Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:23

"Tozalash" tadbirida kirakashlarning Damaslari tekinga ishlatilmoqda


Farg‘ona viloyati bo‘ylab olib borilaëtgan “Tozalash” tadbirida viloyatdagi kirakash Damaschilar militsiya va boshqa tekshiruvchilarni tekin tashishga majburlanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan marg‘ilonlik kirakashning aytishicha, tuman Yo‘l-patrul xizmati hodimlari Damaslarni to‘xtatib, “tekin ishga” jo‘natmoqda:

- Bugun ertalab reysga chiqsam, Marg‘ilon YPX xodimi to‘xtatib¸ kun bo‘yi reydda qatnashasan¸ milisalarni olib yurasan, deb hujjatlarimni olib qo‘ydi. Kun bo‘yi uyma-uy oblavaga milisa tashidim. Hujjatlarni kechqurun qaytarib berdi¸ dedi suhbatdosh.

Farg‘ona viloyat IIB sidagi Ozodlik manbasi “Tozalash” amaliyotiga hususiy kirakashashlar jalb qilinganini tasdiqladi:

- "Tozalash" amaliyoti butun viloyat bo‘ylab keng qamrovda olib borilmoqda. Diniy ayb bilan qamalib, ozod bo‘lganlarning oilalariga bir-bir kirib tekshirmoqdamiz. Keyin osobiy spiska bo‘yicha ham tekshirish o‘tkazilmoqda. Mashina etmayapti. Shu bois qayddan o‘tgan xususiy taksilar¸ damaslarni ham jalb qilyapmiz. Bu jalb qilish haydovchilarning roziligi bilan bo‘lyapti, bu bir. Ikkinchidan, ular yo‘nalishli taksi sifatida litsenziya olganida¸ litsenziya shartnomasiga imzo chekishgan. Shartnomada favqulloda holatlarda kuch ishlatar tizimlarga o‘z transport vositam bilan yordam beraman¸ degan band bor¸ dedi manba.

Biz bu gapdan keyin marg‘ilonlik kirakash bilan bog‘lanib litsenziya shartnomasida shunday band bor-yo‘qligiga qiziqdik:

- Shunaqa joyi bor. Lekin Farg‘ona viloyatida rasman favqulloda xolat e’lon qilinmadi. Paxtaga yoki oblavaga obketishyapti o‘sha bandni asos qilib. Bu noto‘g‘ri. Yana bir gap¸ yilda bir ikki marta milisalarni to‘y ma’rakasida ham hizmat qilamiz. Shularga hizmatimiz o‘tsinu¸ yo‘lda to‘xtatmasin degan andishamiz bor. Ammo sal haddan oshib ketyapti bunaqa tekin aravakashlik¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbekistonda "tozalash -antiterror" tadbirlari joriy yilning 20 fevralidan boshlandi. Hozir ham davom etaëtgan bu tadbirda chet eldan va jazo o‘tash maskanlaridan qaytganlar bilan "profilaktika" olib borilishi aytiladi.

Mafkuraviy o‘lponlar

Byudjetdan moliyalanadigan militsiya xodimlari¸ o‘zlarining ba’zi harajatlarini xalqdan yig‘ib olgani haqida Ozodlikda ma’lumotlar bor.

Masalan, o‘tgan yili O‘zbekiston bo‘ylab mahallalarda posbonlar uchun qurilgan maxsus tayanch punkti uchun pul mahalla ahlidan undirilgani aholi noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Zamonaviy O‘zbekistonda mafkuraviy tadbirlar va shanbaliklar uchun pul yig‘ish odatiy tus olgan.

“Ixtiyoriy-majburiy” formatdagi bu “o‘lpon” paxta chopig‘i va terimi uchun eng ko‘p qo‘llanilishi kuzatiladi.

Farg‘onaning Yozyovon tumanidagi Damas haydovchisi esa, ikki kun mobaynida tekinga paxtaga odam tashittirishganidan shikoyat qildi:

- Hujjatlarimni olib qo‘yib paxtaga odam tashittirdi. Hech bo‘lmasa benzin pulini ber desam ham berishmadi¸ deydi haydovchi.

XS
SM
MD
LG