Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:18

O‘zbekistonda bu safar Halloween nishonlashga monelik qilinmadi


O‘yilgan oshqovoq - Hellouin bayramining asosiy personaji
O‘yilgan oshqovoq - Hellouin bayramining asosiy personaji

O‘zbekistonda rasmiy taqiq ostida bo‘lib kelgan Hellouin​ bayrami nishonlanishiga bu yil monelik qilinmadi. G‘arb davlatlarida ommaviy bayramlardan biri sanalgan Hellouin​ 31 oktabrdan 1 noyabrga o‘tar kechasi nishonlangan bir paytda Ozodlik O‘zbekiston poytaxtida ham “jodugarlar kecha”lari o‘tkazilgani, ayrim kafe-restoranlar bu bayramni nishonlashga ruxsat berayotganini aniqladi.

Halloweenga ruxsat yo‘q. Lekin u taqiqlangani ham yo‘q...

Bir necha yildan buyon Toshkent shahrida Hellouin nishonlanishiga rasmiy ruxsat bermay kelayotgan bo‘lsa-da, bu yil birinchi marotaba uni nishonlashga hukumat monelik qilmagani kuzatildi.

O‘zbekiston poytaxtida kiyim tikish bilan shug‘ullanadigan agentliklarning ko‘pida karnaval liboslari, jumladan Halloweenda kiyiladigan jodugar, arvohlar va boshqa afsonaviy obrazlar kiyimlari sotilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik Toshkent atelьelaridan birida oxirgi paytlarda bu kabi mahsulotlarga talab oshganini tasdiqladi.

- Hellouinga kiyimlar bor. Hellouinga asosan “dahshatliroq” bo‘lishi kerak, shu uchun asosan qora kiyimdan tikayapmiz. Bir xillarga “pancho”, boshqalarga “alvasti” kiyimi, bir xillarga boshiga “shaytoncha” parik qilib, makiyaj qilib yasayapmiz.Odam judayam ko‘p, dedi joriy yilda hech kimdan bunday kiyimlarga taqiq tushmaganini aytgan atelьe xodimasi.

Belarusda oshqovoqlar "Lenin" klubida bezatilmoqda
Belarusda oshqovoqlar "Lenin" klubida bezatilmoqda

G‘arb davlatlarida keng nishonlanadigan "jodugarlar bayrami" O‘zbekistonga atigi 5-10 yil oldin kirib kelgan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida bu bayram O‘zbekiston hukumatining taqiqi ostiga tushishga ulgurdi.

Bundan roppa-rosa 3 yil oldin O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi Hellouin​ bayramini nishonlamaslik xususida barcha xalq ta’limi bo‘limlariga maxsus telefonogramma yuborgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘shanda maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari hamda o‘qituvchilardan iborat “ishchi guruhlar” Skverda va boshqa gavjum joylarda yurishib, o‘quvchilarni Hellouin​ni bayram qilishga qo‘ymaslik reydlarini o‘tkazgan.

Shuningdek, bu tadbirga jalb qilingan militsiya xodimlari karnaval maskalarida bo‘lgan har qaysi shaxsni bo‘limga keltirib, “tushuntirish ishlari”ni olib borgani aytilgan edi.

Ozodlik “taqiqlangan bayramlar”ga joriy munosabat xususida O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi va Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qildi. Respublikada targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan shug‘ullanuvchi mutassadi idoralardan birida bu xususda biror qo‘shimcha yo‘riqnoma yoki og‘zaki buyruq kelmaganini bildirishdi.

Ismi sir qolishni so‘ragan suhbatdosh Hellouinni nishonlashga rasman ruxsat berilmaganiga qaramasdan, uni nishonlashga monelik qiluvchi boshqa buyruq bo‘lmaganini ham aytdi.

Ozodlik Toshkentning sanoqli klub va restoranlari bu yil Hellouin nishonlanishi mumkinligi to‘g‘risida tasdiq oldi.

- Ha, ha, bo‘ladi, akajon, deya gapni qisqa qildi Toshkent tunggi klub xodimlaridan biri.

Biroq, aksar ko‘ngilochar va tungi klublarda hozircha bu kabi bayramlarni nishonlashga taqiq borligini bildirishdi.

- Hellouin nishonlash taqiqlangan. Bizni bu haqda ogohlantirib kelishadi, suhbatlar o‘tkazishadi, dedi suhbat olib boruvchilar “organ” odamlari ekanini bildirgan “Ariston Park” restorani xodimasi.

