Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:37

JCh-2018: O‘zbekiston-Eron o‘yiniga chiptalar chayqovchilar qo‘lida sotilmoqda


"Bunyodkor" stadioni kassasi oldidagi bundan 3 yil oldin kuzatilgan vaziyat xuddi bugungi holatni eslatadi. 2013 yilning 7 iyuni.
"Bunyodkor" stadioni kassasi oldidagi bundan 3 yil oldin kuzatilgan vaziyat xuddi bugungi holatni eslatadi. 2013 yilning 7 iyuni.

6 oktabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati-2018 saralash bosqichi doirasida Eronga qarshi maydonga tushadi. Terma jamoa muxlislaridan kelib tushayotgan xabarlarga ko‘ra, o‘yin oldidan yana ikki kun bo‘lishiga qaramasdan, “Bunyodkor” stadionida o‘tkazilajak o‘yinga chiptalar allaqachon sotilib bo‘lgan. Ayni paytda nominal narxi 25 ming so‘mlik biletlarni olibsotarlar stadion atrofida 100 ming so‘mdan pullamoqda.

“34 ming chipta 2 kunda sotib tugatildi!”

Futbol bo‘yicha 2018 yilgi Jahon chempionati 3- saralash bosqichi doirasida “A” guruhidan o‘rin olgan Eron keyingi uchrashuvini 6 oktabr kuni Toshkentda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Ayni paytda, ijtimoiy tarmoqlarda terma jamoalar o‘yiniga qiziquvchilarning chiptalar sotilishi to‘xtatilganidan noroziliklar ko‘payib bormoqda.

“Feysbuk”dagi sahifalardan birida “Eron bilan uchrashuvga chiptalar mana shunday sotilayapti))” yozuvi ostida “Bunyodkor” stadioni atrofida yig‘ilib turgan odamlar fotosurati paydo bo‘ldi.

"Bilet narxi 100 mingga chiqdi"
"Bilet narxi 100 mingga chiqdi"

​Bu suratga kelgan izohlardan birida “Bunday narxga chipta sotib olishning keragi yo‘q. Kimdir yangi “Kaptiva” yoki “Malibu” sotib olishi uchun 100 ming so‘m berishdan na hojat? O‘z narxi 25 ming so‘m”, deya fikr bildirildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 6 oktabr kuni bo‘ladigan o‘yinga biletlarni sotish dushanba, 3 oktabrda boshlangan va ertasiga yakuniga yetgan.

“Bunyodkor” stadioni kassiri Ozodlik muxbiriga 5 oktabr kuni bunday dedi:

- 6 oktabrga, Eron-O‘zbekiston o‘yiniga chiptalarga qiziqayapsizmi? Afsuski, hammasini kechayoq sotib bo‘lganmiz. Hammasi bo‘lib 34 ming joyga sotilgan. Chiptalar dushanba kundan ikki kun davomida Chilonzordagi va stadionning o‘zidagi ikkita kassada sotildi. Sotuvda birorta ham qolmagan, dedi afsuslanib kassir Alina.

Ikki kun davomida (!) ikkita kassada (!) 34 ming chipta (!) sotib tugatilganini kassir bir kishiga 4 tadan bilet sotilgani bilan izohladi. Uning aytishicha, "stadion ma’muriyatining tashqarida chayqovchilar sotayotgan chiptalarga aloqasi yo‘q".

Ozodlikning mobil muxbirlaridan biri “Bunyodkor” stadioni atrofida Eron-O‘zbekiston o‘yiniga chiptalarni sotayotgan chayqovchilar to‘da-to‘da bo‘lib turganini xabar qildi.

WhatsApp ijtimoiy tarmog‘i orqali Ozodlikka yuborilgan audifayllarda uning olibcotarlardan biri bilan qilgan savdosi aks etgan:

- Eng arzoni 50 mingmi? Nega kassa ishlamayapti?

- Tugab bo‘ldi... Ha, ikki kun sotildi. Menda hozir 4 dona qolgan – 50 ming deyapmiz. Eng arzoni – 45 mingga berishim mumkin. Sizga nechta kerak? O‘rtoqlarim to‘rttasi kelmaydigan bo‘lgani uchun sotib yuborayapman. VIPga 200 mingdan bor bilet. Tsentrning yoni 70 ming, aka. Darvozaning orqasi – 55 ming so‘m. Kecha tugagan chiptalar: bor-yo‘g‘i 4 soatga ochildi kassa, deydi potentsial mijoziga “Bunyodkor” atrofida “biznes” qilayotgan olibsotarlardan biri.

Xabarni yo‘llagan toshkentlik futbol ishqibozi stadion oldidagi piyodalar yo‘lagida o‘nlab “o‘rtoqlari o‘yinga kelolmaydigan” sotuvchilar turganini ma’lum qildi.

"Bunyodkor" kassasida "Biletlar sotildi!" yozuvi paydo bo‘ldi
"Bunyodkor" kassasida "Biletlar sotildi!" yozuvi paydo bo‘ldi

​Mobil muxbirimizning guvohlik berishicha, bo‘sh turgan “Bunyodkor” kassasi darchasiga “Biletlar tugagan!” yozuvi osilgan. U futbol ishqibozlariga chiptani qo‘ldan sotib olishdan boshqa iloj qolmaganini aytdi

Ozodlikning O‘zbekiston Futbol Federatsiyasiga mazkur masalada qilgan murojaati javobsiz qoldi.

O‘zbekiston terma jamoasi o‘z guruhida birinchi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Futbol bo‘yicha 2016 yilgi Jahon chempionati 3- bosqichi doirasidagi Eronga qarshi o‘yini 6 oktabr kuni soat 18:00 da boshlanadi.

O‘zbekiston–Eron uchrashuvini Benjamin Uilyams boshchiligidagi avstraliyalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan jurnalistlar savollariga javob berib, o‘zbekistonliklar guruh favoritiga qarshi to‘p surishini ma’lum qildi.

JCh-2018 3- saralash bosqichi 2-turi doirasida Samvel Babayanning shogirdlari Dohada Qatarni 0:1 hisobi bilan mag‘lubiyatga uchratgan edi. Hozircha O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining “A” guruhida peshqadamlikni saqlab kelmoqda.

Ayni paytda, 9 oktabr kuni Krasnodarda bo‘lib o‘tadigan Rossiya-Kosta-Rika o‘rtoqlik uchrashuvida o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov hakamlik qilishi ma’lum bo‘ldi. Unga yordamchilar sifatida sudyalar Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidovlar maydonga tushadi.

XS
SM
MD
LG