Линклар

O‘sh viloyatining Qorasuv shahrida huquq himoyachilarining aralashuvi bilan o‘zbek maktabi binosiga rus maktabini ko‘chirish ishlari to‘xtatildi. Qorasuv shahar ta’lim boshqarmasi buyrug‘i bilan so‘nggi bir necha kundan buyon ta’lim rus tilida olib boriluvchi 134-maktab Karimjon Rahimov nomidagi 68-o‘zbek o‘rta maktabiga ko‘chirilayotgan edi.

Mingdan ziyod bolaga bilim berib kelgan Qorasuv shahridagi Karimjon Rahimov nomidagi o‘zbek maktabiga bir necha kun avval rus tilida ta’lim beruvchi 134- maktab ko‘chirib kelingan.

134-maktab 1995 yilga qadar bolalar bog‘chasi bo‘lgan binoga joylashtirilgan edi. Bolalar bog‘chasi avariya holatida ekani aniqlanib, yopilganidan so‘ng bu bino maktabga aylantirilgan. Xalq ta’limi boshqarmasi rus maktabini o‘zbek maktabiga ko‘chirilishini binoning avariya holati va o‘quvchilarga joy yetishmayotgani bilan bog‘lagan edi.

Biroq rasmiylar mingdan ortiq o‘quvchi o‘qiydigan o‘zbek maktabiga 700 bola o‘qiydigan rus maktabining ko‘chirilishi ortidan ta’lim sifati susayishi va bir qator muammolar kelib chiqishni e’tiborga olmagan.

134-maktabning ismini ochiqlashni istamagan o‘qituvchisiga ko‘ra, maktab ko‘chirilishiga muallimlar va ota-onalar rozi bo‘lmagan.

- Maktab jamoasi va hatto ota-onalar ham rozi bo‘lishmagan. Qancha qarshilik bildirib, majlislar o‘tkazildi. Ota-onalar ta’lim boshqarmasiga arzlanib borishdi. Qorasuv ta’lim boshqarmasi rahbari bu yerga kelib, majlisda qatnashdi, ota-onalar arz qilishdi, lekin u bizni eshitishni istamadi, - deydi suhbatdosh.

134-maktab Karimjon Rahimov maktabiga ko‘chirilganidan so‘ng ikki maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari orasida turli nizolar yuzaga kelgan.

Ikki maktab o‘quvchilari va jamoatchiligi o‘rtasida noroziliklar bo‘lganini Karimjon Rahimov maktabi xodimlari ham tasdiqlashdi.

Rahimov maktabi xodimlariga ko‘ra, ikki maktab o‘quvchilari o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarni oddiy maishiy janjal sifatida baholash mumkin.

Shundan so‘ng ota-onalar O‘shdagi “Tartib va qonun” huquqni himoya qilish tashkilotiga yordam so‘rab murojaat qilgan. Tashkilot rahbari Izzatillo Rahmatullaev so‘zlariga ko‘ra, uning Bishkekdagi hamkasblari Qorasuv maktabida bo‘layotgan voqea to‘g‘risida Ta’lim vazirligiga xabar bergan va masala ijobiy tomonga hal etilgan:

- Bizga ota-onalar qo‘mitasi vakillari murojaat qilgan edi. Biz ularning arizasini Bishkekka yubordik. Bishkekdagi hamkasbimiz Rispek Adamaliev muammoni bartaraf qildi. Hamkasblarimiz Qirg‘iziston Maorif vazirligiga borib, bo‘layotgan ishlarning noto‘g‘ri ekanini tushuntirishganidan so‘ng, aytishlariga qaraganda, tushdan keyin tuman xalq ta’limi boshqarmasi mudiri har bir maktab o‘z binosida qoldirilishini aytgan.

Ozodlik: Shu qaror bilan o‘quvchi va ota-onalarning huquqi buzilganmidi?

- Albatta buzilgan. Tayyor ta’mirdan chiqqan maktabda o‘quv jarayonining bir necha kunga to‘xtatilishining o‘zi o‘quvchilar huquqining buzilishidir, - deydi Izzatillo Rahmatullaev.

Karimjon Rahimov maktabi direktori Yulduzxon To‘xtaevaga ko‘ra, maktabda boshqa muammolar ham yuzaga kelgandi:

- Maktabni yarmini bo‘lib, o‘rtani to‘sadigan bo‘lishgan edi. “Favqulodda holat bo‘lib qolsa, o‘t chiqsa yoki boshqa narsa bo‘lsa, bolalar vahimaga tushib qoladi-ku. O‘rtani to‘sib olish bunga to‘g‘ri kelmaydi. Buyruqsiz, qo‘limizda hujjatsiz bo‘lmaymiz”, dedik. Bugun masala konkret hal qilindi. Ular o‘z o‘rniga qaytadigan bo‘lishdi, - der ekan Yulduzxon To‘xtaeva Rahimov maktabida bir necha yillardan buyon rus sinflari mavjudligini ham aytib o‘tdi.

Ammo bu borada O‘sh shahridagi Panfilov nomidagi maktab o‘quvchilarining omadi chopmagan. O‘qish o‘zbek va rus tillarida olib boriladigan bu maktabning 700 dan ziyod o‘quvchisi va 56 nafar o‘qituvchisi joriy o‘quv yili boshidan boshqa maktabga ko‘chirilgan. 2010 yilgi qonli voqealargacha Panfilov maktabida faqat o‘zbek tilida ta’lim berilardi.

Endilikda shahar rahbariyati va maorif boshqarmasi qarori bilan bu maktab o‘quvchilari olisroqda bo‘lgan Kalinin nomidagi maktabga ko‘chirildi. Panfilov maktabiga esa o‘qish rus tilida olib boriladigan, binosi avariya holatida bo‘lgan Razzaqov nomidagi maktab ko‘chgan. O‘sh shahar maorif boshqarmasi iddaosicha, bu xususdagi qaror shu yil aprel oyida barcha tomonlar roziligi bilan qabul qilingan. Biroq Ozodlikning O‘shdagi manbalari Panfilov maktabining ko‘chirilishi bu maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari orasida norozilik uyg‘otganini aytmoqdalar.

XS
SM
MD
LG