Shayhontohur tumanidagi X-clubda faqat “milliy bayramlarni” nishonlashga ruxsat saqlanib qolayotganini bildirishdi.

- Hellouin nima degani?! Bu bayram hatto o‘zbekcha ham emas! Shu sababli biz uni o‘tkazmaymiz. Navro‘z bayrami bo‘lganda – boshqa gap. Ya’ni, bizga tegishli bo‘lmagan bayramlarni biz nishonlashga haqqimiz yo‘q. Bizda hatto Yangi yil nishonlanlash taqiqlangan! Afsuski, qonunlar va tartiblar o‘zgargani yo‘q, dedi klub vakilasi.

"Bayramlar xilma-xilligi - tolerantlik in’ikosidir"

O‘zbekistonlik taniqli rassom Vyacheslav Oxunov Hellouin kabi hazil karnavallar o‘tkazilishi jamiyatning ochiqligi va tolerantligini namoyish qiladi, deydi.

San’atkorning fikricha, ko‘plab tadbirlar qat’iy nazoratda bo‘lgan va doimiy taqiqqa uchragan jamiyatlarda bu kabi bayramlarga doimiy qiziqish bo‘ladi.

- Shaxsan men bunday bayramlarga normal munosabatdaman. Bayramlar qanchalik ko‘p bo‘lsa - shuncha yaxshi. Masalan, afsusdamanki, Toshkentda “shahar kuni” nishonlanmaydi. Butun dunyo shaharlarida o‘tkaziladi bu bayram! Mayli G‘arb bayramlarini chetga olib turaylik – o‘zimizda Navro‘zdan tashqari “Anor sayli”, “Qovun sayli”, qishki bayramlar nishonlanmaydiku... Bu haqda gapirilmaydi ham. Rasman bizda ikkita bayram qoldi, xolos. Ayniqsa dunyoni ko‘rayotgan yoshlar uchun o‘zga madaniyat bilan shu tarzda tanishish - bu qiziq-ku! Undan tashqari, Surxondaryo, Xorazm, Qashqadaryoda o‘ziga xos bayram va o‘yin kulgu davralari bor. Qolaversa, O‘zbekistonda ko‘plab boshqa millat vakillari o‘z bayramlari bilan yashamoqda, deya fikr bildirdi Vyacheslav Oxunov.

Suhbatdosh turfa xildagi bayramlar o‘sib kelayotgan yoshlar tarbiyasida, ular dunyoqarashini kengaytirishda juda ijobiy o‘rin kasb etishini qo‘shimcha qildi.

Halloween ("All Hallows' Evening") yoki "Barcha Avliyolar Kechasi" qadimgi keltlarning yovuz kuchlarni haydash marosimi bo‘lib, har yili 31 oktabridan 1 noyabriga o‘tar kechasi o‘tkaziladi.

Rivoyatlarga ko‘ra, shu kuni o‘lgan odamlarning ruhi yerga qaytishi mumkin. Shu bois qora tunda odamlar uylari atrofiga ichiga yoniq sham solingan oshqovoqlarni qo‘yib chiqadilar.

Ichi kavlab olingan oshqovoqlar ko‘z, burun va boshqa turli shakllarda o‘yiladi.

O‘zbekistonda ham bu bayram keng omma orasida urf bo‘la boshlashi ortidan rasmiylar Hellouin va nasroniy bayramlarni nishonlashni taqiqlab qo‘ydi.

O‘zbekistonda bir necha yildan buyon Yangi yil bazmlari va kechalarini o‘tkazishga taqiqlar borligi to‘g‘risida Ozodlik xabar berib keladi.

To‘rt yildan buyon o‘zbekistonlik talaba yoshlarga 14 fevral – Avliyo Valentin sevishganlar kunini nishonlamaslik qat’iyan tavsiya qilinib kelinmoqda.

G‘arblik yoshlar keng nishonlaydigan, mustaqillik yillarida o‘zbekistonlik yoshlar orasida ham urf bo‘lgan Avliyo Valentin kunida yigitlarning qizlarga gul tuxfa qilishi taqiqlandi.

2012 yilning yanvarida Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi tomonidan tayyorlangan “14 fevral Sevishganlar kuni emas” nomli maxsus targ‘ibot bukleti talabalar orasida tarqatilgan edi.

XS
SM
MD
LG