Линклар

Rossiya nazorat organlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik yigit mahalliy ayolga oila qurish emas, Rossiya pasportiga ega bo‘lish maqsadida uylangan - soxta nikohga kirgan.

O‘zbekistonlik 27 yashar yigit va volgogradlik 39 yashar ayol 2015 yilning yanvarida er-xotin sifatida davlat qaydidan o‘tgan. Shahar prokuraturasi rasmiysining Ozodlikka aytishicha, muhojir yigit va rus ayoli birga yashamagan, ularda oila qurish niyati bo‘lmagan. (Prokuratura eks er-xotinning ismlarini ochiqlamadi)

Volgograd viloyat prokurorining matbuot kotibi Oksana Cheredinina Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek yigiti va rus ayoli orasidagi nikoh pul evaziga tuzilgani va soxta ekanligi sud jarayonida to‘la isbotlanganini bildirdi. Cheredininaning aytishicha, Volgograd prokuraturasi nikohni bekor etish da’vosi bilan Volgograd shahri, Traktor zavodi tuman sudiga murojaat qilgan.

- Volgograd shahar Traktor zavodi tuman sudida O‘zbekiston vatandoshi ishtirok etmadi. Vologradlik ayol sudda ishtirok etdi. U o‘z xizmati uchun, ya’ni ZAGS qaydidan o‘tishga rozi bo‘lgani evaziga 5 ming rubl olganini tan oldi. Bundan tashqari O‘zbekiston vatandoshi Vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP yoki Razreshenie na vremennoe projivanie - tahr.) olish uchun ko‘rsatgan adresda, hech qachon er-xotin birga yashamagani aniqlandi, dedi Oksana Cheredinina.

Vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP) chet ellikka Rossiyada ishlash ruxsatnomasisiz va oylik patent to‘lovlarisiz ishlash huquqini beradi. Rossiya vatandoshi bilan nikohda bo‘lgan xorijiy shaxs Vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini olish huquqini qo‘lga kiritadi.

Soxta nikoh uchun pul olgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Lekin uning Rossiyada Vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi bekor etiladi.

Volgograd prokuraturasi rasmiylari mahalliy aholi va chet elliklar orasida qalbaki nikohlarni aniqlash amaliyotlari Rossiya prokuraturasi va Federal migratsiya bo‘limi xodimlari bilan birgalikda muntazam ravishda olib borilishini ochiqladi.

Ismi sir saqlanish sharti bilan Ozodlikka gapirgan markaziy osiyolik haydovchining aytishicha, Rossiya prokuraturasi xodimlari amaliyotlari muhojirlarning rus ayollari bilan soxta nikoh tuzish intilishini to‘xtata olmaydi.

- Rossiyada qolib ishlash maqsadida rus ayollariga uylanish yildan yilga ko‘payib bormoqda. Men bilgan bunday o‘zbek va tojiklar juda ko‘p. Hozir inqiroz bo‘lganiga qaramasdan soxta nikoh narxi 5 ming dollardan boshlanadi. Bu ish ZAGS, pasport stoli, migratsiya bo‘limi xodimlari yordamida qilinadi. Bu juda katta biznes, dedi markaziy osiyolik haydovchi.

Peterburgda quruvchilik bilan shug‘ullanayotgan Beknazarning aytishicha, Rossiya vatandoshligini olish migrantlar hayotini yaxshi tomonga keskin o‘zgartirmaydi.

- Chunki rossiyaliklarning o‘zlari bekor yurishibdi. Yaxshi pul to‘laniladigan ish juda kam. Ish beruvchi shirkatlar hozirda Rossiya vatandoshidan ko‘ra migrantni ishga qabul qilishga harakat qiladi. Chunki aksar migrantlar kam ish haqi va og‘ir sharoitga ishlashga rozi bo‘lishadi. Hozirda Rossiya pasportini olgan ko‘pchilik xorijiylar ish qidirib yurishganini bilaman, dedi Beknazar.

Rossiya migratsiya idorasi ma’lumoti bo‘yicha, Vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP) olish uchun murojaat qilgan xorijiylarning qariyb 80 foizi rossiyalik bilan nikohga kirgan.

Rossiyalik huquq himoyachilari fikricha, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini (RVP) olish uchun murojaat qilganlarning taqriban 15 foizi soxta nikohga kirgan bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG