Линклар

logo-print

Paxta terimi sur’ati tushib ketgani bois, qolgan talabalar ham dalaga haydaldi


Paxta terimi sur’ati tushib ketgani bois, qolgan talabalar ham dalaga haydaldi

Paxta terimi sur’ati tushib ketgani bois, qolgan talabalar ham dalaga haydaldi

O‘tgan hafta oxirlarida O‘zbekistonda ob-havoning yomonlashishi tufayli paxta terimiga navbatdagi safarbarlik boshlandi. Yomg‘ir yog‘ishi va sovuq tushishi natijasida oldin safarbar etilgan ko‘plab terimchilarning uylariga ketib qolishi ko‘paygan. Paxta dalasiga nafaqat viloyatlardagi kollejlar, balki poytaxtdagi ayrim oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchi-talabalari chiqarildi.

Xususan, Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining 4 kurs talabalari paxta terimiga safarbar etildi.

Ozodlik bilan anonim tarzda suhbatlashgan universitetning muhandislik-fizika fakulьteti talabalaridan biri Jizzaxning Zarbdor tumaniga yuborilganini aytdi.

U universitetning 4 kurs talabalari Jizzax viloyatiga o‘zlari yetib borishlari kerakligidan noroziligini bildirib, bunday dedi:

- Jizzaxning Zarbdor tumaniga jo‘natildik. Energetika fakulteti ning uchta yo‘nalishi, geologiya-konchilik fakulteti talabalri kelayapti. Bizdan oldin Tog‘-konchilik fakulteti ketgan edi. O‘sha bolalarning ko‘pi qaytib ketvoribdi, terim tushib ketgan. Shunga bizni yubordi. Sezon boshida 2 kurslar yuborilgan edi. 1 kurslarni “yosh” deb, 3 kurslarda esa “harbiy kafedrasi” borligi uchun olib kelishmagan. To‘rtinchi kursdagilar o‘z hisobiga paxtaga kelayapti, ko‘pchilikda puli yo‘qligi uchun etib kelishga qiynalayapti, dedi talaba yigit.

Suhbatdosh o‘zi ham ota-onasidan pul olib, Jizzaxga yetib kelganini ma’lum qildi.

Texnika universiteti ma’muriyatida Ozodlikka navbatdagi safarbarlik Toshkent shahar hokimiyati talablari asosida amalga oshirilayotganini bildirishdi. Idora vakilasi buni dalada odam keskin kamayib ketgani bilan izohladi.

- Hamma fakultetlar 10 sentabrdan chiqarilgan. Domlalarning bir qismi smena almashib keldi allaqachon. Hokimiyat odam so‘rayapti. Odam yetishmagani, o‘quvchilar yo‘qligi uchun yana olib borishayapti, deya tushuntirish berishdi oliygoh idorasida.

Ayni paytda, paxta dalasiga nafaqat Toshkentning oliy o‘quv yurtlari talabalari, balki mintaqalardagi kollejlari talabalari safarbarligi oshirildi.

Qo‘qon tibbiyot kollejida yotoq sharoitidagi terimga 3- kurs talabalari olib ketilgani, qollejda qolayotgan 2- kurs o‘quvchilari va o‘qituvchilar kunlik terimga chiqarilayotganini ma’lum qilishdi.

- Bir va ikkinchi kurs chiqarilgani yo‘q – ular o‘qiyapti. 3 kurslardan 450 talaba paxta dalasida. Ular 4 oktabr kuni Uchko‘prik tumaniga uchta shtabga joylashtirildi. Yana 40 o‘qituvchi-ishchi xodimlar bor yotoqda. Hozir kunlik terimga 160 nafar talaba va 10 o‘qituvchi chiqarilayapti, dedi kollej o‘qituvchilaridan biri.

Qo‘qon tibbiyot qollejining talabalari yotoq joyi yetishmovchiligi tufayli kunlik terimga chiqarilayotgani aniqlandi. Ertalab «Otoyo‘l» avtobuslarida Dang‘ara tumani paxta dalalariga olib ketilayotgan talabalar kechki 5-6larda ortga qaytarilmoqda. Kunlik norma ular uchun 30 kilogramm qilib belgilandi.

Ijtimoiy tarmoqlar vositasida Ozodlikka kelib tushayotgan xabarlarda terimda ishtirok etmagan o‘quvchi-talabalar o‘z o‘quv yurtlaridan haydalishi bilan qo‘rqitilayotgani aytilgan.

Shu kungacha O‘zbekiston dalalarida Navoiy Davlat pedagogika instituti ,Samarqand Davlat Universiteti, Toshkent Tibbiyot Akademiyasining Farg‘ona filiali, Navoiy davlat konchilik instituti, Toshkent Irrigatsiya Instituti, Andijon Davlat universiteti, Guliston Davlat universiteti, Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya instituti kabi oliy o‘quv yurtlari talabalari paxta terayotgan edi. Keltirilgan ro‘yxat Ozodlikda berilgan ma’lumotlar asosida tuzildi. Mamlakatdagi boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalri shu kungacha paxta terimiga jalb etilgani to‘g‘risida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Shuningdek, viloyatlardagi barcha kollejlarning yuqori bosqich o‘quvchilari ham paxta terimiga jalb qilingan.

XS
SM
MD
LG