Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:26

Mirziyoev aytgan 2016 yil davom etmoqda, lekin paxta Damasda tashilmoqda


Paxta Damasda tashilmoqda
Paxta Damasda tashilmoqda

Paxta terimi mavsumida O‘zbekistonning ko‘plab joylarida texnika taqchilligi bilan bog‘liq muammolar vujudga kelmoqda. Bunga Ozodlikka etib kelayotgan ba’zi xabarlar dalildir. Ularda ayrim xo‘jaliklarda qishloq xo‘jaligi mashinalari va yo‘lovchi transporti vositalari etishmayotgani to‘g‘risida aytilgan. Ayni paytda bu sohada muammoga duch kelmayotgan fermer xo‘jaliklari ham mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Fermer “Damas”da paxta tashiyapti

Telegram tarmog‘i orqali Ozodlikka yo‘llangan foto va videoda fermerlar terilgan paxtani Damasavtomobillarida paxta punktiga tashib ketayotgani tasvirlangan.

Muallif izohidan tasvirlar Jizzaxning Arnasoyida olingani tushuniladi. “Arnasoy tumani 16a sovxozida fermerlar texnika topib bera olmayapti”, deyiladi tasvirlarga ilova qilingan izohda.

Пахтани ташиш Дамасга қолди
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:49 0:00

- Mana, sho‘ring qurg‘ur, Damas bilan paxta tashib yuribmiz... Shu kunlar ham bor ekan, mana! Arnasoy dalalarida paxtani Damas bilan tashib yuribmiz. Bank, sho‘ring qo‘risin! deb yozadi terilgan paxta mahalliy bank terimchilariga tegishli ekaniga ishora qilayotgan videotasvir egasi.

Paxta tashish, yordamchilarni yotoqdan dalaga olib borib, qaytarib kelish hamda boshqa ishlarga yaroqli qishloq xo‘jaligi va yo‘lovchi tashuvchi texnika etishmasligidan qiynalayotgan qishloq fermerlari boshqa birovlarning transport vositalaridan foydalanmoqda.

Ayni paytda, ayrim fermerlar texnika masalasida muammo yo‘qligidan gapiradi. Ozodlik bilan suhbatlashgan Farg‘ona viloyat, Furqat tumanilik fermer Ochil Begmatovning aytishicha, "texnikasi o‘ziga etib ortadi".

Lekin Begmatovga ko‘ra, hamma fermerda ham texnika etarli emas. Ular jalb qilingan texnika uchun qo‘shimcha chiqim qiladi.

- Texnikasi yo‘qlar biri-biriga iltimos qiladi. Bizda MTP degan tashkilot bor – shu beradi. Paxta zavodining pritseplari ko‘p, u ham beradi. Masalan, bizga Damas ishchilarni olib kelib bersa, haqini to‘laymiz. Bittasi 150 ming so‘m tursa, pulini o‘tkazib berayapmiz. Hokimiyat kilometiriga qarab gaz qeyib berayapti, dedi fermer Ochil aka Begmatov.

Talabalar dalaga o‘zlari etib bormoqda

Keyingi kunlarda sovuq tushishi va terim sur’ati pasayishi ortidan ko‘plab oliy o‘quv yurtlarida paxta terimiga qo‘shimcha safarbarlik e’lon qilingan.

Biroq, o‘quv yurtlarida katta kurs talabalarini dalaga olib chiqishga texnika ajratilmaganini haqida Ozodlik yozgan edi.

Paxtaga jo‘natilgan Toshkent universitetlari 4 kurs talabalari Jizzax viloyatiga o‘zlari etib borishlari kerakligidan noroziligini bildirgan edi:

- Jizzaxning Zarbdor tumaniga jo‘natildik. Sezon boshida 2 kurslar avtobuslarda yuborilgan edi. To‘rtinchi kursdagilar o‘z hisobiga paxtaga kelayapti, ko‘pchilik puli yo‘qligi uchun etib kelishga qiynalayapti, degan edi talaba yigit.

