Линклар

logo-print

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent va respublikaning boshqa hududlarida “fohishaxonaga aylantirilgan” kvartiralarning sud hukmi bilan tortib olish holatlari ko‘paygani qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik kvartira egalari mulklari O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 131 moddasi – “Fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish” asosida musodara qilinayotganini bildirmoqda.

Toshkent va respublikaning boshqa hududlarida “fohishaxonaga aylantirilgan” kvartiralarning sud hukmi bilan tortib olish holatlari ko‘paygani ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarni uyg‘otdi. O‘zbekistonlik kvartira egalari mulklari O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 131 moddasi – “Fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish” asosida musodara qilinayotganini bildirmoqda. Ozodlik bunday xunuk vaziyatga tushmaslik uchun mulk egalari nima qilishi kerakligini o‘rganib ko‘rdi.

“Kvartiramiz musodara qilindi...”

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bir necha kundan buyon mahalliy sudlar qarori bilan kvartiralarning musodara qilinishi holatlari urchib borayotgani qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Bunday holatlar ayniqsa respublika poytaxti Toshkentda ko‘paygani va, ayrim hollarda, unga mansabdor shaxslar aloqador ekani aytilmoqda.

Feysbukdagi sahifalardan birida toshkentlik Nara Alimova ismli foydalanuvchi quyidagi voqeani so‘zlab berdi.

“Bugun ertalab eshigimizni mahalla raisi va formadagi odam taqillatib qoldi. Kvartira kimniki ekani va unga tegishli hujjatlarni ko‘rsatishni talab qilishdi. Ular bu kvartirada qachonlardir fohishaxona bo‘lganini aytishdi. Esimiz og‘ib qoldi! Talabimizga ular isbot-dalil keltirisha olmadi”, deb yozdi Nara.

Mahalliy “militsiya tayanch punkti”da Alimova xonimga kvartirasi “fohishaxonaga aylantirilgan kvartiralar ro‘yxatida” turgani, kvartira esa hokimiyat tomonidan davlat hisobiga musodara qilinganini bildirishgan.

Foydalanuvchi hukumat vakillari harakatlari qanchalik huquqiy asoslangani borasida savolni o‘rtaga tashladi.

211 moddaga muvofiq...

Poytaxtda yashovchi bir qancha shaxslar ayni hodisalarga duch kelayotgani va ko‘p hollarda sudlar uy egalarisiz qaror chiqarib yuborayotganidan shikoyat qilishdi.

Aksar foydalanuvchilar mahalla raisi va uchastka nozirlarining tinimsiz kvartirama-kvartira yurishi vaziyatni yanada murakkablashtirib yuborayotganini bildirdi.

Alisher ismli foydalanuvchi “Konstitutsiyada xususiy mulk daxlsiz deyilgan. Sudlar zo‘r-zo‘rakayiga qaror chiqarib, davlat foydasiga olib qo‘ymokda. 167- modda – “Talon-taroj” bilan srok olib o‘tirgan tanishimning boshqa uyi yo‘q bo‘lsada, bolalari ko‘chada qoldi... Sud ijrochilari haydab chiqarishdi”, deb xabar qilsa, Firuza ismli boshqasi “O‘zbekiston Jinoyat Protsessual Kodeksining 211- moddasiga muvofiq “Jinoyat quroli” kimga dahldor ekanidan qat’iy nazar musodara qilinadimi? Axir poytaxtning yarmisi kvartiralarini ijaraga beradi. Yaqinda halol mulk egalaridan kvartirasini asossiz musodara qilishibdi!”, deb yozdi.

Aniqlanishicha, Kodeksining 211- moddasida “jinoiy yo‘llar bilan topilgan pul va boshqa mulk” davlat hisobiga o‘girilishi mumkinligi belgilab berilgan.

Roza To‘rabekova ismli toshkentlik ayol sud uni – kvartira egasini, - ogohlantirmasdan qaror chiqarganini ma’lum qildi.

