Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:06

Farzandlarini mushtlashtirgan o‘zbeklar qo‘lga olindi


O‘zganlik ikki ota mushtlashtirgan bolalar.
O‘zganlik ikki ota mushtlashtirgan bolalar.

O‘zganda ikki farzandini qonga belanguncha mushtlashtirgani uchun qo‘lga olingan ikki o‘zbekning yaqinlari hukumatdan ularni kechirishni so‘ramoqda. Qo‘lga olinganlarning xotinlari erlari qo‘lga olingani bois oilalar boquvchisiz qolganini aytmoqda

Shu yilning avgustida ijtimoiy tarmoqlarda ikki yosh bolaning bir-birini qonga belab mushtlashgani tasvirlangan video tarqaldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida bolalarni xo‘roz urushtirganday urishtirib, ur-ur deb baqirgan kattalarning harakati tanqid qilindi. Buning ortidan huquq -tartibot tuzilmalari videoda tasvirlangan odamlarni aniqlab, qo‘lga olgdi.

Qo‘lga olinganlar g‘isht quyish bilan tirikchilik qiluvchi o‘zganlik Hosiljon va Bahtiyor ekani aniqlandi.

Farzandlarini mushtlashtirgani uchun qo‘lga olinganlardan biri Hosiljon Alimovning turmush o‘rtog‘i eri qo‘lga olinganidan keyin to‘rt farzandi boquvchisiz qolganini aytdi:

- Kecha kechgacha O‘shda yurdim. Yalinib-yig‘lab yurdim. Psixollogga borsam “Ajab bo‘libdi”, dedi. “Qilgan ishi uchun o‘zi javob bersin” dedi. Asrda uyga keldim. Uyga kelsam o‘tinlar qorda qolibdi. O‘tinlarni panaroqqa olib loyga belangandim yana ikki melitsiya xodimi keldi. Ularga tushuntirish xatini yozib bera olmadim. Meni nomimdan o‘zlari yozdi. Erimni chiqarib berishsin, qor, sovuq tushdi, -deb yig‘laydi ayol.

Hosiljon Alimovning onasi Donoxon aya o‘g‘lini aybsiz deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, mushtlashgan bolalarning ikkalasi ham jiddiy jarohat olmagan.

- Nabiram sopa-sog‘. Videoda baqirishganda katta mushtlashga o‘xshab ketgan. Bolalar urishganda biron joyiga jiddiy zarar yetmagan. Men bolamning ozod qilinishini so‘ranaman. Dunyo xabar topdi bu ishdan, hamma ko‘rayapti, - deydi Donoxon aya.

6 -7 yoshli bolalarni mushtlashtirib, ularga “ur-ur” deb baqirayotgan otalar aks etgan video tarqalgach, otalarning ikkisi ham ikki oyga hibs qilingan.

Bolalarini mushlashtirgan otalarning ishi O‘zgan tuman prokuraturasida qaralmoqda. Tuman prokurori Mamatkarim Aytiqulov ularga qanday jazo qo‘llanilishini sud hal qilishini aytadi.

- Ular “Balog‘at yoshiga yetmaganlari tarbiyalash” bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda ayblanayapti. 156 – modda, balog‘at yoshiga yetmaganlarni jinoyatga jalb qilish. 234-modda, bezorilikda ayblanishyapti. 156 – moddaning ikkinchi bo‘limi og‘ir jinoyatlar qatoriga kiradi. 161 –modda, unchalik og‘ir bo‘lmagan jinoyat, 234-moddaning 2 bo‘limi 2-3-punktlari – bu ham unchalik og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar qatoriga kiradi. Yaqin orada jinoiy ish sudga yuboriladi, - deydi Mamatkarim Aytiqulov.

Ayni paytda farzandlarini mushtlashtirgani uchun qo‘lga olingan Hosiljon va Bahtiyorning hamqishloqlari ularning avf qilinishini so‘ramoqda. Hamqishloqlariga ko‘ra, bu voqea butun Qirg‘izistonga saboq bo‘ldi.

- Qonun to‘g‘ri ishladi. Hukumatni qonuni bor, qonunga amal qilishimiz kerak. Hukumatimizdan, boshliqlarimizdan ularni bir marta kechirishini iltimos qilamiz.Qish keldi, ko‘mir yo‘q, bola-chaqasi sovuqda yotibdi. Ularni qamab qo‘ysa, bolalari bor, ularni boqish kerak. Ko‘pchilikka dars bo‘ldi. Shundan keyin aholi ham farzandlarini urishtirmay qarashadi, - deyishadi o‘zganliklar.

XS
SM
MD
LG