar “atigi” 10 foizli ustama qo‘yilishini tasdiqlab berishdi.

Savdo markazi menejerlaridan biri naqd pulga tovar o‘z narxida berilishini aytadi:

- Yo‘q, foizimiz 10 foiz, aka. Lyuboy tovarga. Masalan, 4200 so‘mga shakar olsangiz, ustiga 10 foiz qo‘yiladi. Agarda naqd pulga olsangiz – o‘z narxida bo‘ladi, deya tushuntirish berdi Korzinka.uz savdo menejeri.

Shu bilan birga,O‘zbekistonning ko‘plab savdo shahobchalarida kassa apparatlari amalda ishlatilmayotgani haqida Ozodlikda ma’lumotlar bor.

“Kartochka va terminallardan bezor bo‘ldim!”

Toshkent shahrida tadbirkorlik qilayotgan Avazbek terminal va kartalardan bezor bo‘lgani, to‘liq naqd savdo qilishga o‘tib ketgani sabablarini bunday tushuntirishga urindi.

- To‘g‘risi, men karta olmayapman! Karta olsam ham, Koka-kola olib, pulimni yechib olayapman. Hech keragi yo‘q narsa bo‘layapti! Lyuboy do‘konchiga kirsangiz naqd pul yo‘q deydi. Hamma narsada foizi bor. Masalan, “Korzinka”ga kirib, narsa olaman desangiz – narx osmonda! Bizda yog‘ 9,5 ming bo‘lsa, ularda 12-13 ming. Odamlar shuning uchun olmaydi. Ustiga ustamasi qo‘yilsa 15-20 foiz bo‘lib ketayapti. Oldin 10 foiz bo‘lsa, hozir hammasi 20 foizga chiqdi. Tadbirkor moli 20 foizga oshayapti, odamlarga esa 40 foizga sotayapti, dedi Avazbek.

Avazbek ham narxlarning oshirilishiga naqd pul taqchilligi va terminal tizimidagi muammolarni sabab qilib keltirdi.

U bu holat mamlakatning barcha bozorlarida kuzatilmoqda, deydi.

- Odamlar yo‘l topa olmayapti! 20 foizim osmonga uchib ketayapti. Masalan tuxum sotib olsam, 20 foizdan qo‘yaman, 40 foizdan sotayapman. Kimga qiyin?! Oddiy xallqa-da, dedi Avazbek.

Ozodlik naqd pul taqchilligi tufayli O‘zbekistonda ayrim viloyat hokimlari byudjet tashkilotlari rahbarlari va fermerlarga banklarga naqd pul topib topshirish majburiyatini yuklagani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Hokimlarning bu qarorini bajarish uchun korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari qo‘l ostidagi xodimlardan naqd pul olib kelib topshirishni talab qilgan.

Shu yilning sentabrida yagona soliqqa tortiladigan kichik tadbirkorlik sub’ektlari va individual tadbirkorlar¸ yodgorlik va xalq hunarmandligi mahsulotlari bilan savdo qiladigan do‘kondorlar¸ ko‘chma va yoyma savdo nuqtalari egalariga kassa-nazorat texnikasini qo‘llamasdan naqd pul yoki plastik karta terminallari orqali savdo qilish huquqi berilgani ham aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG