Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:20

Shavkat Mirziyoev Senatdan amnistiya qarorini ko‘rib chiqishni so‘radi


O‘zbekiston Senati
O‘zbekiston Senati

O‘zbekiston Senati prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev tomonidan taqdim etilgan amnistiya to‘g‘risidagi qarorni 12 oktyabrda ochiladigan yalpi yig‘ilishda ko‘rib chiqadi.

Shavkat Mirziyoev taqdimnomasi Senatga O‘zbekiston Konstitutsiyasining 24 yilligi munosabati bilan kiritildi.

Bu haqda 10 oktyabrь kuni o‘tgan Senat Kengashining majlisida ma’lum qilindi.

Senatorlar amnistiyaning o‘ta muhim ekanini ta’kidlashgan.

Taqdimnomaga ko‘ra, ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda yoshi 18ga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet el vatandoshlari, I va II guruh nogironlari,sil kasalligining faol shakliga chalingan shaxslar jazodan ozod qilinishi lozim.

Shuningdek, prezident vazifasini bajaruvchi ehtiyotsizlik orqasida va ilk bor jinoyat sodir etganlarni ozod etishni taklif qilgan.

Biroq, taqdimnomada “uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan amnistiya aktini tatbiq etmaslik so‘ralgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga muvofiq inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida tan olinadi.Jazoning asosiy maqsadi hukm qilingan shaxslarning tuzalishi va qayta tarbiyalanishi, ya’ni har bir qonunbuzar sodir etgan qilmishining ijtimoiy xavflilik darajasini, javobgarlikning muqarrarligini va chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish zarurligini anglab etishi hisoblanadi,”deya ta’kidlanadi taqdimnoma matnida.

Shu bilan birga, “taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarni ham jazodan ozod qilish” taklif etilgan.

Bu prezident Karimov vafotidan keyin Senat ko‘rib chiqayotgan ilk amnistiya akti bo‘ladi.

Odatda mamlakat Senati amnistiya qarorlarini Konstitutsiya kuni arafasida qabul qilardi.

XS
SM
MD
LG