Линклар

Shanxay hamkorlik tashkiloti Hukumat rahbarlarining navbatdagi majlisiga O‘zbekiston delegatsiyasini Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov boshqarib boradi.

Bu haqda xabar qilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, 2-3 noyabr kunlari Bishkekda bo‘lib o‘tadigan bosh vazirlar kengashida 10 ga yaqin hujjat imzolanishi kutilmoqda.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Qirg‘iziston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga o‘zi bormay, o‘rinbosarini jo‘natayotgani Islom Karimovdan keyin kuzatilayotgan va tobora tendentsiya ko‘rinishini kasb etayotgan yangilikdir.

Yangilikki, mamlakat rahbariyati tamsil qilinadigan ikkitomonlama va xalqaro uchrashuvlarda ilgari doim soyada yuradigan mulozimlar delegatsiya rahbari darajasida ishtirok etmoqda.

Islom Karimov davrida davlat amaldori, u xoh vazir bo‘lsin, xoh hokim bo‘lsin, tabiiy gazga o‘xshar edi: u qaerdadir boru lekin ovozi eshitilmasdi, surati ko‘rinmasdi, ya’ni “hidsiz va rangsiz” edi.

Ba’zi-ba’zida u yoki bu davlat amaldorining surati ko‘rinib (vaqtincha “eksport” bo‘lganida) , ovozi eshitilib (“sassig‘i” tasodifan ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketib qolganda) qolishi ham yana o‘sha tabiiy gazni - xavfsizlikni ta’minlash uchun odarant qo‘shilgan gazni eslatar edi.

Hissiz-havassizlikda esa, “hidsiz va rangsiz” o‘zbek mulozimi sobiq sovet bonzalarini-da changda qoldirib ketgan. Islom Karimov ishtirokida o‘tgan majlislar yoki parlament zalidan olingan suratlarda biron-bir mulozimning yuzida tabassum izi mavjudligi sezilgan emas.

- Karimov davrida birorta gazetada yoki televidenieda biron-bir rahbarning ismiga ko‘zingiz tushmas edi.

Aynan mana shu holat haqida gapirar ekan, O‘zbekiston parlamenti eks-a’zosi, AQShda yashaydigan siyosiy muhojir, jurnalist Jahongir Muhammad, jumladan, bunday dedi:

- Karimov davrida birorta gazetada yoki televidenieda biron-bir rahbarning ismiga ko‘zingiz tushmas edi.

O‘zbek mulozimi to‘g‘risida so‘nggi 25 yil ichida shakllangan mana shu tasavvurni Qirg‘izistonga O‘zbekiston delegatsiyasini boshlab borgan bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromovning restoranda raqsga tushgani chil-parchin qildi.

Omma ko‘z o‘ngi va telekameralar ob’ektivlari oldida raqsga tushish huquqini marhum Prezident faqat o‘ziniki qilib olgan va shu sababli vazir yoki hokimning xiromiga ojiz bandaning ko‘zi tushgan emas.

Ushbu satrlar muallifining bundan 10 yil muqaddam – 2006 ning Navro‘zida O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida o‘sha paytdagi elchi Abdulaziz Komilovning raqsga tushganiga guvoh bo‘lgani hisob emas. Har holda u raqs xos davradagi xos raqs ediki, jamoatchilik, boz ustiga, O‘zbekiston jamoatchiligi undan bexabar qolgan.

Endilikda Adham Ikromovga ham, Abdulaziz Komilovga ham nafaqat ko‘pchilik oldida raqsga tushish, balki O‘zbekiston Respublikasi nomidan bayonotlar qilish vakolati berilgani ko‘rinib qoldi.

Bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromov 26 oktyabr kuni O‘shda qilgan chiqishi chog‘ida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi “chegaralarning ochilishi masalasi ham yaqin oylarda hal bo‘lib qoladi”, deb bayonot berdiki, bunday gapni aytish huquqi ilgari mutlaq Karimovniki edi.

30 sentabrda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida mavjud muammolarni bartaraf etish va do‘stona aloqalarni tobora kengaytirish yo‘llarini muhokama qildi. Agar Toshkent-Dushanbe aloqalaridagi haroratning keyingi yillarda keskin tushib ketgani hisobga olinsa, bunday muhokama ham mutlaq O‘zbekistonning shu kundagi birinchi rahbari – Shavkat Mirziyovning vakolatlari doirasidagi ishdir.

2 noyabrda esa, ShHTning Bishkekda bo‘ladigan va formatiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoev ishtirok etishi kerak bo‘lgan uchrashuvga uning o‘rinbosari Rustam Azimov bordi.