Andijon militsiyasi haydovchilarni paxta terish yoki hasharchilarni tashishga majburlayapti

Andijonlik haydovchilar esa viloyat avtomobil yo‘llarida militsiya xodimlari yo‘ldan o‘tayotgan mashinalarni to‘xtatib, haydovchilarni paxta terishga yoki hasharchilarni tashishga majbur qilayotgani xabarini yo‘lladi.

Andijonning Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi haydovchining Ozodlikka aytishicha, militsiya xodimlari yo‘llarda shofërlarni to‘xtatib, paxta terdiryapti.

-Texpasportini olib paxta terdirayapti. “5 kilo terib berasan yoki shuncha kilo paxta teradigan mardikorni pulini berasan, keyin ketasan” deydi. Yo‘l qoidasini buzganlarga hozir shunday shtraf ekan bu, dedi izboskanlik haydovchi.

Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Damas haydovchilaridan hasharchilarni tashish so‘ralayotgan bo‘lishi mumkinligini tasdiqladi, lekin haydovchilar paxta terishga majburlanayotganini rad qildi.

Dalada hamon qo‘l terimi

“2016 yilga borib O‘zbekiston paxta yig‘im-terimini 80-90 foiz mexanizatsiyalashgan tartibda amalga oshiradi.”

Buni 2013 yilning oktyabrida IX Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev aytib o‘tgan.

Mirziyoev O‘zbekiston mashinasozlari tomonidan texnik parametrlari, narx ko‘rsatkichlari hamda servis xizmati bo‘yicha fermerlarning bugungi talablariga javob beradigan “yangi paxta terish mashinalari” yaratilganini aytib o‘tgan.

- Biz paxta terish texnikalarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Hozirgi kunda eng zamonaviy texnik ishlanmalardan foydalanilayotgan 6 rusumdagi paxta terish mashinasi sinovdan o‘tmoqda”, degan edi Shavkat Mirziyoev.

"O‘zagrosanoatmashxolding" kompaniyasi 2016-2017 yillar davomida qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish va modernizatsiyasiga 127,8 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflashini e’lon qildi.

Modernizatsiyaning birinchi bosqichida birgina «Toshkent traktor zavodi»da 5 mingta traktor, 1 mingta paxta terish kombaynlari va 2 mingta pritsep ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va’da berilgan.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, TTZ yiliga yiliga o‘rtacha 2,5 mingdan ortiq mashina ishlab chiqarayotgani ma’lum.

Ozodlik suhbatlashgan jizzaxlik fermerlardan biri dalalarga kombayn tushmaganiga ancha yil bo‘ldi, deydi. U paxtaning mashinada terilmayotgani sabablarini bunday tushuntirishga urindi.

- 5 yildan oshdi dalada mashina ko‘rmaganimga. 5-6 yil oldin 36 milliondan kelgan edi TTZni traktorlari. “Keys”lar yo‘q bo‘lib ketganiga 10 yildan oshdi. Oxirgi chiqqan mashinalar tera olmayapti.Mashina terimi fermerga qimmatga tushadi, paxtaning sorti tushadi, ikkinchidan – chigit ketadi. Yordamchilar toza, arzonga terib beradiyu, dahmazasi ko‘p. Aslida mashina terimi yaxshi tersa arzon bo‘ladi, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan fermer yigit.

Toshkent traktor zavodi sobiq ittifoq paytida har yili minglab terim mashinasi ishlab chiqargan va o‘sha paytda bunday mashinalar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turgan. 1991 yilga qadar O‘zbekistonda paxta mavumida 50 mingga yaqin paxta terish mashinasi jami paxtaning 70 foizini yig‘ib olishda ishlatilgan.

Biroq O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, paxta terish mashinalari ishlab chiqarish keskin kamayib ketdi.

Hozirda paxta davlat byudjet tashkilotlari va qishloq aholisi terimchilari yordamida qo‘lda teriladigan bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG