Линклар

logo-print

“Mirziyoevning farmoni amalga oshsa¸ O‘zbekiston ikkinchi Xitoyga aylanadi”


O‘zbekistondagi qurilish mahsulotlari bozori.

O‘zbekistondagi qurilish mahsulotlari bozori.

Bosh vazir va muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning tadbirkorlar va xususiy mulkni himoya qilishga qaratilgan 5 oktabr kungi farmoniga munosabat bildirgan ayrim o‘zbek tadbirkorlari bu farmon o‘zbekistonliklarga iqtisodiy erkinlik berish va mamlakat iqtisodini tez sur’atlarda rivojlantirishga asos bo‘lishi mumkinligi haqida ehtiyotkor-nekbin fikr bildirdilar.

Shavkat Mirziyoevning “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga¸ xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlangan konseptual farmoni O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisida faoliyat yurg‘izayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan ijobiy qarshi olinmoqda.

“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish¸ ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartirish” maqsadida qabul qilingani aytilayotgan bu farmonga munosabat bildirishni so‘rab Ozodlik muxbiri O‘zbekiston¸ qolaversa yaqin va uzoq xorijda xususiy shirkatlarga egalik qiluvchi tadbirkorlarga murojaat qildi.

O‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan birinchi suhbatdoshimiz¸ O‘zbekistondagi ko‘p tarmoqli biznes strukturasida faoliyat yurg‘izadi.

Bu suhbatdosh ta’kidicha¸ Mirziyoevning 5 oktabr kungi farmoni tadbirkorga emas¸ balki shu paytgacha uni ezib kelgan¸ adliya sohasini “privatizatsiya” qilgan davlat idoralari¸ birinchi galda esa¸ nazorat organlariga qaratilgan farmondir.

“Burningni hamma yoqqa tiqmalaring! Tadbirkorga TEGMALARING!” deyapti Mirziyoev. Hozir O‘zbekiston sudlarida MXX va prokuratura tomonidan “privatizatsiya” qilingan qanchadan-qancha jinoiy ish bor. Masalan bittasi¸ sizning radiongiz tomonidan yoritilayotgan Matyoqub Matchonov ishi. Bu odam oldin jinoyat qilmagan¸ yetkazilgan zararni to‘lab bo‘lgan deyilayapti. Demak¸ Mirziëevning yangi farmoniga muvofiq¸ bu tadbirkor sud zalidan ozod etilishi kerak. Bu odam¸ kichik bir tadbirkor. Qanchadan-qancha katta tadbirkorlar ishi hozir sudlarda. Bu sudlarni kim nazorat qiladi – tepadagilar¸ MXX generallari¸ prokurorlar. Ularning aytgani aytgan¸ degani degan sudlarda. Ko‘ramiz¸ Matchonov kelasi hafta yangi farmonga ko‘ra¸ sud zalidan ozod qilinsa¸ demak¸ nazorat organlari bu farmondan to‘g‘ri xulosa chiqargan bo‘ladi. Chiqarmasa¸ demak¸ ular Mirziyoevga buysunishni istamayapti¸ deymiz”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan yirik tadbirkorlardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan ikkinchi tadbirkor¸ bevosita O‘zbekiston ichkarisidagi xususiy ishlab chiqarish korxonasi vakili. Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ o‘zbekistonliklarga iqtisodiy erkinlik berish konsepsiyasiga asoslangan bu farmon amalga ko‘chsa¸ O‘zbekiston “ikkinchi Xitoy”ga aylanishi mumkin.

“Siyosiy erkinliklar cheklangani holda¸ Xitoyda tadbirkorlik uchun erkinlik berilgan. Xitoydagi iqtisodiy o‘sishni ta’minlayotgan¸ 1¸5 milliardlik aholiga ish topib berayotgan ham aynan shu xususiy tadbirkorlar. Mirziyoev farmoni amalga oshib¸ kichik tadbirkorga nisbatan davlat organlari aralashuvi keskin cheklansa¸ bizda ham iqtisodiy o‘sish potensiali baland. Lekin bu farmon amalga ko‘chadimi-yo‘qmi¸ bunisini ko‘ramiz endi.

Bu farmondagi eng katta o‘zgarish¸ vstrechniy tekshiruvlar¸ muqobil tekshiruvlarning bekor qilingani bo‘ldi. Oldin tekshiruvga tushgan bitta tadbirkorning ishini ko‘rish davomida u bilan ishlagan hamma tadbirkorning biznesi tekshirilardi. Shuni bekor qilgani zo‘r bo‘ldi. Bundan keyin yangi qonunlar chiqadi bu farmon asosida. Ana shu qonunlarda¸ tadbirkorni o‘z daromadini yashirish¸ ikki xil buxgalteriya qilishga majburlaydigan jihatlar ham olib tashlanishi kerak”¸ dedi O‘zbekistondagi kichik ishlab chiqarish shirkati vakili.

Ozodlik o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Shavkat Mirziyoevning konseptual deb ko‘rilayotgan 5 oktabr kungi farmoni to‘g‘risida bildirayotgan fikrlarini o‘rganishda davom etadi.

Mabodo siz ham tadbirkor bo‘lsangiz¸ marhamat¸ bu farmon¸ uning sizning faoliyatingizga ko‘rsatishi mumkin ta’siri haqidagi mulohazalaringizni Ozodlik sahifasi orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashing.

XS
SM
MD
LG