Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:03

Nijniy Novgorodda FSB ikki muhojirni otib tashladi (VIDEO)


23 oktabr kuni Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida mamlakat xavfsizlik kuchlari maxsus amaliyot payti terrorchilikda gumonlangan ikki odamni otib o‘ldirdi, yana birini qo‘lga oldi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, hibsga olingan va otib o‘ldirilgan shaxslar O‘zbekiston vatandoshlaridir.​

Rossiya Federal xavfsizlik byurosiga ko‘ra, Nijniy Novgorodning Akademik Saxarov ko‘chasida​ yakshanba kuni tong saharda maxsus xizmat xodimlari “Daewoo Nexia” mashinasini to‘xtatganida uni ichida bo‘lgan shaxslar qarshilik ko‘rsatgan va politsiya xodimlariga jangovar granata uloqtirgan.

Shundan so‘ng Rossiya maxsus xizmatlari ularga qarshi o‘t ochishga majbur bo‘lgan.

Oqibatda mashina ichida bo‘lgan ikki shaxs otib o‘ldirildi, yana biri tiriklayin qo‘lga olindi.

Hibsga olingan va o‘ldirilgan shaxslar O‘zbekiston vatandoshlari ekani aytilmoqda. Politsiya va maxsus kuchlar o‘rmonga qochishga ulgurgan yana bir o‘zbekistonlikni qidirmoqda.

LifeNews tarqatayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, otib o‘ldirilgan shaxslar "28 yoshli I.Daurbekov va 22 yoshli U.Ikromilin" (familiyalar buzib yozilgan bo‘lishi mumkin).

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda hodisa guvohlari olgan operatsiya jarayonida gumonlanuvchilar mashinasi portlatilishi videokadrlari qo‘yildi.

(Video "VKontakte" ijtimoiy tarmog‘idan olindi)

Nijniy Novgorod viloyati bo‘yicha politsiya boshqarmasida Ozodlik so‘roviga “Sveti” mavzesida joylashgan xususiy uylardan birida ham maxsus amaliyot o‘tkazilgani, biroq unga faqat Federal xavfsizlik xizmati jangchilari jalb qilinganini bildirishdi.

- Maxsus amaliyot maxsus kuchlar tomonidan o‘tkazildi. Unga politsiya xodimlari jalb qilingani yo‘q. Amaliyot davomida birorta mahalliy jarohat olgani yo‘q. Olib borilgan amaliyot tafsilotlari masalasida FSBga murojaat qiling, dedi nijniy Novgorod politsiyasi vakilasi Svetlana Kovilina.

Mahalliy FSB boshqarmasida Ozodlik so‘roviga Akademik Saxarov ko‘chasidagi hodisa yuzasidan hozircha izoh berilmasligi, yaqin kunlarda rasmiy matbuot xabari e’lon qilinishini bildirishdi.

Politsiyada “Sveti” mavzesida olib borilgan maxsus amaliyot 8 soatdan ortiq vaqt davom etganini tasdiqlab berishdi. Birozdan keyin Youtubeda mahalliy ommaviy axborot vositalarida xususiy uylardan birining qurollangan FSB jangchilari tomonidan hujum qilinishi videosi paydo bo‘ldi.

FSB iddaosiga ko‘ra, ularning ijaraga olingan ikki xonali kvartirasida portlovchi modda qidirilgan, biroq u yerdan Rossiyada taqiqlangan “IShID” qora bayrog‘i va maskalar topilgan. Mashina yukxonasida SOBR jangchilari portlovchi modda aniqlagani va maxsus robot yordamida portlatib yuborilgani aytildi.

N.Merkulovaning "VKontakte" tarmog‘idagi sahifasidan olindi.
N.Merkulovaning "VKontakte" tarmog‘idagi sahifasidan olindi.

“Vremya N” axborot agentligiga FSBdagi o‘z manbasiga tayanib bergan xabaridan o‘ldirilgan shaxslar O‘zbekistondan ekani, ulardan biri hatto uylangani ma’lum bo‘ldi.

Rossiyaning LifeNews nashri orqali sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, FSB bir necha kun davomida ismi oshkor etilmayotgan o‘zbekistonliklar ortidan operativ kuzatuv olib borgan.

- Huquq himoyachilari bu shaxslarni “sinov tariqasida” qurol sotib olayotgan paytda qo‘lga tushirmoqchi bo‘lgan. Xodimlarimiz ularning Rossiyada taqiqlangan “Islom davlati”ga qasamyod qilganini aniqladi. Aynan shu “davlatga” qarshi Suriyada bizning uchoqlarimiz urushayapti, deya xulosa qildi LifeNews muxbiri.

Hozirda muhojirlar o‘liklari mahalliy morgga ekspertizaga yuborilgani ma’lum.

O.Panfilov: “Bunday amaliyotlar propagandaning ajralmas qismi”

Ekstremizmga qarshi kurash markazi shu kunlarda tarqatgan xabarga ko‘ra, Rossiya poytaxti Moskvada diversiya uyushtirish maqsadida uch nafar O‘zbekiston va Qirg‘iziston vatandoshi kirib kelgan.

Maxsus xizmatlar qidiruvga berilgan “Maymun” laqabli o‘zbekistonliklardan birining ismi-sharifi Ravshanbek Sulaymonov bo‘lib,u hozirda Rossiya hududida yashirinib yurganini aytmoqda. Shuningdek, bu shaxslar 7 oktabr kuni Moskvaning “Krokus Ekspo” ko‘rgazma kompleksidagi hojatxonalardan birida topilgan portlovchi moddaga aloqasi borligi taxmin qilindi.

Rossiya ommaviy axborot vositalarida Suriyadagi Rossiya Qurolli kuchlari havo-harbiy amaliyotlari “IShID va terrorchilarga qarshi kurash” sifatida berilayotgan bir paytda Rossiya ichkarisida ”islomiy guruhlarga qarshi” maxsus amaliyot keskin ko‘paygani kuzatilmoqda.

Gurjiston Davlat universiteti professori, jurnalist va siyosiy tahlilchi Oleg Panfilov Ozodlik bilan suhbatda FSB tarqatayotgan bu xabarlarga jiddiy shubha bilan qarash zarurligini gapirdi.

- Bilmadim, balkim amaliyotlar reja asosida qilinayapti. Men ko‘p marotaba “IShID” tashkiloti tuzilishiga e’tibor qaratganman. Qanday paydo bo‘lgani, kim tomonidan moliyalashtirilayotgani noma’lum bo‘lgan tashkilotning Rossiya maxsus xizmatlariga aloqasi borligiga ishonchim kuchaymoqda. Birinchidan, fsbchilarning o‘zlari 30 foiz IShID jangchilari rusiyzabon e’tirof qilib keladi. Ikkinchidan, hanuzgacha bu “jangarilarni” Rossiya hududida yollash usullari fosh etilmagan. “Islomiy davlat” guruhiga yollanayotgan markaziy osiyoliklarning aksar qismi Rossiya hududida yollanayotgani alohida e’tiborga sazovor. Uchinchidan, ishidchilarning harbiy formasi ruslarning Qrimni zabt etgan harbiylar formasiga o‘xshab ketishi savollarni tug‘diradi, deydi Oleg Panfilov.

Gurjistonning Iliya Universiteti professori O.Panfilov
Gurjistonning Iliya Universiteti professori O.Panfilov

U so‘ngi paytlarda “Islomiy davlat” jangarilariga qo‘shilib ketgan bir qancha markaziy osiyolik to‘g‘risida ma’lumot yig‘ib, ularning aksari namozxon bo‘lmagani va pul evaziga yollanganini aniqlaganini ma’lum qildi.

Профессор Олег Панфилов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:14 0:00
Бевосита линк

Suhbatdoshning fikricha, bu kabi xabarlar Rossiya propagandasining bir qismi bo‘lib, bevosita Rossiya aholisiga qaratilgan va Suriya janglaridagi rus qo‘shinlari ishtirokini oqlashga qaratilgan.

- Men anchadan buyon bu kabi xabarlarga ishonmayman. Chunki aqlli odam mantiqan fikrlay oladi. Xo‘sh, bu yigitlar yollanib Turkiya orqali Suriyaga tushishi qanchalik haqiqatga mos?! IShIDga qarshi kurashayotgan rus harbiy formasida bo‘lgan, IShID bayrog‘ini ko‘tarib olgan, qurollangan odamni qanday qilib turklar o‘z chegarasidan o‘tkazib yuboradi?! Bu sovet davridan qolgan propagandaning ajralmas qismi. Rossiyada azaldan ichki va tashqi dushman mavjud bo‘lgan: ular tez-tez o‘zgarib turgan. Yahudiylar, finnlar, polyaklar, bosmachilar, banderachilar, yangi davrda chechenlar, migrant-musulmonlar dushman sifatida gavdalandi. Hozirga kelib asosiy dushman – IShID. Sovet Ittifoqida o‘lg‘aygan odamlar esa bunday cho‘pchaklarga ishonaveradi, dedi professor Panfilov.

XS
SM
MD
LG