Линклар

Rossiyada 2017 yilda yo‘lovchi tashish transpotiga jalb etilgan xorijiy haydovchilar soni 40 foizdan 30 foizga, yuk tashish transportida esa 35 foizdan 30 foizga qisqartiriladi. Bu haqda Rossiya Mehnat vazirligining Aholini ish bilan ta’minlash departamenti rahbari Mixail Kirsanov “Rossiyskaya gazeta” nashriga ma’lum qildi. Ushbu chora¸ Mehnat vazirligi mulozimiga ko‘ra, “transport sohasida maksimal darajada xavfsizlikni ta’minlash” va mahalliy aholi orasida ishsizlikni kamaytirishga qaratilgan.

Rossiya Mehnat vazirligining Aholini ish bilan taminlash departamenti rahbari Mixail Kirsanovga ko‘ra, 2017 yilda mamlakat iqtisodiyotining turli sohalarida ishlashga izn berilgan mehnat muhojirlari soni, joriy yildagidan sezilarli farq qilmaydi. Biroq yagona soha – yo‘lovchi tashish (10%) va yuk tashish (5%) transportida mehnat muhojirlari miqdori, joriy yilga qaraganda kamaytiriladi.

Hukumat qaroriga binoan, Rossiyada 2017 yilda yo‘lovchi va yuk tashish transportini boshqarayotgan chet elliklar umum soni 30 foizdan oshmasligi lozim.

Moskvadagi “Mosgortrans” naqliyot shirkatida haydovchilik qilayotgan tojikistonlik Sa’dullo Ozodlik bilan suhbatda chet ellik haydovchilarni qisqartirish amaliyoti allaqachon boshlanganini aytadi:

- Bizning “Mosgortrans” shirkatida MDH davlatlari, jumladan, Tojikiston va O‘zbekiston vatandoshlari ishlaydi. Bir yil to‘liq ishlagandan keyin otpusk berishadi. Hozirgi paytda otpuskdan qaytgan o‘zbek, tojik hamkasblarni qayta ishga olishmayapti. “Rossiya pasporting bo‘lmasa, haydovchilikka olmaymiz,” deb javob berishayapti, - deydi Sa’dullo.

Biroq u rasmiylarning chet elliklarni rossiyaliklar, xususan moskvalik haydovchilarga almashtirish chorasi natija berishiga ishonmasligini qo‘shib o‘tadi:

- Chunki Moskvada haydovchilik ishi og‘ir, talab va nazorati o‘ta kuchli. Umuman yo‘l qoidasini buzmaslik kerak, bekatlarga o‘z vaqtiga yetib borish kerak. Bundan tashqari yo‘lovchilar “noz-nuziga” quloq solish kerak va hokozo. Oyliklari ham ishiga yarasha yetarli, deb o‘ylamayman. O‘rta hisobda ikki smenali grafik bo‘yicha 15 kun ishlasangiz, 45 mingdan 50 ming rublga qadar maosh olishingiz mumkin, - deydi Sa’dullo.

2016 yil boshida Rossiyaning ayrim mintaqalari, jumladan Novosibirsk viloyatida patent asosida mehnat qiluvchi chet elliklarning yo‘lovchi transportini boshqarishi man etilgan edi.

XS
SM
MD
LG