Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:15

Qirg‘izistonda nasroniylikni qabul qilgan ayol jasadi 3- marta qayta dafn etildi


Qirg‘izistonning Olabuqa tumanida nasroniylikning baptist oqimiga o‘tib ketgani aytilayotgan 78 yoshli Qanigul Satibaldievaning jasadi uchinchi marta qayta dafn etildi. Bu safar mahalliy hokimiyat jasad qaysi qabristonga ko‘milganini jamoatchilikdan sir tutmoqda. Bungacha Qanigul Satibaldieva ikki marta - avval musulmonlar qabristoniga, keyin esa pravoslav nasroniylar qabristoniga ko‘milgan edi. Biroq mahalliy aholining noroziligi ortidan uning jasadini bu qabristonlardan ko‘chirishga to‘g‘ri keldi.

Marhumaning 78 yoshdagi turmush o‘rtog‘i Akjo‘l Azaev xotinining qabri yana ochilganini ko‘rib, ko‘zlariga yosh oldi.

-Joying jannatdan bo‘lsin, kampir, -deydi yig‘lamsirab qariya.

Mahalliy hokimiyat ikkinchi marta parvoslav nasroniylar qabristoniga ko‘milgan Qanigul Satibaldievaning jasadini mahalliy aholi noroziligidan so‘ng yana qazib olishga majbur bo‘lgan va uni boshqa mozorga ko‘mgan.

Tuman hokimiyati baptistlikni qabul qilgani aytilayotgan marhumaning qaysi joyga ko‘milganini bu safar jamoatchilikdan sir tutmoqda. Shuning uchun Akjo‘l Azaev ham xotining qabri qaerda ekanini bilmaydi. U ochilgan qabrga kelib, Qur’on tilovat qilib ketmoqda.

-Biz 49 yil birga turmush qurdik. Men uning nasroniy bo‘lib ketganiga ishonmayman. Faqat uning aybi Injil kitobini o‘qib qo‘yganida bo‘layapti, -dedi Akjo‘l Azaev.

13 oktabrda vafot etgan Qanigul Satibaldieva dastlab o‘z qishlog‘idagi qabristonga dafn qilingan edi. Biroq 15 oktabr kuni mahalliy aholining keskin noroziligidan so‘ng jasad mahalliy hokimiyat taklifi bilan pravoslav nasroniylar qabristoniga ko‘chirilgan.

Biroq mahalliy aholi bunga ham norozilik bildirgani ortidan 17 oktabr kuni mahalliy hukumat Qanigul Satibaldieva jasadini bu yerdan ham ko‘chirib ketishga majbur bo‘lgan.

-Bu yerga o‘ris ko‘milsin, biroq boshqa dinga o‘tib ketgan odam ko‘milmasin, deb xalq talab qilib chiqdi. Bu ish 17 oktabr kuni tushdan keyin bo‘ldi. Mahalliy aholi bilan tuman va militsiya rahbarlari kelib uchrashdi. Mahalliy aholi o‘z so‘zida qat’iy turib olganidan so‘ng mahalliy militsiya yordamida jasad boshqa yoqqa olib ketildi. Bu yerda tuman imomlari ham bor edi, -dedi mozor qorovuli Seydakmat Kaziev.

Olabuqa tuman hokimiyati bu xabarni tasdiqlagan holda vaziyatni izdan chiqarmaslik maqsadida marhumaning qaysi joyga ko‘milganini odamlarga e’lon qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinganini bildirdi.

Qirg‘izistonda boshqa dinga o‘tganlarni xo‘rlagan, vafot etgach, ko‘mishga yer bermagan voqealar vaqti-vaqti bilan kuzatib turiladi.

Qirg‘izistonda baptistlar faoliyati 1907-1908-yillari nemis millatidagi oilalardan boshlangan. Hozirda ularning uch minga yaqin a’zosi va 50 ibodatxonasi bor.

Qirg‘izistonda Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasiga ko‘ra, ro‘yxatidan o‘tib, rasman faoliyat olib borayotgan 2800 diniy tashkilot bor.

Uning ikki mingdan ortig‘i islom diniga oid tashkilotlar va masjidlar bo‘lsa, qolgani nasroniy va boshqa dinlarga tegishlidir.

XS
SM
MD
LG