Линклар

O‘zbekistonning Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 64/29-sonli muassasada bir yarim yillik jazo muddatini o‘tab chiqqan sobiq mahbus ozodlikda kamsitishlarga yuz tutayotgani, “qamalib chiqqan”degan tamg‘a bilan ishga olishmayotgani, jazoni o‘tab bo‘lganlarga beriladigan bir martalik ijtimoiy yordam pulini ham ololmayotganini aytdi.

- Hayotga ko‘nikishim juda qiyin bo‘lyapti. O‘n ish kunida menga berilishi kerak bo‘lgan 10 minimal oylik miqdoridagi 1 million 300ming so‘m pulni berishmayapti. “Reabilitatsiya markaziga borsam seni biz qamatdikmi, kerak bo‘lsa bir yil kutasan”, deb juda qo‘pol gapirishadi, kamsitishadi, - deydi sobiq mahbus.

O‘zbekistonda har bir viloyat yoki shahar hokimliklari qoshida qamoqdan chiqqanlarga yangi hayotni boshlashga yordam beruvchi ijtimoiy reabilitatsiya markazlari tashkil etilgan.

Bu markazlar sobiq mahbuslarga eng kam ish haqining 10 baravarigacha miqdorda bir martalik yordam pulini berishi lozim.

Sobiq mahkumga beriladigan mablag‘lar hujjatlarni tiklash, kiyim-kechak, oziq-ovqat, yo‘lda yurish kabi eng zarur harajatlar uchundir.

Bundan tashqari reabilitatsiya markazlari qamoqdan ozod etilganlarga maishiy turmushini yo‘lga qo‘yish va ishga joylashish masalalarini hal qilib berishi kerak.

Lekin, Ozodlikka bog‘langan sobiq mahkum reabilitatsiya markazlaridan hech qanday yordam bo‘lmayotganini aytadi.

- Jizzaxdagi markazdan ham, Toshkentdagisidan ham yordam bo‘lmadi. Keyin o‘zim oldin ishlagan Toshkentdagi to‘qimachilik kombinatiga ishga tiklashni so‘rab borsam “voy o‘tirib chiqqanmisiz”, deb ko‘zi qinidan chiqib ketay deydi. Yaqinlarim ham mendan o‘zini uzoqqa oladi. Qamoqda shuncha azob chekdim, ozodlikka chiqsam yana azob. Jizzaxdagi reabilitatsiya markazidagilar meni mazah qilishdan nariga o‘tishmaydi, - deydi sobiq mahbus.

Suhbatdosh 2015 yilda xotini bilan ajrashganidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 122-moddasi, ya’ni voyaga yetmagan farzandlariga ta’minot puli bermagani uchun ikki yil muddatga qamalgani va bir yarim yil davomida qamoqxonada boshdan kechirgan azob-uqubatlarni so‘zlab berdi.

- Dastlabki kunlari tovonga dubinka bilan uradi. Uni qamoqxona xodimlari qilmaydi, xodimlar o‘zimizga o‘xshagan mahkumlarga urdiradi. Ularga “dobro” berib qo‘ygan. Zonani tili bilan aytganda laxmachlar tinmay uradi, ohiri joningizdan o‘tib ketib, baqira boshlaganingizdan keyin to‘xtatadi. Yangi kelganlarni hammasini uradi, “lomka” deydi buni, ya’ni sindirish. Men ham shu “lomka”dan o‘tganman. Hech kimga shikoyat qilolmaysiz. Shikoyat qilsangiz, bo‘yningizga bitta narusheniyani iladi va yana bir ikki yil qo‘shib berishi mumkin. Bizni g‘isht zavodi, ohak zavodida ishlatishdi, o‘sha yerda master xodimlar bor, ular endi militsiya xodimlari asli, ishga yaramasingiz uradi. Ovqatni gapirmasa ham bo‘ladi. Mahbuslar ko‘ngilni aynitadigan ovqatni faqat o‘lib qolmaslik uchun tanavvul qiladi, Hullas zonadagi ko‘rgan-kechirganlarimni aytsam odam uyquda tursin ilon po‘st tashlab yuboradi, - deydi sobiq mahbus.

Sobiq mahbusning aytganlari yuzasidan Ozodlik Jizzax viloyati hokimligi huzuridagi Ijtimoiy reabilitatsiya markaziga qo‘ng‘iroq qildi. Lekin marakaz hodimi telefonda bu kabi masalalar yuzasidan javob berolmasligini, yozma murojaat qilish lozimligini aytdi.

Toshkentdagi Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhining rahbari Sur’at Ikromov O‘zbekistonda ozodlikka chiqqan sobiq mahbuslarni eng ko‘p qiynaydigan muammo ijtimoiy ko‘nikish ekanini tasdiqlaydi.

- Ya’ni ular qamoqdan chiqqandan so‘ng jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynaladi. Bizni tashkilotimizga bu borada juda ko‘p shikoyatlar tushgan. Afsuski hukumat qamoqdan chiqqan odamlarni ko‘pchiligini reabilitatsiya qilishni uddasidan chiqolmayapti. Holbuki uzoq vaqt qamoqda o‘tirib jamiyatimizga qaytgan har bir shaxs hukumatni e’tiborida bo‘lishi kerak, - deydi Sur’at Ikromov.

Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhi o‘tgan yil e’lon qilgan O‘zbekistondagi Inson huquqlariga doir hisobotida mahbuslar erkinlikka chiqqandan so‘ng ko‘p hollarda o‘z o‘rnini topa olmaydi va qaytadan jinoyatga qo‘l urishi ta’kidlangan edi.

XS
SM
MD
LG