Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:06

Surxondaryoda tuman IIB boshlig‘i ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Rahmonqulov hibsga olinib, uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ozodlikning viloyat huquq-tartibot idoralaridan birida ishlaydigan manbasiga ko‘ra, sobiq militsiya boshlig‘i mansabini suiiste’mol qilganlikda va moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda.

Sherobod tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Rahmonqulov 11 oktabr kuni hibsga olindi. Shu kuni O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatiga safar qilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan Sherobod tumani hokimiyatida ishlaydigan manbaga ko‘ra, boshliqni o‘z ish kabinetidan olib ketishgan:

“Tuman ichki ishlar bo‘limida ishlaydigan tanishimning aytishicha, militsiya boshlig‘ini qo‘liga kishan solib, boshiga qop kiygizib olib chiqib ketishgan. Militsionerlarga bo‘lgan voqea haqida hech kimga gapirmaslik tayinlangan. Ayni paytda, uni viloyat prokuraturasi tergov qilyapti. Rahmonqulov moliyaviy jinoyatlar sodir qilganlikda va mansabini suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda”, dedi manba.

Ovozini yozib olmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi mulozimlaridan biri, ayni paytda Baxtiyor Rahmonqulovning ochiqqa chiqarilganini aytdi:

“Rahmonqulov bir necha kun hibsda turganidan so‘ng, undan viloyat hududini tark etmaslik haqida tilxat olinib, ochiqqa chiqarilgan. Tergovga uyidan qatnayapti”, dedi mulozim.

Ismi sir qolishini so‘ragan sherobodlik tadbirkorlardan birining iddao qilishicha, sobiq militsiya boshlig‘ining “soliq”laridan tadbirkorlar zada bo‘lib qolgan edi:

“Bitta oddiy misol, paxta terimi paytida ishlab turish uchun tumandagi katta-katta oshxonalarning egalari o‘lpon to‘lab turishardi. Tadbirkorlarni ham ko‘p qaqshatgan edi. Rahmonqulov o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lib, to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Qo‘lga olinmasidan avval Shingdon yog‘-moy zavodi direktoridan ham to‘y bahona 100 litr yog‘ so‘ragan ekan”, deb iddao qildi tadbirkor.

Surxondaryo viloyati prokuraturasidan Baxtiyor Rahmonqulovning ishi yuzasidan qo‘shimcha tafsilot olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda militsiya xodimlarining turli xil ayblovlar bilan hibsga olinishi tez-tez kuzatiladi.

Joriy yilning sentyabrь oyida Namangan viloyati IIB Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimi poraxo‘rligi va hamda katta miqdordagi mablag‘ni talon-taroj etgani uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Shu yilning 16 sentabrida esa Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i va haydovchisi bilan birga yana olti nafar militsiya xodimi pora olganlikda ayblanib, hibsga olindi.

2016 yilning iyun oyida Sirdaryoda balog‘at yoshiga yetmagan qizni zo‘rlagan militsiya xodimlari qamoqqa olinib, ular ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Mart oyida esa Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Ichki ishlar bo‘limining katta leytenanti mahalliy tadbirkorni otib o‘ldirganlikda gumonlanib hibsga olindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ismi oshkor qilinmayotgan 29 yashar militsiya xodimi jinoyatini yashirish maqsadida tadbirkorning murdasini mayda bo‘laklarga bo‘lib suvga oqizib yuborgan.

XS
SM
MD
LG