Линклар

O‘zbekistonda terimchilarga beriladigan haq juda kam bo‘lgani bois, Qozog‘istonga chegaradosh viloyatlarda yashaydigan aholi qo‘shni davlatga o‘tib paxta termoqda. Qozog‘istonda ishlayotgan vatandoshlarning aytishlaricha, u yerda har kilogramm terilgan paxtaga O‘zbekistondagiga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p haq to‘lanyapti va yollanma ishchilar uchun qulay sharoit yaratilgan.

Hanifa Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida yashaydi. U har yili kuzda qo‘shni Qozog‘istonga paxta tergani boradi.

Bu yil ham Hanifa Janubiy Qozog‘iston viloyatining Maktaaral tumanidagi fermerlardan birining dalasida paxta teryapti.

U va yana to‘rt ayolning Qozog‘istonga kelganiga uch hafta bo‘lgan.

Hanifa Ozodlik bilan suhbatda ovozini yozib olishimizni istamadi.

Uning aytishicha, mehnatiga to‘lanadigan haqning ikki baravar ko‘pligi bois u paxta tergani kelgan:

“Bu yerda har kilogramm tergan paxtamizga 25 qozoq tangasidan pul beryapti. Bu bizning 450 o‘zbek so‘miga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa har kilogramm paxtaga 250 so‘mdan beradi. Lekin shuni ham vaqtida va to‘liq ololmaymiz. Buning ustiga har o‘n kilodan bir kilo skidka qiladi. Bu yerda esa skidka ham qilishmaydi. Har kunlik paxtamizga naqd pul olamiz. Bir kunda 120-150 kilogacha paxta teramiz”, dedi Hanifa.

Terimchiga ko‘ra, fermer ular uchun barcha sharoitni yaratib bergan:

“Bu yerda ishchi kuchi kam, shuning uchun ham bizni ketib qolmasin deb, fermerlar sharoit yaratib bergan. Ertalab, choy, non, sariyog‘, shakar beradi. Tushlikda va kechqurun issiq ovqat. Yotar joyimiz ham yaxshi. Bularning hammasi fermer hisobidan”, dedi Hanifa.

Jizzax viloyatining “Do‘stlik” tumanida traktorchilik qilayotgan Haydarjon ham ularning mahallasidan qariyb o‘n nafar odam Qozog‘istonga paxta tergani ketganini aytdi:

“Qozog‘istonda qarindoshlarimiz bor. Ulardan biri fermer, paxta yetishtiradi. Odam olib kelinglar, dedi. Xotinim va qo‘ni-qo‘shnilar bir guruh bo‘lib ketishdi. Telefonlashib turibman, har kuni yuz kilodan ortiq paxta terishyapti ekan”, dedi Haydarjon.

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani hokimiyatida ishlaydigan Ozodlik manbasi o‘zbekistonliklarning Qozog‘istonga o‘tib paxta terayotganini inkor qilmadi:

“Bu bor narsa. Lekin avvalgi yillarga nisbatan kamaygan. Chunki ilgari Mirzacho‘l tumani bilan Maktaaral tumani o‘rtasida chegara o‘tkazuv posti bor edi. O‘sha paytda minglab o‘zbekistonliklar Qozog‘istonga o‘tib paxta terishardi. Yetti-sakkiz yil burun bu postni yopishdi. Lekin odamlar endi Chinozdagi postdan o‘tib, 250-300 kilometr ortiqcha yo‘l bosib, paxta tergani ketishyapti. Lekin ayni paytda qancha odam ketgani aniq emas”, dedi hokimlik mulozimi.

Janubiy Qozog‘iston viloyatining Maktaaral tumanidagi fermerlardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, uning paxtasini asosan o‘zbekistonlik terimchilar terayotganini aytdi:

“Mening dalamga har yili Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidan yigirmaga yaqin odam paxta tergani keladi. Qo‘shni fermerlarimizda Farg‘ona, Namangan viloyatlaridan kelgan terimchilar ham bor. O‘zimizning mahalliy aholiga kilosiga 30 tangadan bersang ham termaydi. O‘zbekistonliklar esa zo‘r, 20-25 tangadanga ham teraverishadi”, dedi fermer.

O‘zbekistonda bu yil har kilogramm terilgan paxta uchun 250-260 so‘mdan haq berilyapti. Agar terimchi bir kunda g‘ayrat qilib 100 kilogramm paxta tersa, 25 ming so‘m bo‘ladi. Bu qora bozor kursida 4 AQSh dollariga teng. Terimchining ovqati o‘zining hisobidan bo‘ladi.

Ayni paytda, Qozog‘istonda 100 kilogramm terilgan paxtaga 7,5 AQSh dollari miqdorida pul to‘lanyapti. Terimchilarning uch mahal ovqati va yotar joyi ham ish beruvchi hisobidan bo‘lmoqda.

O‘zbekistondagi naqd pul taqchilligi, terim haqining o‘z vaqtida berilmasligi, terilgan paxta vaznidan chegirib qolinishi ham vatandoshlarni ish haqi ko‘proq va naqd pul beradigan Qozog‘iston tomon borishga undamoqda.

XS
SM
MD
LG