Abdulaziz Komilov, Adham Ikromov va Rustam Azimovlarga mamlakatdan tashqarida O‘zbekiston nomidan gapirishga Shavkat Mirziyoevning vakolat berishi ko‘pchilik ko‘z o‘ngida kechmoqda.

-Hokimiyat uchun qattiq kurash ketmoqda. Karimovning odamlari orasida tahlika borligi aytilmoqda.

Masalaning ehtimoliy yashirin qismi haqida esa, O‘zbekiston parlamenti eks-a’zosi Jahongir Muhammad mamlakat hokomiyatidagi o‘z manbalariga tayanib,Toshkentdagi shu kunlardagi vaziyat to‘g‘risida Ozodlikka bunday dedi:

- hokimiyat uchun qattiq kurash ketmoqda. Karimovning odamlari orasida tahlika borligi aytilmoqda. Ularning ba’zilari Karimovning nomini ulug‘lash orqali hokimiyatdagi umrini uzaytirishni o‘ylamoqda, ba’zilari esa, qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston bilan munosabatlar iliqlashayotganiga qarshi chiqmoqda.

Bu gapni aytar ekan, Jahongir Muhammad fikriga dalil sifatida sharh.uz saytida 31 oktabr kuni e’lon qilingan mana bu maqolani tilga oldi.

Mana shunday sharoitda Jahongir Muhammadning fikricha:

- Mirziyoev saylov oldida mamlakatni o‘z qo‘lida ushlab turish maqsadida tashqariga chiqishni istamayapti.

- Mirziyoev saylov oldida mamlakatni o‘z qo‘lida ushlab turish maqsadida tashqariga chiqishni istamayapti.

Shu o‘rinda boshqa bir fikrni ham keltirmoqchimiz. Yaqinda Reyter axborot agentligi muxbiri O‘zbekiston hokimiyatidagi o‘z manbalariga tayanib, mamlakatda hokimiyat triumvirati shakllanayotgani va bu uch butoqli hokimiyatning bir butog‘ida Shavkat Mirziyoev, ikkinchisida MXX raisi Rustam Inoyatov, uchinchi butoqda esa, Rustam Azimov bo‘lajagi haqida yozdi. ​

Ayni paytda, Jahongir Muhammadning kuzatishicha, mamlakatni Shavkat Mirziyoev boshqarayotgan shu kunlarda davlat mulozimlarining yuz-ko‘zi jamoatchilikka ko‘rina boshlaganini tan olmaslik mumkin emas:

- Keyingi kunlarda men bir narsaga e’tibor berayapman: gazetalarda, hukumatning veb-sahifalarida sarlavhalarga katta-kichik rahbarlarning ismlari va ularning aytganlari chiqarilmoqda.

Bir oydan so‘ng o‘tkaziladigan O‘zbekiston prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoevning g‘alaba qilish ehtimoli juda katta ekanligini aytish uchun siyosatshunos bo‘lish shart emas.

Bas, agar, Mirziyoev prezident bo‘lib qolsa, davlat mulozimining "omma ko‘zidagi shaxs" bo‘lishi uchun bugun qilayotgan harakatlarini davom ettiradimi? Yoki bugungi harakatlar, shunchaki, saylovoldi “harakatlarimi”?

- Davom ettirishi mumkin, lekin muayyan bir nuqtagacha. Boshlanish davrida bugungiga o‘xshash erkinliklar beradi. Lekin hokimiyati mustahkamlanib borgan sari, o‘zbekcha aytar bo‘lsak, “ko‘zini yog‘ bosadi”. Shuning uchun ham chinakam demokratiyalarda prezidentlik muddati 4 yoki 5 yil bilan cheklab qo‘yilgan. Shunga amal qilmas ekan, shu paytgacha qattiq qo‘l rahbar sifatida tanilgan Mirziyoev ham zolimga aylanishi muqarrar, dedi Jahongir Muhammad.

P.S.

Sarlavhaga “kaleydoskop” so‘zini qo‘shmaslik, menimcha, anoyilik bo‘lur edi. Chunki o‘zbek hokimiyatida eski rahbarlarning yangi yuzlari ko‘rina boshlagani, hozircha, bor-yo‘g‘i, o‘sha kaleydoskopni eslatayapti, xolos: quvurchani aylantirarkansiz, uning ichiga o‘rnatilgan uchburchak ko‘zguda bir necha doimiy rangli tosh turli shakllarga kirib ko‘zingizni quvnatadi. Kaleydoskop ichida aslida nima bo‘layotganini esa, ko‘rolmaysiz: uning boshqa tomoniga yaltiroq qog‘oz yopishtirilgan

XS
SM
MD
LG