Линклар

logo-print

Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi yoyinlagan bayonotda Bishkek rasmiylari zudlikda O‘sh voqealarida tartibsizliklarni uyushtirganlik va militsiya xodimini o‘ldirganlikda ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Azimjon Asqarovni qamoqdan bo‘shatishi shart ekani ta’kidlangan. Qirg‘izistonning Chuy viloyat sudi Azimjon Asqarov ishini 4 oktabrdan boshlab qayta ko‘rib chiqishni boshladi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi e’lon qilgan bayonotda“Qirg‘iz hukumati BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi qarorini to‘liq bajarib, Azimjon Asqarovni zudlikda ozod qilishi shart”, deb aytiladi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Azimjon Asqarov o‘z faoliyati davomida militsiya va prokuratura xodimlarining noqonuniy harakatlarini fosh etgani va 2010 yilgi millatlararo nizoning boshlang‘ich stadiyalarini hujjatlashtirib borgani uchun huquq faolidan o‘ch olinganini aniqlagan.

“Biz Qirg‘izistonni, qanchalik achchiq bo‘lmasin, nihoyat uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan adolatsizlikni tan olishga va Azimjon Asqarovni zudlikda ozod etishga chaqiramiz. Asqarov Qirg‘iziston janubida inson huquqlari buzilishi holatlarini hujjatlashtirib kelgani uchun undan o‘ch olinib, o‘zi sodir etmagan jinoyatda ayblanib 6 yildan ko‘proq vaqtdan beri qamoqda saqlanmoqda. Uning qamoqda qolayotgan har bir kuni Asqarov ozod etilishi shartligini bildirgan BMT oldida Bishkek inson huquqlari borasidagi majburiyatlarini bajarmayotganini anglatadi”, dedi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturlari muvofiqlashtiruvchisi Nina Ognyanova.

Qo‘mitaning mazkur bayonoti 4 oktabrda Chuy viloyat sudida Azimjon Asqarov ishi qayta ko‘rib chiqilishi arafasida e’lon qilindi.

4 oktabrda o‘tgan mahkamada Azimjon Asqarov qo‘lida Qur’on bilan aybsiz ekani haqida qasam ichdi va o‘zini yolg‘on detektorida tekshirishlarini talab qildi:

- Agar mening aybdorligim isbotlansa, men o‘zimga omma oldida oliy jazo berilishini so‘rayman. Bu Qur’on. Alloh nomi bilan, bolalarim nomi bilan qasam ichamanki,men aybdor emasman. Men voqea joyida bo‘lmaganman. Bu militsiya va Bozorqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan o‘ylab topilgan inssenirovka, -dedi Azimjon Asqarov.

Biroq sud Asqarovning bu iltimosini inobatga olmadi. Shuningdek, sud advokatlarning BMT Inson huquqlari qo‘mitasi qaroridan kelib chiqib, Asqarovni ozod etish va ishni qayta tergovga jo‘natish talabini ham rad etdi.

Asqarov va advokatlarning bunday bayonotlari jabrlanuvchi tomonning keskin qarshiligiga uchradi. Sudda guvohlik berayotgan militsionerlarning ko‘pchiligi Asqarovni aybdor, deb bilishlarini va u tartibsizliklarga rahbarlik qilganini ko‘rganlarini, ayrimlari esa voqea joyida Asqarov bo‘lmaganini aytmoqdalar.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ekspertlari joriy yil 20 aprelda Azimjon Asqarov ishini ko‘rib chiqib, Qirg‘iziston hukumatini huquq faolini qamoqdan ozod etishga chaqirgan.

Qo‘mita qarorida Asqarovning soxta ayblovlar bilan qamalganiga ishonilishi qayd etilgan. BMT ekspertlariga ko‘ra, Azimjon Asqarovga 2010 va 2011 yilda o‘tgan sudlarda o‘zini himoya qilish uchun imkoniyatlar berilmagan, sudlarda faqat ayblov tomonining guvohlari, asosan, militsiya xodimlari guvohlik bergan. Asqarovning himoya tomoni guvohlariga esa bunday imkoniyat berilmagan, Asqarov advokatlarining xavfsizligi ta’minlanmagan.

Mazkur qaror ortidan iyul oyida Qirg‘iziston Oliy Sudi Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqqan edi. Oliy Sud o‘z qarorida Asqarovga nisbatan Jalolobod viloyat sudi va Oliy Sud chiqargan umbrbod qamoq jazosi to‘g‘risidagi hukmni bekor qildi, Biroq birinchi sud instantsiyasi bo‘lgan Bozorqo‘rg‘on tuman sudining umrbod qamoq to‘g‘risidagi hukmi o‘z kuchida qoldi. Oliy Sud Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natdi. Azimjon Asqarov ishi qayta ko‘rib chiqilguniga qadar qamoqda saqlanadi

XS
SM
MD
LG