Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:25

Mirziyoev dori-darmon narxini tartibga soluvchi qaror chiqardi


O‘zbekistonda yangi yildan boshlab dori-darmonning narxi bir xil bo‘ladi va davlat belgilagandan ortiq narxda dori sotgan aptekachilar javobgarlikka tortiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev imzolagan qarorda aytiladi. Dori-darmon savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar fikricha, narx-navolarni majburiy cheklash xorijda ishlab chiqarilgan sifatli dorilarni olib kelishni ham cheklab qo‘yadi.

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev imzolagan “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida asosiy e’tibor dori-darmon vositalari narxlarining asossiz ravishda oshirib borilayotganiga qaratildi:

“Dori-darmon vositalari narxlarining asossiz oshirilayotgani, shuningdek, bir xil dori vositalarining narxlarida katta farq borligi kuzatilmoqda. Bu dorixonalarda dori-darmon vositalariga narx belgilash tizimini takomillashtirish va ular faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishga doir shoshilinch choralar ko‘rish zaruratini yuzaga keltirmoqda”, deyiladi qarorda.

Qarorga ko‘ra, yangi yildan boshlab chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatdagi ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 167 nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va 22 turdagi tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar belgilanadi.

O‘zbekiston "Dori-darmon" aksiyadorlik kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, ayni paytda, mazkur qaror bo‘yicha chora va tadbirlar ishlab chiqilayotganini Ozodlikka aytdi:

"Bu qarorda dori-darmon bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qilish nazarda tutilgan. Eng asosiysi bu yerda aholining manfaati hisobga olingan, narx navosi ham, sifat masalasi ham, mahalliy dori-darmonni ishlab chiqarishni rivojlantirish ham", dedi mulozim.

Toshkentdagi dorixonalardan biri mudirining Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonning hozirgi iqtisodiy sharoitida dorilar uchun bir xil narx belgilash juda qiyin:

"Birinchidan, shu kungacha narx-navo oshgani sari dori-darmon ham shunga qarab qimmat bo‘lib kelayotgan edi. Biz Toshkentdagi bir necha optoviy firmalardan ulgurji dori sotib olamiz. Ular ham so‘nggi paytgacha dollar oshdi deb, dorining narxini muntazam oshirib kelayotgan edilar. Ikkinchidan, dollar kursi tinmay oshib borayotgan paytda, dorilarning narxini bir xil qilib ushlab turishning imkoni yo‘q. Yangi yildan buni qanday amalga oshirmoqchilar, bunisi bizga hozircha qorong‘u", dedi dorixona mudiri.

Samarqandlik pensionerlardan biri, ayni paytda dori-darmonning narxi dorixonalarda har xil ekanligini aytadi:

"Shu bugun Siyob bozori atrofidagi aptekalardan bitta dorini qidirdim. Bittasida 1200, bittasida 1800, bittasida esa aynan shu dorini 3000 so‘m deyapti. Har kim xohlagan narxini qo‘yib sotyapti. Dorilar oddiy pensionerlar uchun juda qimmat", dedi pensioner.

Qarorda shuningdek mahalliy dori ishlab chiqarishni ham rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan buxorolik shifokorning aytishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan hamma dorilarni ham sifatli deb bo‘lmaydi:

"Dori darmonni mahaliylashganini ko‘pi sifatsiz. Nechtasini oldik, ta’siri yo‘q. Chaqaloq uchun "bibotik" degan poroshokni O‘zbekistonda ishlab chiqarilganini oldik, chaqaloq ichmadi xam. Dorilarning narxini nazorat kilishsa bu yaxshi, lekin butunlay mahaliylashtirish yaxshi emas", dedi shifokor.

Kuzatuvchilar dori-darmon narxini bir xil qilib ushlab turishga urinishni Shavkat Mirziyoevning saylovoldi tadbirlaridan biri sifatida ko‘rayotganini aytadilar.

Shavkat Mirziyoev Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining qurultoyida bu haqda shunday degan edi:

“Arzon va ishonchli dori-darmon bilan ta’minlash masalasida bugun biz aholimizdan qarzdormiz va o‘ylaymanki, bu qarzni uzish vaqti keldi. Ayni paytda biz tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga qimmat dorilarni asossiz ravishda tayinlashga, dorixona tarmoqlarida narx-navoning besabab oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan eng qat’iy choralarni ko‘ramiz” degan edi Bosh vazir.

Shavkat Mirziyoevning bu aytganidan bir hafta o‘tib matbuotda uning dori-darmon narxi oshishini cheklash haqidagi qarori e’lon qilindi.

XS
SM
MD
LG