Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 21:42

Tojikistonda eronliklarga osonlashtirilgan tartibda viza berish to‘xtatildi


Eronning “Osmon” aviashirkati Tojikiston Eron vatandoshlari uchun osonlashtirilgan tartibda viza berishni to‘xtatib qo‘yganini ma’lum qildi. Bungacha bu mamlakatga kelgan eronliklar bevosita chegaraning o‘zida – Dushanbe aeroportida viza olishlari mumkin edi.

“Osmon” aviashirkati o‘z xodimlarini Tojikistonga aviachiptani faqat tojik vizasi borlargagina sotish haqida ogohlantirgan. Endilikda Tojikistonga kelmoqchi bo‘lgan eronliklar Tehrondagi elchixona yoki Mashhaddagi konsulxonaga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.

“Osmon” aviashirkatining Dushanbedagi chiptaxonasi xodimi Rustam Qurbonov Ozodlikning tojik xizmatiga ular vizasiz chipta sotmaslik xususida ogohlantirilganini aytdi. Unga ko‘ra, o‘tgan payshanba “Osmon” aviashirkati qatnovi bilan Erondan Tojikistonga uchgan 40 nafar yo‘lovchining chiptasi vizasi bo‘lmagani uchun bekor qilingan.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi konsullik boshqarmasining Dushanbe aeroportidagi xodimi Eron uchun soddalashtirilgan tartibda viza berish bekor qilinganini tasdiqlagan. “Bu vaqtincha chora” ekanini qayd etgan diplomat bu borada boshqa tafsilotlarni ochiqlashdan tiyilgan. Ayni paytda tojik vizasini osonlashtirilgan tartibda oluvchi boshqa mamlakat vatandoshlariga nisbatan bu kabi cheklov kiritilmagan. Hozirda dunyodagi 80 mamlakat vatandoshi hamda avval Tojikiston vatandoshi bo‘lgan “fuqaroligi yo‘q shaxs” bu mamlakatda osonlashtirgan tartibda viza olishi mumkin.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Axborot, matbuot, tahlil va tashqi siyosiy rejalashtirish departamenti rahbari Vafo Niyatbekov 24 oktabr kuni Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda eronliklar avvalda bo‘lgani kabi mamlakat konsulxonalariga murojaat qilmasdan, Internet orqali “elektron viza” deb atalmish sayohat vizasini olishlari mumkinligini aytdi.

Eronliklarning aeroportda viza olishi mumkin bo‘lgan xorijliklar ro‘yxatidan chiqarilishi Eron Tojikistonda faoliyati taqiqlangan Islom uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriyni xalqaro konferensiyaga taklif qilgani tufayli Dushanbe va Tehron o‘rtasida aloqalar sovuqlashgani qabatida sodir bo‘lmoqda.

O‘tgan yil dekabrida Tehron Muhiddin Kabiriyni xalqaro anjumanga taklif qilgan va hatto uning mamlakat oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Xomanaiy bilan uchrashuvini tashkil qilib bergandi. Shundan so‘ng Tojikiston Eronni terrorchilarni dastaklayotganlikda ayblagan.

O‘shanda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 2015 yil sentyabridagi qurolli isyonni uyushtirishda ayblanayotgan Islom uyg‘onish partiyasi liderini Tehronga taklif etilishi munosabati bilan Eronning Dushanbedagi elchisi Hujjatulloh Fag‘oniyga norozilik notasi topshirgandi.

Shundan keyin Erondan oziq-ovqat mahsulotlari import qilinishiga cheklov joriy qilindi. Tojikiston Bojxona xizmati Erondan quruq choy, parranda go‘shti va boshqalarni olib kirish bu mahsulotlarning sifati past bo‘lgani tufayli kiritilganini bildirgan.

Bundan bor-yo‘g‘i bir necha yil muqaddam Eron Rossiya va Xitoy qatorida Tojikistonning asosiy hamkorlaridan va investorlaridan biri edi. Tojikistonning Eron mablag‘i hisobidan “Istiqlol” tuneli va Sangto‘da-2 GESi qurilgan.

XS
SM
MD
LG