U ijaraga berilgan kvartira ijarachi tomonidan boshqa odamga subijaraga berilgani va u erda islovotxona tashkil etilganini aytadi. Roza fohishalikda ayblanib javobgarlikka tortilgan ayollarga hukm chiqarilgandan keyin, sud kvartirani “jinoyat quroli” sifatida konfiskatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarganini yozadi.

Toshkentning Kosmonavtlar prospektida 1-xonali kvartira egasi bo‘lgan Anjela (ismi o‘zgartirilgan. tahr) Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ayni vaziyatda o‘z mulkidan ajraganini so‘zlab berdi.

- 2012 yilda AQShga turmushga chiqib ketdim. Toshkentning Yakkasaroy tumanida marhum buvimdan qolgan 1 xonali kvartiram bor edi. Bir necha yil oldin bo‘shab yotgan kvartiramni yosh bolali tanish ayolga bepul ijaraga berdim. Bir kuni kvartira eshigini taqillatishibdi. Ayol eshikni ochsa, bir ayol va erkak turibdi, “Iltimos, bizga vaqtincha yashab turishga ruxsat bering!”, deb. Shu payt ularning orqasidan uchastkovoy va maskalilar bostirib kirib, bu ayolni “priton” tashkil etganlikda ayblabdi. Kvartiram masalasida sud bo‘lgani va tortib olinganini biz sud ijrochilaridan bildik, dedi Anjela.

U kvartira masalasida berilgan shikoyat arizalarining birortasi ham sudda qondirilmagani va u shu tariqa kvartirasidan ajraganini ma’lum qildi.

Anjela Komsonavtlar prospektidagi 1 xonali kvartirasi bozor narxi 40 ming AQSh dollari bo‘lishiga qaramasdan,birjaga 15 ming dollarga qo‘yilganini aniqlaganini qo‘shimcha qildi.

“Bu “ishlar” “terrorchilik va fohishabozlikka qarshi kurash” shiori ostida olib borilmoqda!”

Ozodlik Toshkentning Ibn Sino massividagi uy qo‘mitasi raisi bilan bu masalada suhbatlashdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan suhbatdosh bunga ko‘p hollarda uchastka nozirlari va mulkchilik bilan bog‘liq idora rasmiylari aloqasi borligini iddao qildi.

- Men o‘zim “domkom” sifatida militsiya talabi bilan tinimsiz kvartiralarni tekshirishga majburman - pasportizatsiya deyiladi. Har 2-3 oyda bir hamma kvartiralarni birma-bir ko‘zdan kechiramiz. Militsiya bizdan bunday nazoratni tinimsiz olib borishni talab qilib keladi. Bu bemazagarchilik “terrorchilik va fohishabozlikka qarshi kurash” shiori ostida o‘tkaziladi. Biror kvartira bo‘shab yotganini ko‘rsa yoki unda qaydga turmaganlar yashayotgan bo‘lsa, tortib olish muammo bo‘lmasdan qoldi. Sud orqali konfiskatsiya qilingan kvartiralar birjaga sotuvga qo‘yilib, o‘zlari tomonidan sotib olinayapti, dedi Ibn Sino massivi faoli.

Suhbatdosh haqiqat fohishaxona tashkil etgan yoki qaydsiz turgan odamlar esa militsiya va boshqa nazorat idoralariga qo‘shimcha mo‘may daromad manbayiga aylanib qolganini iddao qildi.

Uy qo‘mitasi raisining aytishicha, aksar hollarda kvartiralar “jinoyat quroli” sifatida musodara qilinmoqda. U hozirda mahalliy sudlarda bu kabi minglab ishlar ko‘rib chiqilayotganini ham qo‘shimcha qildi.

“Bu holat Konstitutsiyaga zid”

Ozodlik “xatar guruhiga” eng avvalo bo‘shab yotgan va “shahar mehmonlari” yashayotgan kvartiralar kirishini aniqladi.

Toshkentlik Davlat M. ismli yurist Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston JPKsining 131- moddasini sharhlab berdi. U “musodara” iborasi JPKda faqat “jinoyat qurollari”ga nisbatan ishlatilishini bildirib, dedi.

