Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:12

Qashqadaryoda ma’naviyat o‘qituvchisini tuman hokimi kaltakladi


Qashqadaryo viloyati Nishon tumani hokimi Asror Jo‘raev 19 oktabr kuni ertalab 8-maktabning ma’naviyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 36 yashar Shuhrat Shoymardonovni fermerlarning oldida do‘pposladi. O‘rinbosar xotinining nomida bo‘lgan fermer xo‘jaligi kam paxta topshirgani uchun hokimdan kaltak yedi. Voqeaga guvoh fermerlar tuman hokimining so‘kong‘ich va urong‘ich ekanligini aytdi.

Nishon tumani hokimi tomonidan kaltaklangani to‘g‘risida Ozodlikka xabar bergan o‘qituvchi Shuhrat Shoymardonovning aytishicha, voqea 19 oktabr kuni ertalab, Balxiyak qishlog‘ida sodir bo‘lgan:

- Hokim ertalab barcha fermerlarni Balxiyak qishlog‘iga yig‘di. Rejani bajarolmayotgan fermerlarni birma-bir chaqirib, so‘ka boshladi. Men orqaroqda turgan edim. Bir payt “hey ma’naviyatchi k...t, beri kel”, deb meni chaqirdi. Oldiga bordim. Borishim bilan qornimga bir musht soldi. Og‘riqning zarbidan enkayib qolgan edim, jag‘imga bir musht tushirdi. Ko‘z oldim qorong‘ilashib, gandiraklab yiqildim. Keyin mana pechat, mana yering, menga bunday haqorat va kaltaklar kerak emas, dedimda, chiqib ketdim. Bu birinchisi emas, o‘tgan chorshanba kuni ham yig‘ilishda hokimdan tepki yegan edim, dedi o‘qituvchi.

Shuhrat Shoymardonovning aytishicha, u ikki yil burun tumanning avvalgi hokimi tavsiyasi bilan xotinining nomiga 38 gektar yer olib, “Abbos Shuhratovich” nomli fermer xo‘jaligi tashkil qilgan edi:

- Yerni eski hokimimiz bergan edi. Uning besh gektari - sho‘r yer. Shunday bo‘lsa ham o‘tgan yili rejani 96 foiz qilib bajargan edim. Bu yil esa ob-havo yomon kelib, bir meni emas, ko‘pchilikning paxtasi yaxshi bo‘lmadi. Hozir zo‘rg‘a 55 foiz qildim. Lekin, hokim nima sababdan paxta yaxshi bo‘lganini so‘ramaydi, topib berasan, deydi tamom. Topib berolmaganni urib, so‘kadi, dedi fermer.

Shuhrat Shoymardonovning kaltaklanishiga guvoh bo‘lgan, Ozodlikka mikrofonsiz gapirgan boshqa bir fermer, rejani bajarolmayotgan aksar fermerlar hokim Asror Jo‘raevdan muntazam kaltak yeyayotganini aytdi:

“Hokimning og‘zi ham juda yomon, sassiq. Topgan gapi, “ko‘taningni chiqaraman”, “ko‘tingni yirtaman”, deydi. Shuhrat domlani boshqa fermerlarning oldida kaltaklab, sharmanda qilgani yomon bo‘ldi. Endi bu gap tarqab ketdi. Domla o‘quvchilari oldida mulzam bo‘ladigan bo‘ldi. O‘tgan chorshanba kungi yig‘ilishda esa hokim o‘ndan ortiq fermerni urgan, ketiga tepgan edi. Jumladan, men ham kaltak yeganman”, dedi fermer.

Uning aytishicha, hokimning bezoriligi haqida hech kimga arz qilib bo‘lmaydi:

“Xalqimizda onangni qozi ursa, dardingni kimga aytasan, degan maqol bor. Hokim bizni urganda militsiya boshlig‘i ham, prokuror ham birga bo‘ladi. Tomosha qilib o‘tiradi, ular. Yana kimga shikoyat qilish mumkin? Bosh vazirning virtual qabulxonasiga bo‘layotgan ishlarni yozib yubordik. Yagona umidimiz shundan”, dedi fermer.

Ozodlik bu voqealarga munosabat olish uchun Nishon tumani hokimi Asror Jo‘raev bilan bog‘landi.

Hokim fermerlarning shikoyatlari haqidagi savolimizni obdon eshitgach, bir og‘iz ham javob bermay aloqani uzdi. Asror Jo‘raev bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Nishon tumanining hokimi Asror Jo‘raev joriy yilning 10 iyulida bo‘lib o‘tgan tuman faollari yig‘ini paytida 53 yashar Muzaffar Chorshanbievni "singlingni...," deb haqorat qilgan va haqoratlangan kichik rahbar ayni kuni kasalxonaga tushib, yurak xurujidan jon taslim qilgan edi.

Asror Jo‘raev Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani hokimi bo‘lib ishlagan paytda ham mushtumzo‘rligi va so‘kong‘ichligi bilan nom chiqargan edi.

Jumladan, Yakkabog‘ tumani hokimi bo‘lib ishlagan Asror Jo‘raev 2014 yilning 18-19 oktabr kunlari kechasi o‘tkazilgan yig‘ilishlarda oz paxta topshirgan fermer va terimga kam o‘qituvchi chiqargan bir necha maktab direktorini kaltaklagan edi.

XS
SM
MD
LG