- Gap shundaki, 2008 va 2010 yillarda Jinoyat-Protsessual Kodeksga “BARChA JINOYaT QUROLLARI ULARNING EGALIGIDAN QAT’IY NAZAR MUSODARA QILINADI” degan qo‘shimcha kiritildi. Tushunayapsizmi? Ilgari siz kvartirangizni ijaraga bersangizu, u erda jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, egasi jinoyatga aloqasi yo‘qligi sababli hibsga olingan mulk qaytarib berilgan. Masalan, taksida cho‘ntagida narkotik olib ketayotgan shaxs qo‘lga tushsa, mashina “jinoyat quroli” sifatida ham konfiskatsiya qilinishi mumkin! Ya’ni, yangi o‘zgartishga ko‘ra, mulk har qaysi holatda konfiskatsiya qilinayapti. Bu o‘zgartishlar Konstitutsiyaga zid, chunki mulkdor asossiz mulkidan mahrum etilayapti, deya xulosa qildi huquqshunos.

Davlat M. bunday tortishuvlarda sudlar barcha vaziyatlarda ayblovchilar tarafini olmoqda, dedi.

Yuristning aytishicha, fuqaroviy sudlarning jinoiy sudlar ishiga aralashaolmasligi tufayli so‘nggi yillarda o‘z mulkidan shu tariqa mahrum etilgan shaxslar soni ko‘payib qolgan, qonun esa mulk egalari himoyasini ta’minlay olmayotir.

"Viloyatlardagi vaziyatni yaxshilang!"

Bu masalaga doir o‘z fikrini bildirgan o‘zbekistonlik huquqshunos Jahongir Shosalimov Toshkentdagi kvartiralarga bo‘lgan narxlarning yuqoriligi, boshqa viloyatlardan kelayotgan ichki migrantlarning ko‘pligi va viloyatlardagi kriminogen vaziyatning murakkabligini so‘nggi yillarda olib borilayotgan nohaq siyosat bilan bog‘ladi.

- Toshkent shahrida uchaskovoy, mahalla raisi yuqoridagilar ko‘rsatmasi bilan reydlarni o‘tkazayotgani, odamlarni sarson-sargardon qilayotgani borasida xabarlarim bor. Viloyatlardan odamlar Toshkent shahriga oqib keldi. Hukumat olib borgan moliya-pul siyosati oqibatida, odamlarning joylarda yashashga iloji qolmagani sababli ular Toshkentga oqib kelayapti, qaerga boradi?! Toshkentda gaz, sovuq-issiq suv, svet bor. Qashqadaryo, Surxondaryodan odamlar xuddi jannatga borayotgandek kelayapti, dedi huquq faoli.

Jahongir Shosalimov poytaxt hukumatining mardikorlarga qarshi besamara kurashi o‘rniga O‘zbekiston mintaqalarida iqtisodiy vaziyatni izga tushirishi lozimligini tavsiya qildi.

“Ijara shartnomasiga bitta izoh kiriting, xolos!”

Xo‘sh, kvartirangiz “priton” yoki “fohishaxona”lar ro‘yxatiga tushib qolmasligini uchun nima qilish kerak?

Toshkentning advokatlar idoralaridan birining Anvar ismli xodim ijaraga berilayotgan uy-joy shartnomasida muhim qo‘shimcha bo‘lishligini tushuntirib berdi.

- 131-modda bo‘yicha haqiqatan olib qo‘yishi mumkin. Unga binoan kvartiralar “jinoyat quroli” deb topilib, davlat hisobiga o‘tib ketib qolayapti. Bu vaziyatga tushib qolmaslik uchun ijara shartnomasida notarial tasdiqlangan bitta punkt ko‘rsatilishi lozim: “ijaraga turgan odam mulkni boshqa odamga ijaraga berishga haqqi yo‘q”, deb yozib qo‘yishni tavsiya qildi toshkentlik advokat.

XS
SM
MD
LG